Toq tuyoqlilar turkumi. Bu hayvonlarning oyog‘ida bitta yoki uchta barmog‘i bo‘ladi, biroq faqat uchinchi barmog‘i kuchli rivojlangan. Hayvon tanasining og‘irligi, asosan, shu barmoqqa tushadi. Oshqozoni sodda tuzilgan, ammo ko‘richak o‘simtasi juda uzun bo‘ladi. Toq tuyoqlilar yalanglikda yashaydigan hayvonlar bo‘lib, ularga ot, eshak, karkidon, tapir, zebra va qulon kiradi (114-rasm). Yovvoyi Prjevalskiy oti XX asr o‘rtalarigacha Markaziy Osiyo (Mo‘g‘uliston va Xitoy) cho‘llarida yashagan; hozir qo‘riqxonalar va hayvonot bog‘larida saqlanib qolgan. Tanasining uzunligi 230 sm, balandligi 130 sm, vazni 300 kg keladi. Xonaki otlar qirilib ketgan yovvoyi ot – tarpandan, xonaki eshak esa Afrika yovvoyi eshagidan kelib chiqqan. Tapirlarning bir necha turlari Janubiy Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyodagi o‘rmonlarda yashaydi. Karkidon tropik Afrika va Janubiy Osiyoda tarqalgan.
Savol va topshiriqlar.
1. Tuyoqli sutemizuvchilar qanday tuzilgan?
2. Juft tuyoqlilar uchun xos belgilar nimadan iborat?
3. Kavsh qaytaruvchilar oshqozoni qanday tuzilgan?
4. Kavsh qaytarmaydigan juft tuyoqlilar qanday tuzilgan?
5. Toq tuyoqlilar yashash muhitiga qanday moslashgan?
58-§.Primatlar turkumi. Sutemizuvchilarning ahamiyati
Primatlar, ya’ni maymunlar – sutemizuvchilar orasida eng yuksak tuzilgan hayvonlar («primatlar» so‘zi ham «birinchilar» ma’nosini anglatadi). Bu turkumga 200 dan ortiq tur kiradi. Ko‘pchiligi qalin tropik o‘rmonlarda yashaydi. Barmoqlari uzun, ikkala oyoqlaridagi bosh barmog‘i boshqa barmoqlarga qarama-qarshi qo‘yilgan. Barmoqlarning bunday joylashishi ularga shoxlarni mahkam ushlab turishga hamda mayda narsalarni tutib turishga imkon beradi. Ularning barmoqlarida boshqa hayvonlardagi singari changal emas, balki yassi tirnoqlar bo‘ladi. Oyoqlari yurish bilan birga ozig‘ini ushlash, junlarini tozalash va tarash vazifasini ham bajaradi. Tanasining yuzi va qo‘l-oyoq kaftlarida jun bo‘lmaydi. Maymunlarning ko‘zlari boshining oldingi tomonida joylashganligidan ular birdaniga ikki ko‘zi orqali qaraydi. Shuning uchun ular buyumning hajmini, ungacha bo‘lgan masofani va rangini boshqa hayvonlarga nisbatan juda yaxshi aniqlaydi. Ko‘zning bu xususiyati shoxdan shoxga sakrab hayot kechiradigan maymunlar uchun ayniqsa katta ahamiyatga ega. Maymunlarning barmoqlari, junsiz kafti va tovoni asosiy tuyg‘u a’zosi hisoblanadi. Bosh miyasi boshqa sutemizuvchilarnikiga nisbatan ancha yirik. Bosh miya katta yarimsharlarida burmalarning ko‘p bo‘lishi tufayli fe’l-atvori ham murakkab va xilma-xil bo‘ladi. Ular gala bo‘lib yashaydi. Kuchli erkagi galada boshchilik qiladi. Tropik Amerikada yashaydigan maymunlarning burun kataklari keng, dumi uzun bo‘lganidan ular keng burunli maymunlar deyiladi. Ular dumlari bilan xuddi oyoqlari singari daraxt shoxlariga osilib turishi mumkin. O‘rgimchak maymun uzun oyoq va qo‘llari yordamida daraxtlarga ilakishib olganligidan unga shunday nom berilgan. Afrikada va Janubiy Osiyoda yashaydigan tor burunli may- munlarning burun teshigi tor bo‘lib, tog‘ay to‘siq bilan ikkiga ajralgan; dumi daraxtda osilib yurishda ahamiyatga ega emas. Bir qancha turlarining dumi kalta yoki butunlay bo‘lmaydi. Primatlar orasida odamsimon maymunlar eng yirik va yuksak tuzilgan. Ularga Afrika qit’asida yashaydigan gorilla va shimpanze,Kalimantan va Sumatra orollarida tarqalgan orangutan kiradi (115- rasm). Ularning dumi bo‘lmaydi; oldingi oyoqlari hamda panjasining orqa tomoniga biroz tayangan holda orqa oyoqlarida harakat qiladi. Bosh miyasi kuchli rivojlanganligi tufayli turq-atvori ham juda murakkab bo‘ladi. Ularning xotirasi kuchli bo‘lib, sodda mehnat qurollarini yasash va ulardan foydalanishni biladi. Shimpanze cho‘plar yordamida asalarilar uyasiga kiradigan teshiklarni kengaytiradi; daraxtdan sindirib olingan novda yordamida tor teshiklardan hasharotlarni kovlab oladi, mayda cho‘plar yordamida tishlarini tozalaydi, tovush va imo-ishoralar yordamida o‘zaro muloqot qiladi. Ular yuz muskullari yordamida ichki kechinmalarini, ya’ni qo‘rquv, hayajon, achchig‘lanishi yoki xursandligini ifodalay oladi. Bu jihatdan ular odamlarga o‘xshaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |