Fanning mavzusi - u yoki bu fanning nimani tadqiq etishi va o‘rganishidir. Masalan, biologiyada tirik tabiat, organik hayotning rivojlanish qonunlari o‘rganiladi, falsafa tabiat, jamiyat va tafakkur rivojlanishining universal qonunlari haqidagi fandir. Biz iqtisodiyotni o‘rganishni boshlaymiz. "Iqtisodiyot" so‘zining o‘zi yunon tilidan kelib chiqqan bo‘lib, tom ma’noda "uy xo‘jaligini yuritish qoidalari"ma’nosini anglatadi. ("oikos" - uy, maishiy, "nomos" - qoida, qonun). Arab leksikonida «iqtisod» tejamkorlik ma’nosida tushunilgan, chunki islom diniga oid adabiyotlarda tejamkorlikka alohida e’tibor berilgan. Lekin, hozirgi davrda iqtisodiyot tushunchasi faqat uy xo‘jaligini yuritish yoki tejamkorlik ma’nosi bilan cheklanmaydi. Iqtisodiyot - bu jamiyatning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlovchi xo‘jalik yuritish tizimi. Hozirgi davrda iqtisodiyot uy xo‘jaligi, firmalar va davlat hamda ular o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlardan iborat bo‘lgan juda murakkab organizm hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |