Xaltalilar tuxum qo‘yuvchilarga nisbatan birmuncha murakkab tuzilgan. Ular tirik bola tug‘adi; kloakasi bo‘lmaydi. So‘rg‘ichlari rivojlangan, tana harorati nisbatan yuqori (37°C gacha), bachadoni rivojlanmagan yoki juda kuchsiz rivojlangan. Shuning uchun tug‘ilgan bolalari juda kichik va zaif bo‘ladi. Masalan, bo‘yi 2 m keladigan kenguru bolasining uzunligi bor-yo‘g‘i 3 sm. Xaltalilarning urg‘ochisi tug‘ilgan bolasini ancha vaqt qornidagi xaltasida olib yuradi (104-rasm).Xaltalilar Avstraliya qit’asi va uning yaqinidagi orollarda, ayrim turlari esa Markaziy va Janubiy Amerikada yashaydi. Ularning 270 ga yaqin turi ma’lum. Ulardan kenguru, koala, xaltali sichqon, xaltali bo‘ri ko‘pchilikka ma’lum. Kenguru uzun va kuchli orqa oyoqlarida sakrab harakatlanadi, oldingi oyoqlari yordamida o‘tlar, shox-shabbalardan iborat ozig‘ini og‘ziga soladi.Yo‘ldoshlilar tuxum qo‘yuvchilar va xaltalilarga nisbatan ancha yuqori tuzilgan. Ularning homilasi urg‘ochisi bachadonida rivojlanadi. Yo‘ldoshlilar mayda sichqonlardan tortib, juda yirik fillargacha bo‘lgan xilma-xil sutemizuvchilar, shu jumladan, deyarli barcha xonaki hayvonlarni o‘z ichiga oladi.
Savol va topshiriqlar.
1. Tuxum qo‘yuvchilar qanday tuzilgan?
2. O‘rdakburun qanday hayot kechiradi?
3. Xaltalilar qanday tuzilgan?
4. Tuxum qo‘yuvchilar va xaltalilar qayerda tarqalgan?
5. Yo‘ldoshlilar uchun xos xususiyatlar nimadan iborat?
54-§. Qo‘lqanotlilar va kemiruvchilar turkumlari
Qo‘lqanotlilar turkumi. Qo‘lqanotlilar – uchishga moslashgan sutemizuvchilar. Ularning oldingi oyoqlari o‘zgarib, qanotga aylangan (105-rasm). Oldingi oyoqlari suyaklari oralig‘iga hamda orqa oyoqlari bilan tanasining ikki yoni o‘rtasiga yupqa teri parda tortilgan. Bu parda hayvon uchganida ko‘tarish yuzasini hosil qiladi. Lekin oldingi oyoqlarining birinchi barmog‘i hamda ke yingi oyoqlarining panjasi erkin bo‘ladi. Ular qo‘nganida bu panjalari bilan g‘orlarning devoriga, daraxtlar tanasiga yopishib oladi yoki ularga asta-sekin chirmashib chiqadi.Ko‘rshapalaklarning ko‘zlari ojiz bo‘lib, yaxshi ko‘rolmaydi. Lekin ular tunda ham biron narsaga urilmasdan ucha oladi; hasharotlarni og‘zi bilan tutib oladi. Ko‘rshapalaklarning fazoda mo‘ljal olish xususiyati ularning ultratovush tarqatishi va uni qabul qilishi bilan bog‘liq. Uchayotgan hayvon burni va og‘zidan uzuq-yuluq ultratovush chiqaradi. Tovush uning yo‘lida uchraydigan obyektdan aks-sado singari qaytadi. Uning qulog‘i ana shu qaytgan tovush to‘lqinlarini qabul qilganligi tufayli o‘z o‘ljasini topadi yoki to‘siqni sezadi. Ko‘rshapalaklar qon so‘ruvchi va zararkunanda hasharotlarni qirib, foyda keltiradi. Ko‘rshapalaklarni aholi yashay digan joylarga jalb qilish uchun pana joylarni buzmaslik va yangi pana joylar yaratish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |