Qatqorinning tiqilishi (Obstructio omasis) - qatqorin varaqlari orasiga tiqilib qolgan oziqa massasining qurishi va qotishi oqibatida paydo bo’ladigan kasallik.
Sabablari. Hayvonlarni uzoq muddat davomida juda maydalangan oziqalar (maydalangan somon, sholi qipig’i, paxta sheluxasi, unli oziqalar va b.) bilan boqish, faol harakatning yetishmasligi (gipodinamiya), tana haroratining yuqori bo’lishi bilan o’tadigan kasalliklar va surunkali ravishda kechadigan oshqozon oldi bo’limlarining gipotoniyasi ko’p hollarda qatqorinning qotishi bilan yakunlanadi.
Rivojlanishi. Oziqalar qatqorin varaqlari orasida zichlashib, quriqlashib boradi va qattiq konglomeratga aylanadi.
Baroreseptorlar qattiq qitiqlanadi. Katta qorin va to’rqorin devorining qisqarishlari sekinlashadi va butunlay to’xtaydi.
Qatqorin devorining qisqarishi va kavsh qaytarish butunlay yo’qoladi. Shirdon va ichaklar peristaltikasi susayadi.
Oshqozon oldi bo’limlarida oziqa massasining to’xtab qolishi tufayli chirish jarayonlari va organizmning zaharlanishi hamda hayvonning oriqlashi kuchayib boradi.
Belgilari. Qatqorinning to’lib qolishi va to’liq tiqilishi oshqozon oldi bo’limlarining atoniyasi, ishtaha va kavsh qaytarishning yo’qolishi, qatqorin sohasida peristaltik shovqinlarning eshitilmasligi bilan o’tadi.
Kasal hayvonda kuchli holsizlanish, inqillash, nafas va pulsning kuchayishi, qon bosimining pasayishi kuzatiladi. Tana harorati ko’tarilishi ham mumkin. Shirdon va ichaklar peristaltikasi sekinlashgan, tezaklash kamaygan va qatqorin sohasi chuqur perkussiyada og’riq reaksiyasini namoyon qiladigan bo’ladi.
Kuchli suvsizlanish belgilari (terining quruq bo’lishi, ko’z olmasining cho’kishi), qonda neytrofilli leykositoz, siydikda indikan va urobilin miqdorlarining ko’payishi qayd etiladi.
Tashhisi. Kasallik belgilari va anamnez ma’lumotlari e’tiborga olinadi.
Davolash. Qatqorin tiqilishiga sabab bo’lgan oziqalar yaxshi sifatli pichan va shirali oziqalar bilan almashtiriladi.
Hayvon bir sutka davomida och qoldiriladi va bu paytda suv berish chegaralanmaydi.
Katta qorin zond yordamida yuviladi, surgi tuzlari (300-500 g natriy sulfatni 10-12 l suvda eritgan holda) va o’simlik moylari ichiriladi. Oshqozon oldi bo’limlari devori motorikasini kuchaytirish maqsadida teri ostiga 0,001-0,002 g karboxolin yoki 0,05-0,2 g pilokarpin yuboriladi. 10-15 ml chemerisa nastoykasi 500 ml suv bilan aralashtirilgan holda ichiriladi. 5 - 10%-li natriy xlorid eritmasidan 200-300 ml (kofein natriy benzoat, glyukoza, askorbin kislotasi va siankobalamin aralashtirilgan holda) vena qon tomiriga yuboriladi.
Katta qorin va qatqorin sohasi chuqur uqalanadi va hayvon yurgizib turiladi. Kasallik og’ir kechgan paytlarda ruminotomiya o’tkaziladi va shlang yordamida suv yuborish orqali qatqorin varaqlarining orasi yuviladi.
Oldini olish. Hayvonlar tanasida mineral moddalar va vitaminlar yetishmovchiligiga yo’l qo’ymaslik choralari ko’riladi. Oziqa tayyorlash, ularni hayvonlarga berish hamda hayvonlarni yayratish qoidalariga rioya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |