1-mavzu XVII-XIX asrning birinchi yarmi adabiyoti. Abulg'ozi bahodirxon reja



Download 0.73 Mb.
bet2/12
Sana18.01.2017
Hajmi0.73 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12

2-mavzu

Turdi Farog'iy

REJA:


  1. Shoir yashagan adabiy muhit

  2. Turdi g’azallari haqida

  3. Uning ijodida hajviyot


Hayoti va ijodi. Turdi Farog'iy Buxoro adabiy muhitining yirik namoyandalaridan biridir. Turdining tarjimai holiga oid ma'lumot juda kam. U XVII asrda yashab, taxminan 1699 yoki 1700-yilda vafot etgan. Shoirning umri ashtarxoniylar sulolasidan 1640-yili Buxoro taxtiga o'tirgan Nodir Muhammadxon, 1645-yili xon etib ko'tarilgan Abdulazizhon, 1680-yili hokimiyatni qo'lga kiritgan Subhonqulixon saltanati davrida kechgan. Turdi yashagan asrda Markaziy Osiyo uch xonlikka bo'lingan, xonlar, beklar, ota-o'g'ilu og'a-inilar orasidagi ichki nizolar avjiga mingan, mamlakat va millat parokandalik hamda inqirozga yuz tutgan edi. Turdining hayoti va ijodi ana shunday jangu jadallar jarayonida, ijtimoiy-madaniy muhitning tushkun bir pallasida o'tgan.

Nodir Muhammad Xorazm istilosiga kirishgan paytda, o'zining ilavlati sarhadlaridagi Yuz urug'i vakillari Boqibiy boshchiligida Xo'jandda isyon ko'tardilar. Nodir Muhammad isyonni bostirish uchun to'ng'ich o'g'li Abdulazizni yubordi. Boqibiy va boshqa Yuz Urug'i a'yonlari Xo'jandga kelgan Abdulaziz bilan til topishib, uni podshoh etib ko'tardilar. Abdulazizxon Yuz isyonchilari ishtirokida otasiga qarshi yurish qildi va Buxoro taxtini zabt etdi. O'sha yillari Turdi Yuz urug'ining nufuzli namoyandalaridan edi. Abdulazizning shaxsiyati hamda uning saltanatni egallashi Turdida katta umidvorlik uyg'otdi. G'alabadan ruhlangan shoir o'zi orzu qilgan davlat boshlig'i fazilatlarini Abdulaziz sha'niga shoyon bitadi:

Shoh Abdulaziza bo'ldi jahonbonlig' xatm,

Ahdi shohanshahiyu fursati xoqonlig' xatm,

Shar'i insofu karampeshalig'u xonlig' xatm,

Rasmi dodu ravishoyini musulmonlig' xatm,

Yaxshi ot yetti alam arsayi davri ofoq.
Turdi orzulagan «jahonbonlig'», «insofu karampeshalig'», “rasmi dodu ravishoyini musulmonlig'” fazilatlari Abdulaziz siymosi va faoliyatidan ayon bo'la qolmaydi. Aksincha, shajaraviy kurash keskinlashadi, mulku millat daraxti ichidan chiriy boshlaydi. Avvaliga, Subhonqulixon otasi Nodir Muhammadxon bilan birga akasi Abdulazizxonga qarshi jang qiladi. Orada Subhonqulixon akasi Qutlug' sultonni qatl etadi va ota-o'g'il ittifoqidan putur ketadi. Keyin Abdulazizxon va Subhonqulixon ittifoq tuzib, otaga qarshi kurashadilar. O'g'illari dastidan Eronga jo'nab, bir qadar kuchlanib, Balxni egallagan Nodir Muhammad baribir farzandlari zabtiga bas kelolmay, taxtu baxtga etak silkib, Makkayi mukarramaga qochib qutuladi. Endi Abdulaziz bilan Subhonquli bir saltanat sarhadiga sig'may qoladi. Subhonquli xonadonining eng yaxshi farzandi, o'n ming misrali she'riyatidan «Devon» tuzgan jiyani Qosim Sultonni qatl eltiradi. Subhonquli Balxda o'ttiz yildan ortiq hukmronlik qiladi. Bu yillar mobaynida u doimo Buxoroni akasi bilan talashib-tortishadi. Xiva xonlari va Balx o'rtasida ham doimo qirg'inbarot unishlar bo'lib turadi. 1680-yili Abdulazizxon saltanatidan umidini uzadi, tarki diyor etib, Madinayi munavvaraga jo'naydi. Shundan keyin ham Subhonqulixon Buxoro va Balxda yana yigirma to'rt yil hukm suradi.

Turdining murakkab hayoti va ijodi sahifalarini mana shunday mojarolar dog'lab o'ldi. U Rahimbiy va Oqbo'tabiy kabi hukmdorlarni ham ko'rdi. Ulardan ham o'ziga, yurtiga, millatiga najot istab, osoyishtalik, adolat, fuqaroparvarlik, himmat, saxovat so'radi. Ammo sarson-sargardonlikdan o'zga farog'at ko'rmadi, armondayu darmonda ketdi.

Shoirning she'riyati yalpisiga isyonkor ijtimoiy ruh kasb etishiga uning davroni sabab bo'ldi. She'riyatining norozilik nidolari, afsus- nadomatlar, qaqshatqich hajvu fosh etish uslubi bilan yo'g'rilishiga uning alamzadaligi va armoni sabab bo'ldi. Shoirning amalda janggohga aylangan jamiyatda ko'rgan-kechirganlarining bari she'rlarida timsoliy tarzda muhrlandi. Uning hayoti haqida ma'lumot saqlanmagan bo'lsa-da, she'rlari mutolaasidan shoir siymosi va hasbi holi xususida yetarli tasavvur hosil qilish mumkin.

Xush zamonlar Yuz qazoni boshida

sarxush edim,

Bu zamon yuvg'an qazon ostida qolg'an

yundiman.

Baxt kulib boqqan kunlarda Turdi Yuz urug'ining eng obro'li odami edi. Uning hukmi hayallamay hayotga joriy bo'lardi. So'zlagan so'zini shohu fuqaro qabul qilib, doimiy yo'ldosh va ziynat bo'lguvchi tilla zirakdek qadrlab, quloqlariga qo'rg'oshinday quyib olardi. Donishmand bu zot davlat rahbarlari va dunyodorlar bilan yoru do'st, hamsuhbatu hamkor edi. Umrining xushbaxt fasllari tanta-navor, to'kin, sho'x-shan bazmlar to'rida, yemish va ichkilik lazzatlaridan sarmastlikda o'tgan. Farahli zamonlarda Turdining o'rni Yuz urug'i qozonining boshida bo'lgan. Unga qozondagi taomning eng shirin yeri nasib etardi. Turdining rahnamoligisiz Yuz urug'ining qozoni qaynamas edi. Endi esa bu qozon quridi. Turdi bo'sh qozon tagida qolgan yuvindidek qadrsizlik chohiga tushdi. Bu o'rindagi qozon ramziy ma'nodadir. Shoiru donishu davronning tushkun taqdiri o'sha Yuz elati inqirozini aks ettiradi.

Qismatning jabru jafo, azobu uqubatlari kibor bir davlat arbobini tavbasiga tayangan, taqdiriga tan bergan faqiru haqir holiga keltiradi:
Man kimam? Gumnomu nokomu jahon ovoraye,

Diyda namnoku giribon choku bag'ri poraye,

Noqabuli marhamu nosur, bitmas yoraye,

Bekase, mushti xase, bir bandayi bechoraye,

Sobiram, rozi qazo, tiri balog'a ko'ndiman.
Suvsanib yelib-yugurgan shoir sarobga yo'liqadi va o'zini benomu nishon, maqsad-muddaosiga erishmagan, jahon ovora, ko'zlari giryon, yurak-bag'ri jarohatli holatda ko'radi. Uning ruhi ravoni xastahol, dil yaralariga malham topilrnas, topilsa-da ta'sir etmas, ko'ngli noshod ahvolda edi. Lirik qahramon kimsasiz, xasday xokisor, chorasiz bir banda ekanligini ta'kidlaydi. U sabru bardosh kasb etadi, o'zini balo o'qlariga nishon deb biladi, taq- dirning eng so'nggi hukmiga rizolik izhor etadi.

Muxammasning so'nggi bandi Turdining ijtimoiy mavqei, shaxsiy qismati haqidagi yakunlovchi ma'lumot — umumlashmani mujassamlashtirgan:



Yuz farozidin ozib, tushdum nishebi qirqqa,

Xavfu biymu vahm arosinda qaribi qirqqa.

Dona deb pobast o'lub, domi firebi qirqqa,

Voy, yuz ming voy, yuz bo'ldum g'aribi qirqqa. Hokimi Dizzax mute'i, payravi jurqundiman.

Bu o'rinda gap Turdi asarlarining badiiyati haqida bormayotgan bo'lsa-da, ta'kidlash zarurki, shoir radif uchun «qirq» so'zini ko'zlagan mazmuniga juda muvofiq tarzda tanlagan. Turkiy urug' nomlarini ifodalovchi raqamlar o'sha urug' mavqeini ham belgilagan, albatta. Birinchi misrada shoir Yuz yuksakligidan Qirqning quyiligiga tushib qoldim, degan timsoliy ma'noni bayon etadi. Bu Yuz urug'iga mansub Turdi Qirq urug'ining oldida past tushgani, unga tobe boiib qolganini ham bildiradi. Ikkinchi misra shoir xavf, qo'rquv, vahima va tahlikali holga qirq yosh tevaragida tushganidan darak beradi. Shu o'rinda «qirq» muxammas yozilgan yoshga ham ishora etadi. Uchinchi misrada shoir o'zini don ilinjida qirqoyoqqa o'xshagan tuzoqqa ilingan qushga qiyoslaydi. To'rtinchi misrada shoir qirq yoshda yuz yil yashagan choldek qartayib qoldim, deya nido chekadi. So'zni Turdi Jizzax hokimi — bir jurqundiga mute va payrav bo'lib qolganidan o'ksinish bilan saranjomlaydi.

Demak, mazkur muxammas shoir hayotiy sarguzashtlarini badiiy aks ettirish bilan nodir va qimmatli asardir. Turdi tarjimai holini o'rganishni mana shu asarning mufassal tahlili asosiga qurish katta ilmiy, ma'rifiy, tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

Turdi lirikasi. Turdi ijodiy qiyofasi va adabiy merosining uslubiga ko'ra, lirik shoirdir. Lekin uning bisotida sof lirik she'r kam uchraydi. Ammo bu dalil Turdi lirik salohiyatini kamsitishga asos bo'lolmaydi. Turdi yaratgan go'zal lirik she'rlar bizga yetib kelmagan bo'lishi mumkin. Shoirning birgina baytiyoq uning lirik mahoratini namoyish eta oladi:

Har qandag'ami do'st dili porani istar,

To subh yaqo yirtmadi — mehr o'lmadi paydo.
Naqadar hayotiy, falsafiy, badiiy ma'no bor bu baytda. Do'st g'ami, muhabbati dili pora — darz ketgan, jarohatlangan, parchalangan yurakni taqozo etadi. Chunki yurakning bir parchasini do'stga berish, uning mehrini yurak chokiga joylash shart. Bu misrani sadoqatli do'st topish yurakni qon etish bilan barobar degan ma'noda tushunish ham mumkin, do'st tutishni istagan kishi yurakni keng ochishi lozim, deb talqin etsa ham bo'ladi.

Ushbu ko'p ma'noli misrani shoir badiiy asoslash uchun tabiatdan tamsil keltiradi. Ma'lumki, tongda osmonning bir cheti yorishib, oftob chiqadi. Shu holatni shoir to tong yoqa yirtmagunicha, quyosh chiqmaydi, shuningdek, do'st muhabbatiga o'rin berish uchun yurakni «yorish» talab etiladi, deya badiiylashtiradi.

Turdi she'riyatida insoniy kechinmalar ijtimoiy hodisa va muammolar talqini bilan uyg'un yo'g'rilgan holatda mujassamlashgan. She'riyatning asl vazifasi jamiyatni badiiy inkishof etish emas, albatta. Biroq, Turdi ijodiy faoliyati keskin ijtimoiy qarama-qarshilik va kurashlar girdobida kechdi. Bu shoirning badiiy olamida o'z asoratini qoldirdi. Badiiyatga ijtimoiy muammolar nuqtai nazaridan yondashish, she'riyatida ijtimoiy ruhning ustuvorligi Turdi achchiq qismatining bir qirrasidir. Ehtimolki, ixtilofsiz, osoyishta bir zamon va makonda yashaganida, Turdidan bizga dilbar she'riyat meros qolardi. Turdining ijtimoiy lirikasi Vatan va millat qayg'usi bilan qorishgan. Vatan saodati, millatning birligi va butunligi Turdining orzu- armoni edi. Turdi ijodiyoti milliy mustaqillik uchun kurash tarixining badiiy sahifalarini tashkil etadi. Ushbu mumtoz nazm durdonalari istiqlolga erishgan O'zbekiston xalqining mustaqillik mafkurasi oziqlanadigan teran tomirlardandir.

Bizgacha Turdi ijodiyotidan 434 misradan iborat jami 18 she'r yetib kelgan. Ushbu merosning tarkibi 5 muxammas, 12 g'azal, 1 farddan iboratdir. Demak, Turdi she'riyatining mavzu doirasi singari, turlari ham cheklangan. Turdi zullisonayn shoir bo'lgan. Uning 434 misra she'ridan 397 misrasi o'zbekcha, 37 misrasi tojikcha bitilgan.

Turdi Farog'iyning dunyoqarashi, she'riyatining g'oyaviy-badiiy salmog'ini quyidagi g'azal va muxammaslari tahlilida ko'rsatishga harakat qilamiz.

Bu mulk” Turdi ijodiyotida Vatan va millat qismati eng asosiy mavzulardan biridir. Shoirning otashin asarlari ana shu mavzu tadqiqidan yuzaga kelgan. Uning «Bu mulk» radifli g'azali Vatan va millat uchun shoir o'rtanishlarining bir yolqinidir. Ushbu g'azal Subhonqulixon saltanati davrida elu yurt ahvolining ne ko'ylarga tushib qolganidan kuyinib yozilgan:



Bir sari azm ayla, joyi nomusulmondur

bu mulk,

Fitnayi avboshu zulmu kufru tug'yondur

bu mulk.

Turdi talqinicha, mustabid hukmdor qo'l ostida mulku millat shu darajaga yetganki, unda oliy insoniy orzu va fazilatlar bilan yashash imkoni qolmagan. Mamlakatda bebosh, daydi, sayoq, bezori kishilar fitnasi avj olgan, zulm zo'raygan va kufr, ya'ni g'ayriislomiy faoliyat tug'yon urgan. Oqibatda, mamlakat nomusulmonlik maskaniga aylangan. Turdidek ko'plab imonli insonlar bunday mamlakatda jon saqlashdan ko'ra, tarkidiyor etishni ma'qul ko'rganlar. Yuqoridagi matla' fuqaroning ana shunday kayfiyati badiiy aksidir.

«Bu mulk» — keskin tanqidiy ruhdagi asar. U davrning hayotiy haqiqatini tanqidiy nuqtai nazardan aks ettiradi. Shoirning Vatan haqidagi faxriya asarlaridagi har bir misra va baytlar mulku millatning biror fazilatini ulug'lashga bag'ishlangan bo'lsa, ushbu g'azal foje illatlarni izchil fosh etishga qaratilgan:

Bir kalima hurmatidin lek islom oti bor, Mutlaqo kirdori xayli kofiristondur bu mulk.

Turdi zamonasida ulus e'tiqodi va davlat rusumlari islomga tayangan edi. Biroq, Turdining tanqidiy fikriga ko'ra, ulus e'tiqod inqirozi sababli nomigagina islom mamlakati bo'lib turgandi. Birgina «islom» kalimasi hurmati mamlakatga tayanch bo'lib turardi, xolos. Ammo, aslida, davlat ishlari kofirlar to'dasining qilmishlariga o'xshab qolgan edi.

G'azalda o'zbek ulusi fe'lidagi ayrim qusurlar xolis jonkuyarlik bilan oshkor etilganki, bu istiqlol va istiqbol uchun ham saboq bo'larlidir:

Durahdu, tangchashmu besaru ya'jujvaz', Muxtalifmazhab, guruhi o'zbekistondur

bu mulk.

Tanqid qilinayotgan insoniy kamchiliklar bugungi butun o'zbek xalqining umumlashma sifatlari emas, albatta. Odamlar orasida vatanimiz O'zbekistonning nomini birinchi bo'lib Turdi qo'llagan, degan yanglish tushuncha bor. Agar g'azal faxriya bo'lganida, «O'zbekistondur bu mulk» iborasi, shubhasiz, juda mag'rur jaranglagan bo'lardi. Afsuski, g'azal taassufnoma ruhida bitilgan. Bundan tashqari, «O'zbekiston» bu o'rinda bugungi shakllangan o'zbek millati vatanini emas, balki XVII asrdagi turkiy xalqlarning o'zbek urug'ini anglatadi. Binobarin, Turdi mana shu o'zbek urug'i tabiatidagi ba'zi qusurlarni qoralagan. Turdi davri o'zbeklar qavmi fe'lidagi mazkur illatlar batamom barham topmagan, ularning urug' belgilari bugungi hur o'zbek qonida ham ma'lum darajada saqlanganki, bu hamisha mulku millat ravnaqiga ozgina bo'lsa-da, to'siq solib turadi. Shuning uchun ham ulardan Turdi avlodlari ogoh bo'lmoqlari kerak: durahd — o'z ahdidan uzoq bo'lish, ahdiga vafo qilmaslik; tangchashm — ko'zi tor, xasis, qitmir bo'lish; besar— boshsiz, bebosh bo'lish; ya'jujvaz' — ya'juj ko'rinishli, ya'ni afsonaviy yovuz, yirtqich maxluq singari bo'lish; muxtalifmazhab — mazhabi, ya'ni yo'li, ta'limoti kelishmovchilik, qarama-qarshilik, janjaldan iborat bo'lishi. Mana shu manfiy sifatlar Turdi davri o'zbek ulusidan insofu diyonatni, xayru barakani ko'tardi, elni parokandalikka giriftor etdi.

Shoir zamonasida oddiy fuqaro, ayniqsa, haqgo'y va xalqchil ijodkorning taqdiri ayanchli edi:



Naqdi jon bersang, topilmas, istasang, bir dona aysh, Mehnatu anduhdan so'rsang, farovondur bu mulk.

Nasibasi mehnatu anduhdan iborat ijodkordan anduhgin she'rlar meros qolganligi tabiiydir.

Raiyatu mamlakat ma'murchiligi sultonning siyosatiga munosib edi. Turdi talqinicha, Subhonqulixon saltanatidan rohat-farog'at istash, islomu musulmonchilik barqarorligini kutish, sarobga umid bog'lashdek gap edi:

Joyi islomu musulmonlig', Farog'iy,istama,

Poytaxti kishvari Subhonqulixondur bu mulk.

Mulku millat taqdiridan taassuf tortib yozilgan bu g'azal o'zining ixcham shakli, nihoyatda aniq va mag'zi to'q ifodalari bilan go'zaldir. Unda birorta ortiqcha so'z yo tagzamini bo'sh misra yoxud tahlil doirasiga tortmaslik mumkin bo'lgan bayt yo'q. G'azal asr haqiqatini yoritishi, dardchil va xalqchil ruhi bilan mustaqil O'zbekiston avlodlari uchun qimmatlidir.



«Kenglik qiling» O'zbek millatining bugungi kamoloti, Vatanning uzil-kesil istiqloli Turdi Farog'iyning ezgu orzu-armonlaridan edi. O'zbek urug'larining tarixiy tarqoqligi, milliy kuchlarning parokandaligi shoirni qattiq qayg'uga solardi. Bu qayg'u qatralari uning she'riyati qatlariga qattiq o'rnashgan. Shoirning bir necha she'ri mazkur mavzu tevaragida jipslashadi va bir-birini to'ldirib, muallifning yaxlit nuqtai nazarini ifodalab turadi. «Tor ko'ngullik beklar...» ana shunday she'rlar turkumidandir. Turdi vatanparvarlik ruhidagi asarlarida vatandoshlarini goh tanqid, goh tanbeh, goh nasihat, goh hajv yo'li bilan ijtimoiy-milliy birlik va totuvlikka da'vat etadi. Yuqori ijtimoiy mavqeda turgan oqsoqol adibgina ulusning katta-kichigiga quyidagicha yuzma-yuz murojaat etishi mumkin:

Tor ko'ngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling,

To'qson ikki bovli o'zbek yurtidur,

tenglik qiling.

Badavlat va sarmoyador beklar orasidagi raqobat, ixtilof, nifoq, shaxsiyatparastlik, xudkomalik asrlar mobaynida milliy muhitning osoyishtaligi hamda totuvligiga raxna solib kelgan. Xalqda «Keng fe'l, ketmas davlat bersin» degan duo bor. Shoir ham tor ko'ngillik beklarni keng fe'l bo'lishga da'vat etadi. Haqiqatan, keng fe'llik bo'lsa, ketmas davlat o'z-o'zidan keladi. Shoir o'zbek yurtining bir-biriga qarindosh bo'lmish to'qson ikki urug'ini tenglikka chaqiradi. Shoir nazdida, to'qson ikki o'zbek urug'ining barini barobar ko'rish, ularning birortasini ajratmay, bag'rikenglik bilan teng tutish katta davlat garovidir.

Ayirmachilik, mayda mahalliychilik ofati tarixning talay sinovlarida o'zbek xalqiga pand bergan. Xalq tarixining bunday foje sahifalaridan xabardor Turdi jigarso'zlik bilan ahillikdan saboq beradi:

Birni qipchoqu, xitoyu, birni yuz,

` nayman demang,

Qirqu yuz, ming son bo'lib, bir xon

oyinlik qiling.

Turdining ushbu pandi hozir ham o'z qadr-qimmati, o'rni va kuchini saqlab qolmoqda. Negaki, biz o'zbeklar, inshoollo, yagona istiqlol bayrog'i ostida birlashdik, xalqimiz asriy orzusiga erishdi.



Birlikda hikmat ko'pligi uchun shoir uni g'azalning markaziy g'oyasiga aylantiradi. Ushbu g'oyani mustahkamlash va asoslash uchun yana bir bayt bitadi:

Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir

to'ng'a kirib,

Bir o'ngurlik, bir tirizlik, bir

yaqo-yenglik qiling.

Turdi — fikriy she'riyat ijodkori. Shoir turli tasvir vositalarini qo'llash, san'atparastlik qilishdan ko'ra, she'ridagi g'oyaviy salmoqdorlikka ko'proq e'tibor bergan. Lekin mazkur bayt, asosan, g'oya ifodaviyligiga xizmat qilib turibdi. Shoir badiiy g'oyaning xalqchilligini ta'minlash uchun fikrga muvofiq xalqona ifodalar izlagan. Xalq og'zaki ijodiyotidan baytda bir yo'la birlikni anglatuvchi besh iborani tanlab qo'llagan.

Ular quyidagilar 1. «Bir yoqadan bosh chiqarmoq». Bu — besh iboraning eng mashhuri, U hozirgi nutqimizda ham keng qo'llanadi. 2. «Barcha bir to'nga kirmoq». Bu ham fikran, ruhan, maslakan birlashishni o'ng'ay ifodalay oladigan nisbatan mashhur iboralardan. 3. «Bir o'ngurlik» «o'ngur» so'zi hoziigi tilimizda, ba'zi shevalarda «etak» ma'nosini anglatadi. Xalqda yaxlitlikni ifodalovchi «bir etak» iborasi ham bor. Demak, «bir o'ngurlik» ham milliy birlikning o'ziga xos ifodasidir. 4. «Bir tirizlik». «Tiriz» — shevalardagi to'nning astarini anglatuvchi so'z bo'lib, u ham asosiy maqsadni ifodalashga xizmat qilgan. Keyingi bu ikki ibora, albatta, juda kam qo'llangan. Shuning uchun shoir ularni mashhur iboralarga chirmab bergan. 5. «Bir yaqo-yenglik qilmoq». Bu ibora xalq tilida ancha keng qo'llanib, u insonlarning biri yoqa, biri yeng bo'lib, bamisoli bir to'ndek birlik hosil qilishini anglatadi. «Barcha bir to'ng'a kirib» va «bir yaqo-yenglik qiling» iboralarining bir o'rinda — misralar oxirida kelishi, ostin-ustun joylashtirilishi ham ular o'rtasidagi mantiqiy aloqadorlikni, o'zaro bir-birini sharhlayajagini ko'zlab yaratilgan badiiy qurilmadir. Milliy birlik g'oyasini ilgari surgan ikki markaziy baytda «bir» so'zining sakkiz o'rinda qo'llanishi ham tasodifiy emas. Bu o'ziga xos lafziy-ma'naviy ta'kid usulidir. Shoirning mahorati shundaki, u urug'larning raqamlar bilan belgilangan nomlaridan ham so'z o'yini yaratib, g'oyaviy muddao ifodasiga yo'l topadi: «Qirqu yuz, ming son bo'lub, bir xon oyinlik qiling*. Asosiy g'oyaga shunday qo'shimcha ma'no yuklanadiki, urug'lar birlashsa, ularning nomlarini bildiruvchi raqamlar qo'shilsa, miqdor jihatidan ham katta kuch hosil bo'ladi-ku.

O'z bekligi mulkiga qanoat qilmay, hududini imkon qadar kengaytirishga, bir necha beklikni ishg'ol etishga ishqivozlik «tor ko'ngullik beklar»ning badnafslik illati edi. Turdi bunday tamoyilni keskin qoralaydi va beklarni bu yo'ldan qaytishga chorlaydi

Kim qo'yubdur uhdayi o'z mulkingizdin chiqmayin,

Ikki, uch, to'rt da'visin etmakni, ko'tahlik qiling.
O'zgalar mulkiga hirsu havas bog'lash, ko'z olaytirishdan ko'ra, avvalo, o'z bekligini uddalab obod etish g'oyasini ilgari surib, shoir beklardan istilochilik yo'lidan qaytishni talab etadi. Bu ham milliy birlik, osoyishtalik, totuvlikni ta'minlovchi omillardan biri edi.

Turdi mardu maydon beklar yo'qligi ham milliy muvaffaqiyatsizlik sabablaridan biri ekanligini teran his etgan. Shoir g'azalning so'nggi baytida xalqaro maydonda milliy manfaatlar uchun kurashmay, o'z qobig'iga o'ralib, maishatparastlik bilan mashg'ul bo'lgan beklarni ayovsiz tanqid tig'i bilan hajv etadi:

Mardlar maydon chekib, rangin ko'torib zaxmlar, Sizga yo'q ul javhare, yuzga upo-englik qiling.

Turdi nazdida mard insonlar o'z maishiy turmushlari, shaxsiy yutuqlari bilan ovunibgina o'tirmaydilar. Ular xalq, Vatan, millat muddaolari uchun katta janggohlarda javlon uradilar. Ular ranglarini kurash zahmatlari olishidan qo'rqmaydilar. Chunki yuraklaridagi mardlik javhari mangu barhayot. Turdi tor ko'ngillik beklarda ayni shu mardlik javhari yetishmasligini ro'y-rost fosh etadi. Xalqning «Do'st achitib aytadi» maqoli mumtoz iidiblarimiz orasida ko'proq Turdiga xosdir. Shoir mardlik javharidan mahrum beklarga ayollar singari yuzlariga upa-elik surib yurishlarini buyuradi. Turdidagi bunday qahri qattiqlik ona xalqiga bo'lgan mehri kuchliligi nishonasidir.

Xullas, «Tor ko'ngullik beklar...* milliy o'zlikni anglash, qadriyatlarni qat'iy himoya qilish ruhida yaratilgan mumtoz asardir.

Beklar faoliyatini fosh etish Subhonqulixon hajviga bag'ishlangan muxammasning avj pardasida yana yangilanadi. Turdi «Tor ko'ngullik beklar...» g'azalida qanday shashtu shiddat bilan keskin murojaat etgan bo'lsa, ushbu muxammasda ham xuddi shu ruhda davom etadi:

Ey yuzi qora, ko'zi ko'r, qulog'i kar beklar,

Bilingiz bu so'zimi pand sarosar, beklar,

Aylangiz payravi shar'i payambar, beklar,

Sizga darkor bu yurt, ey gala zang'ar beklar,

Bu qadim naql erur: «E1 rabotu to'ra qo'noq».

Jamiyatning muayyan toifasiga bu qadar yovqur munosabat izhor etish garchi nafis adabiyotning xos fazilati hisoblanmasa ham, bu she'rxonni ranjitmaydi, aksincha, unda hamdardlik tuyg'usi tug'yon uradi. Chunki shoirning muddaosi — el manfaatlari. Shoir xalqning dodiga ko'zini ko'r, qulog'ini kar qilib, faqat hokimiyat va amalga talpinuvchi beklarni achchiq haqiqatdan ogoh etadi.
Turdi Farog'iy
Negaki, Abdulazizxonning yaqin kishisi bo'lgani uchun Subhonqulixon o'ziga uni ham dushman hisoblar edi. Shu sababli, Turdining 80- yillardan keyingi hayoti darbadarlikda, xor-zorlikda kechadi. U Subxonqulixonni ayovsiz hajv qiluvchi asarlar yaratdi, undan tinmay nolidi. Lekin keyingi tadqiqotlar Subhonqulixonning ilm-ma'rifatli, hatto tibbiyotga oid maxsus kitob yozgan bir ziyoli odam bo'lganligini ko'rsatdi. Turdining she'rlarida uning bu xislatlari tasvirlanmaydi. To'g'ri, barcha imtiyozlaridan mahrum bo'lgan Turdidagi alamzadalikni ham hisobga olgan taqdirda, birgina Subhonqulixonning o'z akasiga qarshi o'ttiz yildan ortiqroq vaqt mobaynida tinimsiz kurash olib borganligining o'zi bu shaxsdagi fazilatlarga bir muncha soya tashlaydi.

Turdi taxminan 1640- yillarda tug'ilib, XVII asrda Buxoro xonligida yashagan. Murakkab hayot yo'lini bosib o'tgan. Mutaxassislar uning 1699-1700- yillarda vafot etganini taxmin qiladilar. Shoirning bizgacha hammasi bo'lib o'n sakkiz she'ri yetib kelgan. Hajmi — 434 misra. She'rlarning o'n ikkitasi — g'azal, beshtasi — muxammas, bittasi — fard. She'rlardan ikkitasi fors tilida, qolganlari o'zbekcha yozilgan.

Turdining she'rlarini mavzu yo'nalishiga ko'ra ishqiy-falsafiy va ijtimoiy-siyosiy kabi ikkiga bo'lish mumkin. Chamasi, shoirning ishqiy-falsafiy she'rlari uning siyosiy ishlarga aralashuvidan oldin yozilgan. Shulardan ikkitasi alohida e'tiborga sazovor. Biri — bor- yo'g'i uch baytdan iborat ixchamgina g'azal:

Turkona xirom ayladi ul sho'xi diloro,

Dil mulkini bir go'shai chashm ayladi yag'mo.

Tufrog'da jon bitsa ravodur, na ajab gul, Cho'x sarvi sihi etdi nihon ko'zlari shahlo.

Har qanda g'ami do'sti dilporani istar,

To subh yaqo yirtmadi, mehr o'lmadi paydo.



Ul sho'x go'zal turkona yurib keldi. (Nega turkona? Mumtoz she'riyatda bu so'z „shiddatli" ma'nosini beradi. Demak, satrdan „Ko'ngil bezagi bo’lgan bu sho'x go'zal shiddatli yurish qilib keldi"ma'nosi chiqadi). Yor ko'zining bir cheti bilan ko'ngul mamlakatini talon-taroj etdi, bosib oldi. Tuproqda gul emas, jon unsa ajablanmang, zero, bu shahlo ko'zlar qanchadan-qancha sarvqomat go'zallarni yerga kirgizmadi. Tong yoqasini yirtmaguncha, quyosh paydo bo'lmaganidek, har qayerda ham g'amning do'sti dili g'amdan pora bo'lgan do'stni istaydi.

G'azalda yorning kirib kelishi g'oyat jonli va rangin tasvirlangan. „Turkona xirom aylamoq", „Dil mulkini yag'mo aylamoq", „Tufrog'da jon bitishi", quyoshning ko'rinmog'i uchun „subh yaqo yirtmog'i" lozimligi kabi o'xshatish va qiyoslarda bir olam mazmun, joziba bor. Ayni paytda, bu — ishqiy manzaragina emas. Unda tasavvufiy-falsafiy ma'no ham bor. Yorning siymosida Alloh va uning sifatlari namoyon bo'lib turibdi. Shunga ko'ra, bu g'azal so'fiyona ruhga ham egadir.

Boshqa bir asari „Burun" radifli muxammas bo'lib, u sof tasavvufiy she'rdir. SHoir o'quvchini atrofdagi har bir narsaga ibrat ko'zi bilan boqishga, umrni zoye ketkazmay, afsus- nadomatga o'rin qoldirmay yashashga, vaqtni g'animat bilib, „haqiqat yo'liga kirishga undaydi. She'r shunchaki tashviqiy, da'vat xarakterigagina ega emas. Unda insonning umri, hayotni mazmunli, keyinchalik afsus chekmaydigan tarzda kechirish uchun zarur bo'ladigan ma'naviy talablar haqida falsafiy mushohada yuritilgan. Shoir so'fiyona istilohdan o'rinli foydalanib, inson tabiati to'g'risida iztirobli qarashlar manzarasini ta'sirli chizgan:
Jismi qonundin nafas tori uzulmasdan burun, Boshingga davri qazo bazmi qurulmasdan burun,

Jibayi jon tiyri rixlatdin so'kulmasdin burun,

Ey ko'ngul, qasri asosi tan buzulmasdin burun,

Toqi abro', kursiyi dandon to'kulmasdin burun.



Turdi ezgu ishlarni kechikmay qilish lozimligini inson umrining bir lahzalik ekanini ko'rsatish orqali ta'kidlaydi. Shoir o'z fikrini ramz bilan ifodalaydi: qonun deb atalmish sozdan tori uzilmasdan oldin ovoz chiqqaniday, odam ham boshiga o'lim bazmi qurilmay, jon sovuti yo'qlik o'qidan teshilmay, tiriklik asosi — Tan buzilmay, egilgan qosh-u tizilgan tishlar to'kilmay turib, insonga xos ezgu ishlarni qilishga ulgurishi kerak. Turdi odam o'zining eng qattol va ayovsiz yovi — nafsni yengishga bel bog'lashi, qiyomatda Yaratgan huzurida yorug' yuz bilan turish uchun fursatning borida harakat qilish lozimligini ifoda etadi:
Sindirub isyon xumini, to'k nadomat ashkini,

Tavba jomin no'sh qil, paymona to'lmasdin burun.



Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa