2. Mavzuga doir nazariy tushuncha:
Nafas olish organi. Kaltakesaklarning nafas yo’li tashqi burun teshigidan boshlanadi. So’ngra havo ichki burun teshigi-xoana orqali og’iz boshlig’iga kiradi. Og’iz boshlig’idan keyin uchta tog’ydan tashkil topgan hiqildoq joylashgan. U maxsus muskul orqali til osti apparati bilan bog’langan. Og’iz bo’shlig’idagi havo hiqildoq orqali uzun nafas olish nayi traxeyaga o’tadi, traxeyadagi talaygina tog’ay halqalar uning puchayishiga yo’l qo’ymaydi. Traxeya oldin tomoq, so’ngra ko’krak bo’shlig’idan o’tib, taxminan yurak atrofida ikkita qisqa nay-bronxga bo’linadi. Bu nayning har qaysisi o’ziga tegishli o’pkada tarmoqlanadi.
O’pka va nafas olish yo’llarining birmuncha kuchli differensiyalahganligi bilan kaltakesaklarning bu organi suvda va quruqlikda yashovchilarning nafas organlaridan farq qiladi. O’pka qopqa shaklida bo’lib, uning ichki devoir asalari uyasiga o’xshash mayda-mayda murakkab to’siqchalar bilan qoplangan. Nafas akti boshqa barcha amniotalardagidek, ko’krak qafasining kengayishi va toraishi bilan sodir bo’ladi.
Ovqat hazm qilsh organi. Og’iz bo’shlig’ining tubiga go’shtdor, yassi, uchi ingichkalashgan va ikkita bo’lingan til birikkan. U juda harakatchan bo’lib, ancha cho’zilib tashqariga chiqa oladi va qo’shimcha tuyg’u organi vazifasini bajaradi. Og’iz bo’shlig’i va hiqildoqdan keyin qizilo’ngach boshlanadi. Go’shtdor, cho’ziluvchan qizilo’ngach tomoqdan keyin traxeyaning ustidan o’tib, qorin bo’shlig’ining oldingi qismida oshqozonga qo’shiladi. Oshqozondan keyin unga parallel holda o’n ikki barmoqli ichak, undan ingichka ichak boshlanadi. Ingichka ichak bir qancha bukilish hosil qilib, so’ng yo’g’on ichakka aylanadi. Murtak holdagi ko’richak ingichka ichak bilan yo’g’on ichak chegarasidan o’rin olgan. Yo’g’on ichakning keyingi qismida esa to’g’ri ichak joylashgan.
To’g’ri ichak kloaka bo’shlig’iga ochiladi. Oshqozon osti bezi o’n ikki barmoqli ichak qovuzlog’iga o’rnashgan bo’lib, shaklan uzunchoq qattiq tanachaga o’xshaydi. Oshqozonning orqa uchida uzunchoq, kichik, qizil tanacha shaklidagi taloq bor. Qorin bo’shlig’ining oldingi qismini katta, ko’p pallali jigar egallagan. Uning ichki tomonida o’t pufagi joylashgan. Undan chiqadigan o’t yo’li o’n ikki barmoqli ichakning boshlang’ich qismiga qo’yiladi. O’t yo’lini aniq ko’rish uchun o’t pufagini pinsent bilan siqing, shunda uning ichiga yashil o’t suuqligi qo’yiladi.
Qon aylanish sistemasi. Yurak ko’krak qafasining oldingi qismida ventral (qorin) tomonda joylashgan. Kaltakesakning yuragi ham uch kamerali. Unda ikkita, chap va o’ng yurak bo’lmasi hamda bitta yurak qorinchasi bor. Biroq quyidagilar bilan amfibiyalarnikidan farq qiladi: yurak qorinchasi chala to’siq bilan ikkita: o’ng (venoz) qorincha va chap (arterial) qorinchaga bo’lingan. Arterial konus reduksiyalangan, venoz sinusi esa o’ng yurak bo’lmasiga qo’shilgan. Yurak bo’lmasining ichki yuzasi to’rlanib ketgan muskullar bilan qoplangan va atrioventrikulyar teshik yurak bo’lmasining to’sig’i bilan ikkiga bo’lingan. Yurak qorinchasining o’ng (venoz) bo’limidan o’pka arteriyasi bilan chap aorta yoyi chiqadi, chap (arterial) bo’limidan esa o’ng aorta yoyi boshlanadi. Yurak qorinchasi qisqarganda, uning pastki devoriga o’rnashgan chala to’siq yurak qorinchasining ustki devorigacha tegib, yurak qorinchasi o’ng va chap bo’lmalarini bir-biridan batamom ajratib qo’yadi.
Arterial sistemasi baqaning arterial sistemasidan umumiy arterial stvolining uchta mustaqil tomirga: o’pka arteriyasi hamda chap va o’ng aorta yoylariga bo’linishi bilan farq qiladi. Har qaysi aorta yoyi qizilo’ngach atrofida, biri o’ng tomondan, ikkinchi chap tomondan orqaga qayriladi. Ular umurtqa pog’onasining ostida bir-biriga qo’shilib, toq orqa aortasini hosil qiladi. O’ng aorta yoyidan chiqqan umumiy stvoldan ikkita uyqu arteriyasi boshlanadi, ular avvaliga chap va ong aorta yoylariga parallel holda borib, keyin boshga chin uyqu arteriyasi chiqib, uyqu yo’li orqali o’z tomonidagi aorta yoyiga qo’shiladi. O’ng aorta yoyining pastidan oldingi oyoqlarga qon olib boruvchi juft o’mrov osti arteriyasi chiqadi, bu arteriyani ko’rish uchun aortaning o’ng yoyini ehtiyotlab, uni qoplab turgan to’qimalardan ajratish lozim. Yuqorida nomlari aytib o’tilgan qon tomirlari endigina o’ldirilgan kaltakesakda aniq ko’rinadi. Suvda va quruqlikda yashovchilarga qarama-qarshi o’laroq, sudralib yuruvchilarda uyqu hamda o’mrov osti arterialari faqat aortaning o’ng yoyidan chiqadi, shuning uchun ham bosh va oldingi oyoqlar deyarli kislorodga to’yingan qon bilan ta’minlanadi. Orqa aortadan dum tomonga yo’naladi va ichki organlarga talaygina katta arteriyalar tomonga hamda gavda devoriga ko’pdan-ko’p mayda arteriolalar chiqadi. Keyin orqa oyoqlarga boradigan bir juft yo’g’on yonbosh arteriyasi boshlanib, u toq arteriyasiga aylanadi (6-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |