Venoz sistemasi. Boshdan venoz qon juft bo’yinturuq venalariga yig’iladi. So’ngra oldingi oyoqlardan venoz qonni olib keluvchi o’mrov osti venalariga quyilib, bir juft oldingi kovak venasini hosil qiladi. Oldingi kovak venalar esa o’ng yurak bo’lmasiga qo’shilgan venoz sinusiga quyiladi. Tananing orqa qismidan venoz qon yurakka ikki yo’l bilan quyiladi. Orqa oyoqlaridan qon olib keluvchi venalar bir juft kalta buyrak qopqa venasini hosil qiladi. Bularning biriga dum venasi qo’shiladi. Buni venoz qon tomirlarini in’eksiya qilgandagina ko’rish mumkin. Tananing orqa qismidan kelgan qon o’zaro qo’shilib jigarga qon olib boruvchi toq qorin venasini hosil qiluvchi chanoq yoki yonbosh venalar orqali oqadi. Qorin venasi jigarda kapilyarllarga bo’linib ketadi. Bundan tashqari, jigarga ichak va ichki organlardan chiqadigan bir qncha vena qon tomirlari qo’shilib toq jigar qopqa venasini hosil qiladi.
Buyrak qopqa venasidan qon bir juft buyrak venalariga yig’iladi-da, so’ngra bu buyrak venalari qo’shilib yo’g’on orqa kovak venasini hosil qiladi. Orqa kovak vena jigar orqali o’tib (bu yerda shoxchalarga bo’linmaydi) venoz sinusiga quyiladi. Jigar qopqa venasidan qon qisqa jigar venasiga yig’iladi va u jigarning oldingi qirrasiga yaqin yerda orqa kovak venasiga quyiladi (6-rasm).
Ayirish organi. Bir juft kompakt tanacha shaklidagi metanefrik buyrak chanoq bo’limining orqa devoriga taqalib turadi. Bu buyraklarning har qaysisidan bittadan siydik yo’li chiqadi. Orqa dorzal tomondan siydik yo’li qorin-ventral tomondan esa yupqa devorli siydik pufagi kloakaga ochiladi. Kloakaning tashqi teshigi ko’ndalang yoriq shaklida (7-rasm).
Urg’ochi agamaning urchish organlari. Yuzasi tashqi tomondan g’adur-budur, noto’g’ri shaklli oval ko’rinishidagi ikkita tuxumdon umurtqa pog’anasi bel bo’limining ikki yonoshida joylashgan. Yupqa devorli keng naychalardan iborat tuxum yo’llarining bir uchi gavda bo’shlig’ining mustaqil teshik bilan ochiladi. Tuxumdoning pastki qismi ko’pchilik hollarda kengayib bachadonni hosil qiladi. Urg’ochilarda volfov kanallari reduksiyalangan. Yetilgan tuxumlar gavda bo’shlig’iga bu yerdan tuxum yo’lining voronkasi orqali tuxum yo’liga tushadi.
Erkak agamasining jinsiy organlari. Oq rangli oval tanachalar shaklidagi urug’donlar umurtqa pog’onasi bel bo’limining ikki tomonida joylashgan. Urug’donlardan bir qancha kanalchalar chiqadi va ular qo’shilib, urug’don ortig’ini hosil qiladi.urug’don ortig’i davom etib, urug’ yo’liga aylanadi. Urug’ yo’llari kloakaga ochilish oldidan siydik yo’llariga qo’shiladi va umumiy teshik orqali kloaka bo’shlig’iga ochiladi. Urug’ ortig’i tana buyrak-mezonefros oldingi qismining qoldig’i hisoblansa, urug’ yo’llari esa shu tana buyrak chiqarish yo’llari-volfov kanaliga gomologdir. Kloakaning yonbosh devorlariga boy ikkita xaltachadan iborat. Jinsiy mayl qo’zg’aganda kopulyaiv organlar kloaka teshigidan tashqariga bo’rtib chiqa oladi. Bu xilda tuzilgan kopulyativ organlar faqat kaltakesaklar bilan ilonlarga xos.