6. ISHLAB CHIQARISH VA XARAJATLAR
6.1 Ishlab chiqarish omillari: tavsifi, o‘zaro bog‘liqligi
.
Kishilarning ehtiyojlarni qondirish uchun ularga zarur bo‘lgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarilishi kerak. Ishlab chiqarish jarayoni ishlab chiqarish omillarining tegishli texnologiyalar yordamida birikishi orqali amalga oshiriladi. Shuning uchun insonlar iqtisodiy faoliyatining bosh jihati turli omillarning o‘zaro bog‘liq holatda harakat qilishini nazarda tutishidir.
Ishlab chiqarish - bu insonlarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan maqsadga muvofiq faoliyatdir. Ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanayotgan barcha resurslar ishlab chiqarish omillaridir. Iqtisodiyot nazariyasida «ishlab chiqarish resurslari" tushunchasi bilan bir qatorda "ishlab chiqarish omillari" tushunchasi ham mavjud. Ularning farqi nimada? Biz ta’kidladikki, resurslar ishlab chiqarishga jalb etilishi mumkin bo‘lgan moddiy, tabiiy va ijtimoiy resurslar. Ishlab chiqarish omillari esa ishlab chiqarish jarayoniga real jalb qilingan va qo‘llanayotgan resurslarni anglatadi. Shuning uchun" ishlab chiqarish resurslari "ishlab chiqarish omillari"ga nisbatan kengroq tushunchadir. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarish omillari ishlab chiqaruvchi resurslardir. Ishlab chiqarishda qatnashmay bekor yotgan resurslar ishlab chiqarish omili bo‘la olmaydi. Masalan, ishlatilmay zanglab yotgan stanok, mehnat qilish qobiliyatiga ega, biroq ishlamayotgan inson, bular resurs hisoblansa-da, biroq ishlab chiqarish omili emas. Demak ishlab chiqarish jarayoniga real jalb qilingan va qo‘llanayotgan resurslar ishlab chiqarish omillaridir.
Ishlab chiqarish omillarining turkumlanishiga turlicha yondashuvlar mavjud. Klassik maktab namoyondalari mehnat, yer, kapitalni ishlab chiqarish omillari deb hisoblaganlar.
Marjinalistik nazariyaga binoan yer, mehnat, kapital, tadbirkorlik qobiliyati ishlab chiqarish omillaridir. Postindustrial jamiyat iqtisodiyot nazariyasida resurslar sirasiga qo‘shimcha axborot va ekologik omillar kiritilgan. Biroq, mehnat, yer, kapital tizim tashkil etuvchi omillar bo‘lib hisoblanadi.
Resurslardan farqli o‘laroq, ishlab chiqarish omillari alohida o‘zlari mahsulot ishlab chiqara ololmaydilar. Ishlab chiqarish jarayoni ana shu barcha omillarning o‘zaro harakati natijasida ro‘y byerishi mumkin. Har bir tadbirkor ana shu ishlab chiqarish omillari o‘rtasida oqilona nisbatni topishi zarurdir. Masalan, paxta yetishtirish bo‘yicha maksimal hosil olish uchun, ekiladigan maydonlar, ishlab chiqarish vositalari va mehnat harajatlari o‘rtasida, ularni kamaytirish yoki ko‘paytirish yordamida oqilona nisbatni ta’minlash lozim bo‘ladi.
Ishlab chiqarish omillari o‘rtasidagi bog‘liqlikni matematik quyidagi formula bilan ifodalash mumkin,
Y= f (a1,a2,......an)
Bu yerda: Y - ishlab chiqarilgan mahsulot soni;
f- funksiya;
a1,a2,..........an - ishlab chiqarish omillari.
Ishlab chiqariladigan mahsulot miqdori foydalanilgan omillar va ular o‘rtasidagi kombinatsiyalarga bog‘liqdir. Agarda ishlab chiqarish omillari o‘rtasida turli kombinatsiyalarni amalga oshirish mumkin bo‘lsa, demak, ularning ichida maksimal darajada mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan oqilona kombinatsiya mavjud deyishimiz mumkin.
Ishlab chiqarish jarayoni jismoniy (yakka tadbirkorlik) va yuridik shaxslar (korxona) tomonidan tashkil etilib, yuritiladi. Masalan, kasanachi yoki hunarmand individual mehnat, korxonalarda esa, mehnat jamoasi, kollektiv mehnati natijasida tovar va xizmatlar yaratadi. Korxona va xo‘jaliklar ishlab chiqarish sektorlarini, sektorlar esa milliy iqtisodiyotni mamlakat miqyosida ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Milliy ishlab chiqarish strukturasini quyidagicha tasvirlash mumkin:
Industrial sektor ( sanoat, qurilish va kommunikatsiya, transport va aloqa);
Agrar sektor (qishloq xo‘jaligi, o‘rmon ho‘jaligi);
Xizmat ko‘rsatish sektori (aholiga, korxonalar, muassasalarga xizmat ko‘rsatuvchi sohalar).
Ushbu sektorlar birinchidan, bir birlari bilan bog‘liq, ikkinchidan esa, ishlab chiqarishda turlicha rol o‘ynaydi. Iqtisodiyot rivojlangan sari birinchi va uchinchi sektorlar ahamiyati oshib boradi.
Mahsulot sotilgandan so‘ng tovarga aylanadi. Mahsulot pirovard natijada ishlatilishiga ko‘ra iste’mol buyumlarini ishlab chiqarish (iste’mol buyumlari, maishiy texnika, turli ijtimoiy ne’matlar) va moddiy resurslarni ishlab chiqarishga (mehnat qurollari, xomashyo va h.k.) bo‘linadi. Ushbu moddiy resurslardan foydalanish ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydi Yaratilgan milliy mahsulot ishlab chiqarishning natijasi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |