IV. Uchala yirtqichning omixtasiga mansub
gunohkorlar
Hozir Qoplon va Bo‘ri birlashdi (L+L=LL). Agar bunga Arslon ham qo‘shilsa, nima bo‘ladi (LL+L=?)? Unda jamiki gunohlarning eng buyugi yuz ko‘rsatadi. Ushbu gunohi kabira esa olamning eng chuqur qa’ridadir. O‘sha chuqurlikda – ko‘z yoshi daryosi Kotsitda qarindoshlariga xiyonat qilganlar (Kain qismida), vatani va maslakdoshlarini sotganlar (Antenorda), do‘stlari va yaqinlariga beoqibat kimsalar (Tolomeyada) to‘nggandir.
Xiyonatkorlar qavati aynan shu yo‘sin tabaqalanib, oxiri Judekkada tugaydi. Chunki Ilohiyot va Insoniyat dushmanlari – Yuliy Sezarning qotillari bo‘lmish Brut va Kassiy, Isoga sotqinlik qilgan Iudayu barcha yovuzliklar manbai, tangriga qarshi chiqqan Lutsiferdan ham o‘tkazib mudhishroq gunoh qilish mumkin emas. Do‘zax ayni shu yerda nihoya topadi. Jahannamning mazkur o‘zagini Dante quyidagicha umumlashtiradi:
Nafsu Yovvoyilik + Adovat = Firib + Mag‘rurligu Zo‘ravonlik
= Xiyonat yoki (ac+bc)(d+e) = (ad+aye)(bd+be)(cd+ce) yoxud (“Lupa” + “Lonza”) “Leone” = LUCIFERO
XOTIMA
Florensiyalik Dante Aligyeri ustozi Vergiliy rahnamoligida Do‘zaxning barcha qavatlarini kezib chiqib, A’rofga yo‘l oldi. Avvalambor, shoir Limboning Minos tomonidan gunohlar taqsimlanadigan qolgan sakkiz doira (ikkinchidan to to‘qqizinchigacha)dan keskin farq qilishini (uning jazolash mexanizmi emasligini) angladi. Ushbu jarayonda Do‘zax “fuqaro”lari (bizning til bilan aytganda, asar qahramonlari, personajlar, shaxslar)ning ayrimlari turli jihatlar (bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, zidlash va yoki aksincha, bir safga qo‘yish) bo‘yicha tahlil etildi. Hayotlarining birinchi pallasida “ekkan” “daraxt”larining “meva”sini ikkinchi pallada totiyotgan bu personajlar umumiy tarzda yana quyidagicha tasniflanishi mumkin:
I Afsonaviy shaxslar (Axilles, Antey, Efialt va hokazo)
II Dantegacha yashagan tarixiy shaxslar (Homer, Aristotel kabi allomalardan tortib, Nikolay III, Fridrix II, Kassiy, Brut, Dionisiydek din va davlat arboblari)
III Dante davri (XIII-XIV asrlar)da yashagan (Bonturo Datti, Farinata, Alessio Interminelli, shu jumladan, shoirning shaxsan o‘zi tanigan Brunetto Latini, Vanni Fuchchi va boshqalar) hamda asar yozilayotganda hali barhayot bo‘lgan (Alberigo, Branka d’Orya, Mikele Sanke) italiyaliklar.
Agar personajlar Dante tomonidan xayrixohlik, noxayrixohlik va nafrat bilan yondashilgan obrazlar ko‘rinishida ajratilsa, Francheska va Paolo, Farinata, Jeri del Bello, ustozlar – Brunetto Latini, Homer, Ovidiy hamda butun boshli Limbo aholisi dastlabki guruhni tashkil etadi. Ikkinchi guruhga esa juda ko‘p mahkumlar, shu jumladan, Tiresiy, Kapaney, Nemvrod, Katalano, Loderingolar mansub. Italyan adibining bor nafrati esa F. Arjenti, V. Fuchchi, Bokka deli Abati, va ayniqsa, Kassiy, Brut, Iuda, Lutsiferga qaratilgandir.
Shunday qilib, Dante Vergiliy yordamida Do‘zax “fuqaro”larini uchratib, ularning ba’zilari bilan suhbatlashib, bahslashib, A’rof va Jannatga yo‘l olmoqda hamda bunday hol boqiy olamning o‘sha maskanlarida ham davom etajak. Garchi Purgatorio va Paradisoda shaxslar, hodisalar boshqacha tasvirlanib, o‘zgacha tahlilu talqin qilinsa-da, butun “Komediya” uchun umumiy, markaziy qahramon(lar) mavjud. Bu(lar) – narigi dunyo konstruksiyasini yaratgan konstruktor Dante, o‘sha qurilmani bizga tasvirlab beruvchi roviy Dante va nihoyat, butun olam mohiyatini sekin-asta anglaguvchi sayyoh Dante.
Do'stlaringiz bilan baham: |