7-rasm.
Turli konstruksiyadagi xatkashlar.
Mikrometrdan duradgorlik buyumlari detallari (tirnoqlar, zo’g’otalar va b.), arra, pichoq polotnolari va hokazolarni aniq o’lchash uchun foydalaniladi. Tashqi o’lchashlar uchun ko’pincha MK turidagi silliq mikrometrlar ishlatiladi.
Kalibrlar, skobalar yordamida detal xamda buyumlarning geometrik o’lchamlari
tekshiriladi.
2.2. Rejalash ishlarida qo’llaniladigan rejalash asboblari
Rejalash dastgoh yoki stolda bajariladi. Material yuzasiga reja chiziqlari
qalam yoki bigiz bilan chiziladi.
Chizg’ich yordamida to’g’ri chiziq chizish uchun materialda avval talab etiladigan oraliq qirrasidan boshlab o’lchab qo’yiladi va nuqtalar tushirilib, ular orqali chiziq tortiladi. Keyin duradgorlik qalami yoki bigiz bilan ana shu nuqtalar orqali ingichka chiziq tortiladi. Duradgorlar qalamining uchi yupqa va o’tkir kurakcha shaklida charxlanadi. Duradgorlar qalami bo’lmasa, T yoki TM markali chizmachilik qalamlaridan foydalaniladi. Bigizning uchi o’tkir va ingichka bo’lmog’i kerak. Randalangan yuzani bigiz bilan rejalagan ma’qul, chunki u ingichka iz qoldiradi.
Burchak ostidagi chiziqlarni tekshirish va rejalash uchun yerunok asosi-kundasi bilan rejalanadigan taxtaning qirrasiga mahkam bosiladi va keyin kerakli burchak
ostida chiziq tortiladi. Taxtaning qirrasi tekis bo’lmog’i lozim, aks holda rejalash aniq chiqmaydi
Xatkash bilan chiziqlar quyidagicha tushiriladi: uning taxtasidan o’tkir mixli
tayoqchasi surib chiqariladi va kerakli vaziyatda o’rnatiladi, bunda tayoqcha reja chiziq tushiradigan ip mixidan xatkash taxtasigacha bo’lgan oraliq chiziqdan taxta qirrasigacha bo’lgan oraliqqa teng bo’lishi lozim. Chiziqlar tekis va ingichka chiqishi uchun xatkash taxtasi detal qirrasiga mahkam qisiladi va u bo’ylab bir tekis, ravon hamda qiyshaytirmasdan siljitiladi. Xatkashni o’zimizdan nariga
surilsa, chizish osonlashadi. Agar xatkash mahkam qisilmasa va qiyshaytirib ushlansa, chiziq egri-bugri, notekis va taxta qirrasiga noparallel chiziladi. Aniq chiziq tushirish uchun xatkashning mixi egov bilan o’tkirlab turiladi (8-rasm).
8-rasm.
Xatkash yordamida rejalash.
Oddiy xatkash yordamida taxta qirrasidan ko’pi bilai 100-150 mm oraliqda chiziq tushirish mumkin bo’lgani bois bundan kattaroq oraliqda chiziq chizish uchun shchit xatkashidan foydalaniladi. Bunday xatkash bilan chiziqlar oddiy xatkash kabi tushiriladi.
Reja tortkich (otvolok) bilan chiziq tushirish uchun taxtani ishlov berilgan qirrasi bilan chiziq tushiriladigan taxtaning qirrasiga qo’yish kerak; taxtalar orasida tirqish qoldirilib unga reja tortkich kirgiziladi. Reja tortkichni tirqish bo’ylab siljitib
mixning uchi bilan chiziq chiziladi.
Dumaloq jismning tashqi diametri quyidagicha o’lchanadi: kronsirkulning oyoqchalarini o’lchanadigan narsaning diametridan birmuncha kichikroq qilib
keriladi shundan so’ng boyagi narsani oyoqchalar orasiga shunday kirgizish kerakki, oyoqchalar ochilganda narsaga zich tegib turadigan bo’lsin. So’ng kronsirkulni siljitmasdan ehtiyotlik bilan narsadan ajratib olinadi. Oyoqchalar oralig’i dumaloq jismning diametriga teng bo’ladi.
Skoba yordamida tirnoq va zo’g’otalar o’rni belgilanadi (rejalanadi). Tirnoq va
zo’g’otaning har bir o’lchamiga alohida skoba bo’lmog’i zarur. Rejalash paytida skobani rejalanayotgan taxtaning yuzasiga mahkam bosiladi va u bo’ylab bir tekis
siljitiladi, shunda skobadagi mixlarning o’tkir uchlari taxtada parallel chiziqlar
ko’rinishida iz qoldiradi. Ishni boshlashdan oldin rejalanadigan taxtaga skoba bilan rejalash boshlanadigan chiziq tushiriladi.
Uzun taxta va boshqa detallarga chiziq bo’r yoki nam (yumshoq) ko’mir bo’lagi yoki ishqalangan ip bilan quyidagicha tushiriladi: taxtaning bir uchi qirrasidan kerakli oraliqda kertik qilinadi, ipning uchi ana shu kertikka kirgizib qo’yiladi,
keyin unga bo’r yoki ko’mir ishqalanadi, ipning boshqa uchini chap qo’l bilan qirradan o’sha oraliqda tarang ushlab, taxtaga bosiladi, keyin ipni o’ng qo’l bilan bir oz ko’tarib, qo’yib yuboriladi. Ip taxtaga urilganda unda chiziq paydo bo’ladi.
Bu usul bilan chiziq xomaki ishlov berishda tushiriladi; aniqroq ishlov berish uchun chiziq chizg’ich yoki andoza yordamida tushiriladi.
Rejalash andozalarining o’lchamlari, shakli va konstruksiyasi har xil bo’ladi. Andozalar tunuka, faner, qattiq yog’och tolali plitalardan tayyorlanadi. Andoza ishlov beriladigan taxta, brusok, zagotovka ustiga qo’yilib, qalam yoki bigiz bilan atrofi chizib chiqiladi. Andozalardan foydalanilganda rejalash vaqti qisqaradi, osonlashadi, aniqroq chiqadi.
Duradgorlik ishlaridagi asosiy jarayonlar yog’ochga ishlov berishdir. Yog’ochga ishlov berishning ikki asosiy usuli qo’llaniladi. Birinchi usulda yog’och material tolalari kesib ishlov berilishi bo’lib unda yo’nish, arralash, randalash, frezalash, teshik o’yish va parmalash ishlari bajariladi. Ikkinchi usulda yog’och material tolalari butunligicha qoladigan qoladigan holatda bo’lib, egish va presslash ishlari bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |