Suvsarsimonlar oilasiga mansub yirtqichlarning oyoqlari kalta, tanasi ingichka bo‘lib, yoriqlarga kirishga moslashgan. O‘zbekistonda suvsarlardan bo‘rsiq, suvsar, qunduz, olaqo‘zan, latcha va norka uchraydi. Bo‘rsiq (qashqaldoq) tog‘ o‘rmonlari, to‘qay va dashtlarda yashaydi. Inlarini jarliklar va tepaliklar yonbag‘riga quradi; kechasi ovga chiqadi. Turli hasharotlar, kemiruvchilar, shuningdek, to‘kilgan mevalar va o‘simliklarning yer osti tuganaklari bilan oziqlanadi.
Ayiqsimonlar oilasi. Ayiqlar – baquvvat va yirik hayvonlar (109- rasm). O‘zbekiston tog‘larida qo‘ng‘ir ayiq uchraydi. U o‘simliklar ildizi va nihollari bilan oziqlanadi, ba’zan hasharotlar va sug‘urlarni tutib yeydi, yozda esa mevalar bilan oziqlanadi. Ayiq oziq taqchil bo‘lgan qish faslida uyquga ketadi. Arktika muzliklarida oq ayiq yashaydi. Uning og‘irligi 800 kg keladi. Oq ayiq suvda yaxshi suzadi va sho‘ng‘iydi; asosan tyulenlar va baliqlar bilan oziqlanadi.
Savol va topshiriqlar.
1. Bo‘rilar qanday hayot kechiradi?
2. Tulkilar qanday hayot kechiradi?
3. Mushuksimonlar o‘ljasini qanday tutadi?
5. Suvsarlar tanasi qanday tuzilgan?
6. Ayiqlar qanday hayot kechiradi?
56-§.Dengiz sutemizuvchilari: kurakoyoqlilar va kitsimonlar turkumlari
Kurakoyoqlilar turkumi. Kurakoyoqlilar – bo‘yni kalta, oldingi oyoqlari suzgich kurakka aylangan yirik hayvonlar. Ular ko‘p vaqtini suvda o‘tkazadi; faqat dam olish va ko‘payish uchun quruqlikka chiqadi. Kurakoyoqlilarga tyulenlar, dengiz mushugi, morj kiradi (110-rasm). Grenlandiya tyuleni Arktika dengizlarida yashaydi. Quruqlikda kurak oyoqlari yordamida sudralib harakat qiladi. Keyingi oyoqlari orqaga cho‘zilgan bo‘lib, faqat suzish uchun xizmat qiladi. Tanasi dag‘al, kalta va siyrak jun bilan qoplangan. Ko‘pchilik tyulenlarning quloq suprasi bo‘lmaydi; baliqlar, mollyuskalar va qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Qishda tyulenlar qirg‘oqqa yaqin kelib, tekis muzlikka chiqib oladi. Urg‘ochilari bittadan yirik, ko‘zi ochiq bola tug‘adi. Tyulen bolasining terisi qalin oq momiq jun bilan qoplangan. Momiq jun uni sovuqdan asraydi va uni muz ustida sezdirmaydi. Momiq junlari to‘kilib, dag‘al jun bilan almashgandan so‘ng bolasi suvga tushib, suza boshlaydi. Dengiz mushugi Uzoq Sharq dengizlarida yashaydi. Yoz boshlarida ular podasi bolalash uchun qirg‘oqqa chiqib oladi. Urg‘ochilari qora jun bilan qoplangan bitta bola tug‘adi. Bolalari o‘sib suza boshlagach, ular yana dengizga tushib ketishadi.Tyulen va morj terisi va yog‘i, dengiz mushugi mo‘ynasi uchun ovlanadi. Morjning yuqori jag‘larida uzun qoziq tishi bo‘ladi. Bu tishlar fil suyagi singari qadrlanadi. Dengiz mushuklarining soni juda kamayib ketganligi tufayli hozir ularni ovlash man qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |