Travmatik retikulit va retikuloperitonit (Reticulitis et reticulo - peritonitis traumatica) – to’rqorin devorining turli xildagi o’tkir metall jismlar bilan shikastlanishi oqibatida kelib chiqadigan kasallik.
Sabablari. Hayvonning oziqa bilan birgalikda o’tkir metal jismlarni yutib yuborishi kasallikning asosiy sababi hisoblanadi.
Moddalar almashinuvining buzilishlari oqibatida paydo bo’ladigan “lizuxa” holati kasallikning asosiy ikkilamchi sababi hisoblanadi.
Rivojlanishi. Yutib yuborilgan yot jismlar hayvonning oshqozon oldi bo’limlariga tushgach, to’rqorinda to’planib qoladi.
To’rqorinning shikastlanishi metal jismning o’tkirligi va joylashishiga bog’liq bo’ladi. Ba’zan yot jismlar to’rqorinning katakchalarida ushlanib qoladi va unchalik zarar yetkazmaydi. Ko’pincha yot jismlar to’rqorinning qisqarishi tufayli uning shilliq pardasiga sanchilib, uning devorini butunlay teshib o’tadi.
Yot jism bilan jarohatlangan a’zolarga mikrofloralarning o’tishi oqibatida yiringli-fibrinoz yoki yiringli-nekrotik yallig’lanish rivojlanadi. Jarohatlangan a’zolarning funksiyasi izdan chiqadi, mahsuldorlikning keskin pasayishi va ko’p hollarda o’lim kuzatiladi.
Belgilari. Oziqa bilan birgalikda yutib yuborilgan yot jismlar ko’pincha turqorin va ba’zan katta qorinda ushlanib qoladi. To’rqorinda ko’p miqdorda o’tmas yot jismlar to’planib qolganda to’rqorin devori aytarlik darajada jarohatlanmaydi va bu paytda faqat oshqozon oldi bo’limlarining surunkali gipotoniyasi rivojlanadi. Yot jismlar o’tkir bo’lsa to’rqorinning qisqarishi, qorin pressi va diafragmaning harakati tufayli to’rqorin shilliq pardasiga (devoriy retikulit), katakchalar devori varaqchalariga (varaqchalar retikuliti) sanchiladi yoki to’rqorin devorini butunlay teshib o’tadi (perforativ retikulit). Bunday hollarda kasallik o’tkir tus oladi va hayvonning tezda oriqlab ketishiga sabab bo’ladi.
Qatqorinning keyingi qisqarishlari tufayli yot jism atrofdagi a’zolarni jarohatlaydi va bu paytda diffuz yoki mahalliy tarzdagi retikuloperitonit rivojlanib, to’qimalarning qo’shilib o’sishi, abssesslar va a’zolar funksiyasining buzilishlariga sabab bo’ladi.
Yot jismning harakatlanishi va yallig’lanish jarayonlarining rivojlanishiga ko’ra, kasallikning retikuloperikardit, retikuloomazit, retikulosternit yoki retikulogepatit turlari rivojlanadi.
Yashirin retkulitlar hayvon bug’ozligining chuqurlashishi bilan yoki unga ko’p miqdorlardagi oziqalarning berilishi paytlarida klinik shaklga aylanishi mumkin. Qiyinchilik bilan amalga oshgan tug’ruq ham xuddi shunday holatga sabab bo’lishi mumkin.
To’rqorin va uning atrofida joylashgan a’zolarning yot jismlar bilan jarohatlanishi paytlarida ishtahaning pasayishi yoki yo’qolishi, gipotoniya va atoniya, davriy timpaniya, kavsh qaytarishning yo’qolishi kabi xarakterli klinik belgilar kuzatilishi mumkin. Kasal hayvon kam harakatchan bo’lib, ko’pincha bukchaygan holatda turadi. Bo’ynini oldinga cho’zib, oldingi oyoqlarini qorniga yaqinroq qo’yadi, tirsaklar tashqariga chiqib turadi. Hayvon yerga yotish paytida ayniqsa ko’krak qafasini avvaylaydi, o’rnidan turishda esa avval gavdaning old qismini ko’taradi (otlarga o’xshash). Gavda muskullari qaltiraydi. Bu vaqtda tana harorati ko’tariladi, yelka terisiga reflektor ta’sir ko’rsatish og’riqli bo’ladi. Puls va nafas tezlashadi. Qonda yadroning chapga siljishi bilan o’tadigan neytrofilli leykositoz kuzatiladi.
Yiringli-chirkin yallig’lanish rivojlanishi bilan qondagi globulinlar miqdori ko’payadi va oqsil koeffisiyenti pasayadi. Siydikda oqsil va indikan paydo bo’lib, uning zichligi ortadi.
Shilliq pardalarning ko’karishi, bo’yinturuq venasining ko’tarilishi, ko’krak va jag’ ostida shishlarning paydo bo’lishi travmatik perikardit rivojlanganligidan dalolat beradi.
Tashhisi. Anamnez ma’lumotlari va kasallik belgilari e’tiborga olinadi. Ishlab chiqarish sharoitida MZDK-2 rusumidagi metalloiskatellar va MD-05 rusumli metalodetektor hamda magnitli zondlardan foydalanish yaxshi natija beradi.
Davolash. Konservativ davolashning maqsadi patologik jarayonning tarqalishini chegaralash va keyinchalik esa buzilgan funksiyalarni tiklashga qaratiladi. Shu maqsadda kasal hayvon oldingi tomoni 20-30 sm baland qilingan polda, tinch holatda saqlanadi. 1-2 kun och qoldiriladi. Keyinchalik kam kamdan yengil hazmlanuvchi oziqalar, sabzi, atala va senaj beriladi. O’simlik moylaridan ichirib turiladi.
Vena qon tomiri orqali glyukoza va osh tuzining gipertonik eritmalari yuboriladi. 250-300 ml miqdorida 25%-li spirt ichiriladi.
Tana harorati ko’tarilganda va sepsis jarayonlarining rivojlanish xavfi tug’ilgan paytlarda qorin bo’shlig’iga 10 ml miqdoridagi 1-3%li novokain eritmalarida eritilgan holda penisillin va streptomisin (3 mln.TB dan) aralashmasi yuboriladi. Kuniga 1-2 martadan 5%-li norsulfazol eritmasi ( 500 ml gacha) yoki 2 %-li ftalazol eritmasi (20 g quruq modda hisobida) ichiriladi. To’rqoringa magnitli xalqa va zondlar (Mileksetyan va Korobov zondlari) yuboriladi. Kuchaytirilgan antibiotikoterapiya kursi belgilanadi.
Yuqorida ta’kidlab o’tilgan davolash muolajalari samara bermagan hollarda ruminotomiya o’tkazilib, to’rqorindagi sanchilgan yot jism olib tashlanadi.
Oldini olish. Oziqa tayyorlash, saqlash va ularni hayvonlarga tarqatishda ularning metall parchalari bilan ifloslanishiga yo’l qo’ymaslik choralari ko’riladi. Oziqa tayyorlash qurilmalari magnitli tutqichlar bilan jihozlanadi. Mahsuldor qoramollar oshqozoniga vaqti-vaqti bilan magnitli xalqachalar tashlab turish hamda ularning katta qornini magnitli zondlar yordamida tozalab turish choralari ko’riladi. Hayvonlarda modda almashinuvi buzilishlariga yo’l qo’ymaslik choralari ko’riladi.
Nazorat savollari: 1.Oshqozon oldi bo’limlari kasalliklarini zamonaviy davolash
usullarini izohlang?
2.Spirtli-achitqili aralashma qanday tayyorlanadi va ishlatiladi?
3.Oshqozonni yuvish texnikasini izohlang?