Katta qorin asidozi (Acidosis ruminis) - katta qorin suyuqligi muhitining kislotalik tomonga o’zgarishi oqibatida paydo bo’ladigan kasallik. Ko’pincha sut kislotali asidoz kuzatiladi.
Sabablari. Hayvonlarga ko’p miqdorda suli, arpa, bug’doy, makka so’tasi, qand lavlagi, kartoshka, tarvuz va olma kabi shirali oziqalarning berilishi kasallikning asosiy sabablari hisoblanadi.
Rivojlanishi. Yuqorida ta’kidlangan oziqalar katta qoringa tushgach kraxmal va shakarning bakterial fermentlar ta’sirida bijg’ishidan ko’p miqdorda sut kislotasi va uchuvchi yog’ kislotalari (sirka, propion va moy) hosil bo’ladi. Qisqa vaqt ichida ko’p miqdorda hosil bo’lgan bunday maxsulotlar organizm tomonidan o’zlashtirilib ulgurmaydi. Natijada katta qorin massasi tez achiydi va undagi rN ko’rsatkichi 6,0 dan pasayadi, bu paytda qonning ishqoriy zahirasi ham kamayadi.
Oshqozon oldi bo’limlari motorikasi sekinlashadi va keyinchalik butunlay yo’qoladi. Infuzoriya va boshqa mikroorganizmlar soni keskin kamayadi, ularning fermentativ faolligi pasayadi.
Osmotik bosimning oshishi to’qimalar va qondan suyuqlikning katta qoringa tushish jarayonini kuchaytiradi. Suyuqliklar bilan qondagi va shuningdek, so’lak tarkibidagi ishqoriy valentliklarning ham tushishi ro’y beradi.
Sut kislotasi, gistamin, tiramin, seratonin va boshqalar katta qorin devorining shilliq pardasiga ta’sir etib, epiteliy to’qimasining o’limiga sabab bo’ladi. So’rg’ichlar bo’rtadi, gemorragiya va hatto nekrozga uchraydi. Kasallangan shilliq parda yuzasidan qonga so’rilgan toksinlar organizmning umumiy intoksikasiyasiga sabab bo’ladi. Gistamin va boshqa biogen aminlarning organizmda ko’p miqdorda to’planishi oqibatida o’tkir allergotoksikoz holati rivojlanadi.
Belgilari. Hayvon oziqa qabul qilishdan to’xtaydi, gipotoniya va keyinchalik atoniya kuzatiladi. Umumiy holsizlanish kuchayib boradi, gavda muskullarining qaltirashi kuzatiladi. Hayvon tez-tez va suyuq tezaklaydi.
Og’ir hollarda kasal hayvon boshini ko’kragiga qo’yib yotib qoladi. Nafas va pulsning kuchayishi va og’izdan so’lak oqishi kuzatiladi.
Tashhisi. Anamnez ma’lumotlari (ko’p miqdorda uglevodli oziqalar berilishi) e’tiborga olinadi.
Katta qorin suyuqligida rN ning 6,0 dan past bo’lishi asosiy tashhis mezoni bo’lib xizmat qiladi.
Davolash. Katta qorinni 1 %-li osh tuzi yoki 2 %-li natriy gidrokarbonat eritmalari bilan yuvish va 1-2 litr miqdorida sog’lom hayvon katta qorin suyuqligini ichirish yaxshi natija beradi.
Kasallikning boshlanishida kasal hayvonga 100-150 gr natriy gidrokarbonatni 500-1000 ml suvda eritgan holda ichirish patologik jarayonni to’xtatadi.
Spirtli-achitqili aralashma (200 ml) va sut (1-2 l) berish tavsiya etiladi.
Qonning osmotik bosimini ko’tarish maqsadida osh tuzining gipertonik eritmalari qo’llanadi.
Oldini olish. Hayvonga tarkibida ko’p miqdorda uglevodlar saqlovchi oziqalarning me’yoridan ortiqcha miqdorlarda berilishiga yo’l qo’ymaslik choralari ko’riladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |