8-Amaliy mashg’ulot
Barqaror rivojlanishning ekologik jixatlarini yoritish
Yer qobig’i ustida inson, uning jamoasi, ijtimoiy-iqtisodiy qonunlari xarakat qiladi. Jamiyat kengayadi, insoniyat biosfera boyliklaridan foydalanish jarayonida unga cheksiz salbiy ta’sir qiladi. Insoniyat tabiiy qonunlari buzadi, ularni inkor qiladi, o’rmonlar kesiladi, daryo va ko’llar quriydi, tuproq, havo, suv ifloslanadi, zaxarlanadi, tirik moddalar genofondiga zarar yetkaziladi, insonning biosferada yashab qolishiga xavf tug’iladi.
Bunday muammolarni inson kelajakda o’z aql-idroki bilan xal qilishi kerak. Inson tabiatni bir komponenti bo’lib, tabiatni o’zgartirib, uning bag’rida yangi texnika va texnologiyalarni qo’llab, tabiat qonunlarini buzib, uni o’ziga bo’ysundirishga, tabiat ustidan xukmron bo’lishga xarakat qiladi.
Ekologik tanglik muammolarini hal qilishga urinishlar 1972 yil Stokgolmda o’tkazilgan atrof muhit bo’yicha birinchi konferentsiyadan boshlandi. Tanglikdan chiqish uchun XXI asr bo’sag’asida yangi yo’nalishlarni aniqlashni talab qildi. Atrof muhit va rivojlanish bo’yicha Xalqaro Komissiya tuzildi. Komissiyaga “O’zgarishlarning global dasturi”ni yaratish vazifasi qo’yildi (1989y). Barqaror rivojlanish termini 1992 yil Rio de Janeyroda o’tkazilgan BMT ni Atrof muhit va rivojlanish bo’yicha konferentsiyasida mustahkamlandi. Hozirgi vaqtda inson avvalgidek yashash va faoliyat ko’rsatish mumkin emasligi isbot qilindi.
Barqaror rivojlanish XX asr oxiri XXI asrda insoniyat taraqqiyotining eng muhim yo’nalishi bo’lib qoldi. Barqaror rivojlanish o’z dasturida – avlodlar, turlar va guruhlarning tengligi, insoniyat uchun davomli foydalarni ko’paytirish, atrof muhit va jamiyatga qarshi bo’lmagan iqtisodiy o’sish va rivojlanish, kelajak avlodlar uchun tabiiy baza yaratish va barqarorligini ta’minlash, tabiat va jamiyat munosabatlarini birgalikda rivojlantirish, atrof muhit, tabiat haqida g’amxo’rlik qilish, kelajakni tushunish, insonlarni turmush sifatini ko’tarish kabi ko’rsatgichlarni e’tiborga oladi.
Faoliyatni BMT ning turli agentliklari, ko’pgina davlatlararo va nodavlat tashkilotlarning o’zaro hamkorligida amalga oshirish hisobga olingan edi.
Barqaror rivojlanishning ekologik jihatdan ko’rsatgichlariga suv resurslari, atmosfera, chiqindilar, boshqa tabiiy resurslar hisobga olingan.
Barqaror rivojlanishda beshta ziddiyat borligini ko’rsatilgan, ya’ni xayot bilan tabiat orasida, rivojlanish va atrof-muhit orasida, hozirgi va kelajak avlodlar manfaatlari orasida, boy va kambag’al mamlakatlar va odamlar orasida ichki iqtisodiy ziddiyatlar mavjud.
Barqaror rivojlanish dasturiga mamlakatlar (AQSH, Xitoy, Germaniya) turlicha yondashgan. Markaziy Osiyoning davlatlari uchun barqaror rivojlanish nihoyatda dolzarbdir. Markaziy Osiyo xududining ko’p qismida ekologik tanglik mavjud. CHuqur ma’naviy, tarixiy, iqtisodiy va ekologik kenglikka ega, umumiy suv havzalari bilan bog’langan, qurg’oqchil zonada joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari ekologik soxadagi xatolarga juda sezgir. Masalan, O’zbekistonda paxta monokulturasini ta’siri katta bo’ldi. Suvdan foydalanishda isrofgarchilikka yo’l qo’yildi. Mintaqa ekologik sig’imi hisobga olinmadi. Mutaxasislar, olimlarning fikrlariga, odamlarning manfaatlariga e’tibor berilmadi. Orol dengizi tangligi paydo bo’ldi. Orol tangligini xal qilish uchun muammolarga yo’naltirilgan Markaziy Osiyodagi besh davlat raxbarlarining bir qator uchrashuvlari (Qizil O’rda 1993 y, Nukus 1994 y, Doshxovuz 1995 yil va h.k.z) va turli maslaxatlashishlar bo’lib o’tdi. Barqaror rivojlanish masalasi (1995yil) Nukus deklaratsiyasida ko’rsatib o’tilgan. 1997 yil Almata uchrashuvida Orolni qutqarish xalqaro fondi tashkil etildi. Bu fondni mustahkamlash va faoliyatini kuchaytirishga BMT rivojlanish Dasturi, Jahon Banki, Yunesko, OBSE, Donor – mamlakatlar va boshqalar katta ahamiyat bermoqda.
O’zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo’lib BMT ning barqaror rivojlanishiga bog’liq barcha asosiy konventsiyalarini: Vena konventsiyasi va Monreal protokoli, iqlimni o’zgarishi bo’yicha konventsiya, Bioxilmaxillikni saqlash bo’yicha konventsiya, CHo’llanishga qarshi kurash bo’yicha konventsiyani ratifikatsiya qildi. 1996 yilda O’zbekiston Global Ekologik Fond (GEF) ning to’la xuquqli a’zosi bo’ldi.
Barqaror rivojlanish bo’yicha 1997 yil 12 noyabrdagi Vazirlar Mahkamasining 510-qaroriga asosan Milliy Komissiya tuzilgan va unga Respublikaning iqtisodiy, samarali, ekologik xavfsiz va ijtimoiy adolatli rivojlanish yo’lidan borishda ulkan vazifalar qo’yilgan.
O’zbekistonda bir tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish oqibatida bir qator murakkab ekologik muammolar meros bo’lib qolgan. Ekologik vaziyatni buzilishiga, masalan, iqtisodiy rivojlanishning ekstensiv yo’ldan borganligi, atrof muhitga ta’sir ko’rsatuvchi ishlab chiqarishlarning ustivor rivojlantirish, tarmoq monopolizmini juda yuqori darajada ekanligi, jahon bozori tomonidan to’g’ridang’to’g’ri raqobatni yo’qligi, ishlab chiqarish texnika va texnologiyalarini, tashkil qilishni eskichaligi, tabiat resurslarining miqdoriy va sifat holati haqida axborotni jamoatchilikka yetkazilmasligi va joy tanlash, kengaytirish va qayta qurish borasida imkoniyatlarni yo’qligi sabab bo’ldi.
Natijada Orol muammosi, suv resurslarini kamayishi, tuproqlarni oriqlashi va degraditsiyasi bioxilmaxillikni kamayishi vujudga keldi.
Bu muammolarni xal qilish atrof muhitni muhofaza qilish uchun O’zbekiston Respublikasida bir qator kompleks tadbirlar ishlab chiqilgan. Masalan, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni muhofaza qilish haqida qonunlar, atrof muhitni muhofaza qilish bo’yicha Milliy Xarakat Dasturi, ekologik ekspertiza va ekologik audit, atrof muhit holatini kuzatish, monitoring o’tkazish, sanitar-gigienik va ilmiy-texnikaviy meyorlar yordamida holatini baholash, zararli moddalar ta’sirini kamaytirish, oldini olish bo’yicha texnik, texnologik va tashkiliy tadbirlar kompleksi, shuningdek, atrof muhitni nazorat va muhofaza qiluvchi nazorat inspektsiya organlari tuzilgan.
O’zbekistonda atrof muhit holati ekologik talablarni to’liq qondiradigan xududlar 120 ming km2 ga yaqin maydonni egallaydi, bu esa umumiy maydonning 27% ni tashkil qiladi va u yerda 11 mln aholi yashaydi. Ekologik tanglik maxalliy xususiyatga ega bo’lib, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm, Farg’ona, Navoiy viloyatlari xududlari eng noqulay hisoblanadi.
Atrof muhitni muhofaza qilishda, ekologik muammolarni yechishda ishlayotgan va loixalashtirilayotgan korxonalarni atrof muhitga ta’sirini kamaytirish, zararli ishlab chiqarishlardan qutulish, muhofaza ishlarini rag’batlantirish, xalq ommasi orasida tabiat resurslari haqida keng targ’ibot, tushuntirish olib borish, jamoatni muhofaza ishlariga va qarorlarni bajarish ishlariga jalb qilish e’tiborga olinadi.
Atrof muhitni muhofaza qilish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun Bosh Assambleya BMT ning atrof muhit bo’yicha dasturini (UNEP) qabul qildi va bir qancha maxsus organlarni ta’sis etdi:
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash;
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YuNESKO);
Atom energetikasi bo’yicha xalqaro agentlik (IAEA);
Xukumatlararo dengiz maslaxat tashkiloti (IMCO);
Jahon sog’liqnisaqlash tashkiloti (WHO);
Oziq ovqat va qishloq xo’jalik tashkiloti (FAO);
Jahon metereologiya tashkiloti (WMO);
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash atrof muhitni muhofaza qilishning xalqaro masalalari bo’yicha tadqiqotlar olib boradi, dokladlar tayyorlaydi, bu muammolarni yechishda davlat va tashkilotlarga tavsiyalar beradi. Atrof muhitni muhofaza qilishning mintaqaviy muammolari Kengashga tegishli tashkilotlarning vazifasi hisoblanadi.
Evropa Iqtisodiy Komissiyasi (EIK), unga O’zbekiston 1993 yil iyuldan a’zo; BMT ning Afrika uchun Iqtisodiy Komissiyasi (BMT. AIK), BMT ning G’arbiy Osiyo uchun Iqtisodiy Komissiyasi (BMT. G’OIK); BMT ning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi (BMT. OTIIK), unga O’zbekiston 1992 yil iyuldan beri a’zo.
UNEP (Atrof muhit bo’yicha dastur) 1972 yilda Bosh Assambleya tomonidan tuzilgan. Dasturning boshqaruv organi Boshqaruvchilar Kengashi bo’lib, unga ko’pgina mamlakatlarning vakillari kirgan. Boshqaruvchilar Kengashining faoliyati quyidagi dasturlarni ishlab chiqishga yo’naltirilgan.
Insonni sog’lig’i va atrof muhitni tozaligi.
Aholi punktlari va xayot muhiti.
Quruqlik va ekosistemalari va ularni boshqarish.
Atrof muhit va uni rivojlanishi.
Okeanlar, Atrof muhitni boshqarish.
Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro huquq.
Tabiatni muhofaza qilish ta’limi.
YuNESKO o’z faoliyatini 1946 yilda boshlagan. O’zbekiston Respublikasi unga 1993 yil oktyabrda a’zo bo’lgan. YuNESKO faoliyati atrof muhit va uning resurslari sohasidagi tadqiqotlarni tashkil etishga qaratilgan. U tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi va boshqa tabiatni muhofaza qilish tashkilotlarini tuzishda faol ishtirok etdi.
1970 yilda YuNESKO Bosh Assambleyasi uzoq muddatga mo’ljallangan xukumatlararo va fanlararo “Inson va biosfera” dasturini maqulladi.
Dasturda biosfera va uning ekologik rayonlarining strukturasi va funktsiyasini har tomonlama o’rganish, inson faoliyati natijasida biosferadagi o’zgarishlarni sistematik kuzatish, bu o’zgarishlarni insonga ta’sirini tahlil qilish, ushbu masalalar bo’yicha zarur ma’lumotlarni berish vazifalari yotadi. Bu dasturni amalga oshirishda 100 dan ortiq mamlakatlar ishtirok etmoqda. 1972 yil Stokgolmda bo’lib o’tgan BMT konferentsiyasi tavsiyalariga muvofiq YuNESKO va YuNEP 1975 yilda atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ta’lim bo’yicha xalqaro dasturni amalga oshira boshladilar. Bu muammoni xal qilish uchun 1977 yil oktyabrda Tbilisida xukumatlararo konferentsiya o’tkazildi.
IAEA 1967 yilda tashkil topgan. O’zbekiston Respublikasi 1994 yil yanvardan shu tashkilot a’zosi hisoblanadi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti (WHO) 1947 yilda tashkil topgan. Unga 150 dan ortiq davlat a’zodir. O’zbekiston ushbu tashkiloti 1992 yil may oyidan a’zo.
IMKO 1948 yilda tuzilgan va uning rahbarligida dengizlar ifloslanishining oldini olishning texnikaviy va tashkiliy me’yorlari ishlab chiqiladi.
1945 yilda tashkil etilgan FAO faoliyat yerlarni, suv havzalarini, o’rmonlarni va xayvonot dunyosini muhofaza qilishi bilan bog’langan.
1948 yilda tashkil etilgan Tabiatni Qo’riqlash Xalqaro Ittifoqi (TQXI) turli xukumat va jamoat tashkilotlarini birlashtiradi. Bu ittifoqqa O’zbekiston 1995 yildan beri hamkorlik qiladi. Muammolar bo’yicha ilmiy-texnikaviy kengashlar, konferentsiyalar, yirik xalqaro forumlar bo’ldi.
20 ga yaqin sanoati rivojlangan davlatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada Iqtisodiy Xamkorlik va Rivojlanish tashkilotiga, G’arbiy Yevropaning 10 ta davlati – Yevropa Iqtisodiy Xamjamiyatiga birlashgan. Bu tashkilotlar turli iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda atrof muhitni muhofaza qilishga yo’naltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqqanlar.
Xulosa qilib aytganda, yuqorida ko’rib chiqilgan ma’ruzalarga asoslanib, tabiat resurslarini asrash, saqlash, samarali foydalanish, insoniyat faoliyatini sog’lomlashtirish, tabiatni va atrof muhitni muhofaza qilish, shuningdek, mavjud bo’lgan planetadagi ekologik muammolarni yechish borasida (kechroq boshlangan bo’lsa ham) davlatlararo va O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, texnikaviy tadbirlar ma’lum darajada amalga oshirilmoqda. Tabiatga bog’liq nazorat va monitoring ishlari bajarilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |