9-Mavzu. Geografik axborot tizimida datum tushunchasi Geoaxborot tizimida qoʻllaniladigan Datum sferoidning joylashuvini Yerning markaziga nisbatan aniqlaydi, ya’ni sferoid va datum bir-biri bilan bogʻliq tushunchalardir. Yer shaklining shardan farqlanishini birinchi boʻlib Nyuton e’tirof etdi. 1682- yili u e’lon qilgan nazariya – Butun dunyo tortish qonuniga binoan, Yer oʻz oʻqi atrofida ma’lum tezlikda aylanishi tufayli u shar shaklida boʻlmay, balki ikki qutblari boʻyicha siqilgan sferoid (ellipsoid) shaklida ekanligi ma’lum qilindi. Yerning shakli juda murakkab va oʻziga xos xususiyatga ega. Yerning tabiiy yuzasi balandlik va chuqurlik, togʻlik va tekislik, tizma togʻ va vodiylardan iborat. Yerning tabiiy shaklini aniqlash juda qiyin. Yerning shakli deganda uning tabiiy shakli e’tiborga olinmaydi, faqat matematik shakli tushuniladi. Ana shu matematik shakllardan Yerning tabiiy shakliga eng yaqini geoiddir. Geoid – okean suvi tinch turgan paytda uning sathi boʻyicha okean quruqligi ostidan
sathiy yuza oʻtkazilganda hosil boʻladigan yumaloq shakldir.Yer yuzasidagi har bir nuqtadan sathiy yuza oʻtkazish mumkin. Sathiy yuza oʻziga xos xususiyatga ega boʻlib, uning barcha nuqtalarida shovun chizigʻi perpendikular yoʻnalgan boʻladi. Bu shakl Yer shakli deb qabul qilingan. Yerning shakli deyilganda quruqlikdagi past-balandliklar e’tiborga olinmaydi, chunki yer yuzining koʻp qismi (71%) okean va dengizlar, oz qismi (29%) quruqlikni tashkil etadi. Yerning geoid shakli tortish kuchi ta’siriga, tortish kuchi esa yer bagʻridagi jinslarning joylashishi va zichligiga bogʻliq. Yerning ichki tuzilishi bir xil boʻlsa, yer yuzasi silliq boʻlardi. Yerning ichki qismi har xil jinslardan tashkil topganligi uchun geoid yuzasi toʻlqinsimon boʻladi. Hozirgacha geoid shakli matematik formula bilan ifodalangan emas, lekin olib borilgan geodezik ishlar geoidning aylanma ellipsoidga yaqinligini koʻrsatdi. Geoid bilan ellipsoidning bir-biridan farqi (yer yuzining ba’zi nuqtalarida) 150 m dan oshmaydi. Bu farq Yerning umumiy kattaligiga nisbatan juda kichikdir. Shuning uchun geodeziyada Yer aylanma ellipsoid shaklida deb qabul qilingan. Geodeziya kursidan ma’lumki, yerning asosiy sathiy yuzasi boshlangʻich yuza deb qabul qilingan va u okean suvlarining tinch turgandagi sathidan boshlanadi. Tinch holatdagi okean va dengiz suvlari sathining fikran qit’alar ostidan shovun chizigʻiga perpendikular qilib davom ettirishdan hosil boʻlgan
shakl geoid deb ataladi. Datum (Burkard, 1984) – Yerning matematik modeli boʻlib, joyning geografik koordinatasini hisoblash uchun asos yoki referens boʻlib xizmat qiladi. Datum tushunchasi Yerning haqiqiy shakli va ellipsoid orasidagi farqni ajratish
uchun qoʻllaniladigan hisoblashlar yigʻindisi sifatida qaraladi. Koʻpgina davlatlar va hududlar uchun mahalliy datumlar ishlab chiqilgan. Masalan, NAD 27 (North American Datum, 1927) – bu Klark 1866 ellipsoidiga asoslangan boʻlib, u AQSH ning Kanzas hududidan boshlanadi. Keyinchalik paydo boʻlgan NAD 83 (North American Datum, 1983) – Yerning markaziga yaqinlashtirilgan (boshqa nomi geomarkazlashgan) GRS 80 (Geodetic Reference System, 1980) ellipsoidiga asoslangan. Datumning yana bir boshqa ta’rifi – bu referens-ellipsoidni mahalliy geografik koordinatalarga transformatsiyalash va koʻchirish uchun xizmat qiladigan parametrlar toʻplamidir. Datum tushunchasi geodeziya va kartografiyada geoid shaklni berilgan yoki oʻrganilayotgan joyning geoid shakliga iloji boricha yaqinlashtirish uchun qoʻllaniladi. Shuni nazarda tutish kerakki, datum aniqlanayotgan joyning yerdagi joylashuvini maksimum yaqinlashtirish uchun ishlatiladi. Agar siz WGS-84 da berilgan koordinata asosida joylashtirmoqchi boʻlsangiz, u holda mahalliy koordinata asosida yaratilgan kartalaringizga aniq ustma-ust tushmasligi mumkin, balki farqi bilan (bir necha metrdan bir necha yuz metrgacha) tushadi. Oʻlchamlari aniqlangan va yer sirtida ma’lum holatda oriyentirlangan (joylashtirilgan) ellipsoidga referens-ellipsoid deyiladi. Bunday ellipsoidning sirti geoid sirti bilan faqat yerning qaysidir qismida mukammal darajada mos keladi, shuning uchun ham alohida davlat yoki hududlar uchun ishlab chiqilgan referens-ellipsoid shakli oʻsha joy uchun aynan mos keladigan sirt hisoblanadi. Mamlakat hududida yagona koordinatalar sistemasini joriy etish va geodezik oʻlchashlarni amalga oshirish uchun referens-ellipsoidlar qonun bilan rasmiylashtirilgan holda qabul qilinadi.