II. Uch yirtqichning har biriga alohida
mansub gunohkorlar
Ikkovlon Limbodan pastga yurib, Qoplon bandalari bo‘lmish zinokorlar qavatiga (o‘tkinchi dunyoda ham Dantega dastavval qoplon duch kelgandi!) tushishdi:
Intesi ch’a così fatto tormento enno dannati i peccator carnali,
39 che la ragion sommettono al talento. (Inferno, V)
Tarjimasi:
37 Olomonga boqib, bildimki aniq:22 Bu yerda aql ila insofdan kechib Zinoga berilgan kimsalar to‘liq.
Ular orasida ilgari tahlildan o‘tkazganimiz “Janglar sababkori, eng go‘zal ayol” – Yelena, Axilles va uning qotili Parisdan tashqari yana Sixey, Bobil malikasi Semiramida, Misr malikasi Kleopatra ham bor. Dovrug‘i jahonni tutgan ushbu hukmdorlardan bo‘lak bir juftlik ham borki, Do‘zax dahshatlariga hali ko‘nikmagan Dante ularning sharhi g‘ami bois yiqilib, hushidan ketdi.
O‘sha gunohkorlardan biri o‘zining Po daryosi bo‘yidagi joyda tug‘ilganidan tortib yonida turgan Paolo ismli yigitni sevib qolishigacha, shu bois zino yo‘liga kirishlariyu o‘zlarining o‘ldirilishigacha nihoyatda ta’sirli hikoya qilishi shoirni shunday holga soldi. “Ishq bu – faqat ishqni chorlovchi tuyg‘u,..”, “Yetdi boshimizga muhabbat – balo,..”23 deya hasrat qilayotgan Francheska da Riminining nolalari ta’sirida Dante ustoz Vergiliyga deydi:
Quando rispuosi, cominciai:“Oh lasso, quanti dolci pensier, quanto disio 114 menò costoro al doloroso passo!” (Inferno, V)
Tarjimasi:
112 “Biror kimsa hech bilganmikin, 24 Ularni qandayin pok, shirin xayol Bu achchiq qismatga olib kelganin?!”
Shu topda Dante shuurida bir-biriga nomuvofiq fikrlar to‘qnashardi. Nahotki eng buyuk, muqaddas tuyg‘u oqibati shunday ayanchli, nahotki muhabbat uchun qilingan gunoh gunoh sanalsa, degan o‘ylar shoirni qattiq iztirobga solardi. Uning ongu tafakkuridagi ushbu alg‘ov-dalg‘ovlikning sababi shuki, hali sayyoh Dante yozuvchi Dantening maqsad doim ham vositani oqlayvermaydi, har qanday sabab oqibat uchun bahona bo‘lmas, qabilidagi fikriga kelmagandi. Albatta, Dante o‘zidan bir yarim asrcha keyin yashagan Nikkolo Makiavelli emas. Shu bois ilohiyot qonunlarini buzmoq nafaqat Paolo va Francheskadek oddiy bandalar, balki Axilles, Kleopatra kabilar uchun-da osiylik ekanligi konstruktor Dante qurgan binoning tarhiga singdirilgan.
Shunday qilib, “Lonza” [“Qoplon”], aniqrog‘i “Pelago”ning bir xususiyatiga mubtalolarga alohida qavat ajratilganligini ko‘rdik. Uning ikkinchi funksiyasi – adovat uchun esa maxsus makon yo‘q. U sakkizinchi doiradagilarning qilmishlarida zohir. Ya’ni qing‘irko‘ngillik bilan nafsu yovvoyilik yig‘indisi bo‘lmish “Sonno”ning qo‘shilmasi yangi bir gunohni – Firibni keltirib chiqardi. Lekin hali Dante Vergiliy hamrohligida sakkizinchi qavatga yetganicha yo‘q. Uning dahshatiyu vahshatiga dosh bermoq uchun italyan shoiri ochko‘zlar, xasislaru isrofgarlar mahkum uchinchi hamda to‘rtinchi doiralarning sinovidan o‘tmog‘i shart. Chunki Serber panjasidagilar ham, bekordan-bekorga xarsang jildirib yurganlar ham tirikligida Bo‘rining komiga tushishgan. Bundan Dante muhim xulosalar chiqardi, tajriba orttirdi. O‘sha chog‘da, ya’ni to‘rtinchi qavatni kuzatayotib ikki guruh olomonga nigohi tushganda Dante shu ziqnalar va isrofgarlar orasida yirik din peshvolari-da borligiga guvoh bo‘ldi:
Questi fuor cherci, che non han coperchio piloso al capo, e papi e cardinali, 48 in cui usa avarizia il suo soperchio”.
(Inferno, VII)
Tarjimasi:
46 Anov tepakallar o‘zgacha jahdda, 25 Ziqnalik bobida tengsiz qurumsoq Kardinal bu yerda, bu yerda – papa”.
Ushbu ma’lumotlar Do‘zax strukturasining beshdan ikki (sof holda uchdan ikki) qismini anglashi uchun shoirga yetarli bo‘ldi. Sof ko‘rinishda Lutsifer chuqurligining mag‘ziga to‘liq yetmoq esa beshinchi doiradan boshlandi. Chunki Stigiy botqoqligini qamrab olgan bu hududdan to yettinchi qavatga qadar “Paura”ning Dahshati – “Leone” [“Arslon”] nafasi hukmron. O‘ziga xos mazkur “hokimiyat”ning tuzilmasi esa quyidagicha: beshinchi qismda botqoqda belanib jazolanayotgan Filippo Arjenti va shunga o‘xshash badjahllar, oltinchida ilohga shak keltirgan mag‘rurlar – Epikur, papa Anastasiy, Farinata deli Uberti, Kavalkante Kavalkanti va hokazolar uning “fuqaro”lari bo‘lsa, botqoqlikka Flegiy, dahriylar yonayotgan Dit shahriga uch qasoskor eriniy (Tisifona, Megera, Alento) “hokim” (ya’ni soqchi).
Agar diqqat qilinsa, Stiksning zulmkorlar, Ditning esa ilohiyotga mensimay, dimog‘dorlik bilan qaraganlar uchun mo‘ljallangani anglashiladi (Zulm va Mag‘rurlik “Paura”ning xususiyatlari ekanligi yodingizdadir?!). Ushbu toifalarning faqat jazolanishigina qarama-qarshi vositalar orqalidir. Arjentiyu uning urishqoq hamtovoqlari Stiks suvlarida adoyi tamom bo‘lishi hamda yeretiklarning o‘tda kuydirilishi hodisalari shuni ko‘rsatmoqda. Boz ustiga, ikkinchi toifa qismatidagi azob yanada azobli. Ularning ba’zilari bu holatni hayotlarining birinchi pallasi oxirida ham boshdan o‘tkazgan (ya’ni inkvizitsiya tomonidan xudosizlar sifatida olovda yondirilgan). Shunday esa-da, florensiyalik gibellin Farinataga hech bir o‘t pisand emas, chunki uning qalbi otashdan yaralgan (Lutsiferning old yuzi olovrang-qirmizi ekanligini eslang!):
Ed el mi disse:“Volgiti! Che fai? Vedi là Farinata che s’è dritto:
33 da la cintola in sù tutto ‘l vedrai”. Io avea gia il mio viso nel suo fitto; ed el s’ergea col petto e con la fronte
36 com’avesse l’inferno a gran dispitto. (Inferno, X)
Tarjimasi:
31 Ustozim dediki: “Qo‘rqma, boq qarab, 26 Bo‘y ko‘rsatgan senga Farinata bu, Yarim tanasi-la ayon, muqarrab”. 34 Tikilib turardim endi ro‘baro‘, Qomatin g‘oz tutib, Do‘zaxni go‘yo
Istehzosi bilan yoritardi u! Beshinchi va oltinchi doiralardagi cho‘kkan (namdan toraygan) hamda mana shu bo‘y cho‘zgan (yuqori haroratdan kengaygan) vujudlar bosqichma-bosqich yettinchi aylana mahbuslariga ko‘prik bo‘ldi:
(5) Badjahllar, zolimlar (6) Shakkok kalondimog‘lar ———————————— Arslonga ergashganlar (7) Zo‘ravonu zulmkorlar
Do'stlaringiz bilan baham: |