Oraliq miya miya sopining bir qismi bo’lib, ko’ruv do’mbog’i yoki talamus,
epitalamus (do’mboq usti) va gipotalamus (do’mboq osti) lardan iborat. Katta
yarimsharlarga boradigan barcha afferent yo’llar (hidlov yo’lidan tashqari) talamus
orqali o’tadi, shuning uchun uni miya kollektori ham deyiladi. Talamusda 40 ga
yaqin nerv yadrolari bo’lib, ular funksional jihatdan spetsifik, nospetsifik,
assotsiativ va motor yadrolarga bo’linadi. Spetsifik yoki proeksion yadrolar miya
po’stlog’idagi muayyan sohalar bilan sinaptik bog’langan, ulardan qaysi biri
buzilsa, tegishli efferent sezgining tamoman yo’qolishiga olib keladi. Ya'ni bu
yadrolar periferik retseptorlardan boradigan impulslarni miya po’stlog’iga
o’tkazadigan oraliq (bekat) stansiyalardir. Ularga faqat bir xil turdagi
retseptorlardan impulslar keladi. Spetsifik yadrolarda esktroretseptorlardan va
harakat apparatidan tashqari yana ichki organlardan keladigan efferent yo’llarning
proeksiyalari bor, bu elektrofiziologik tekshirishlar tufayli aniqlandi. Bu holat
talamusning visseral funksiyalarni idora qilishda ham qatnashishini ko’rsatadi.
Nospetsifik yadrolar miya sopi retikulyar formatsiyasi bilan bog’liq, ya'ni
undan keladigan yo’l shu yadrolar orqali o’tib po’stloqda keng tarqalgan bo’ladi
(muayyan nuqtalarda emas) va po’stloqning elektr faolligi va qo’zg’aluvchanligini
boshqarishda qatnashadi.
Assotsiativ yadrolar spetsifik yadrolarga o’xshab bir turdagi retseptorlardan
impulslar olib qolmasdan, balki bir yo’la bir nechta sezgi organlaridan impulslar
oladi, ularning funksiyasi to’liq o’rganilmagan.
Motor yadrolarga miyacha va bazal tugunlardan tolalar keladi va chiqadigan
tolalar po’stloqdagi oliy harakat markazlarigacha boradi. Ular harakatni boshqarib
boradi. Epitalamus aytilganidek, do’mboq ustki qismi bo’lib, unga qadoqsimon
tana (mozolistoe telo) tagidagi gumbaz va ichki sekretsiya bezi - epifiz kiradi.
Gipotalamus filogenistik jihatdan oraliq miyaning eng qadimgi qismi
hisoblanadi va u organizm ichki muhitini bir xil saqlashda hamda endokrin,
vegetativ va somatik tizimlar funksiyasining integratsiyasida (birlashishida) muhim
rol o’ynaydi. Uning kulrang moddasida ko’pgina hayotiy markazlarga daxldor 5
guruh yadrolar bor (preoptik, oldingi, o’rta, tashqi va keyingi yadrolar).
Gipotalamus bosh miyaning turli qismlari bilan murakkab aloqaga ega va
funksional jihatdan juda muhim markazlarga ega.
Gipotalamusning keyingi va lateral qismlari elektr toki bilan qitiqlanilsa
aynan simpatik nerv qitiqlanganidek effekt kuzatiladi, ya'ni ko’z qorachig’i
kengayadi, qon bosimi oshadi, yurak urishi chastotasi oshadi, ichaklar peristaltikasi
to’xtaydi va hokazo. Shuning uchun ham gipotalamusning bu sohasi ergotrop, ya'ni
oliy simpatik markazlar joylashgan bo’lim deb hisoblangan. Uning oldingi va
preoptik qismlari qitiqlanganida parasimpatik effekt kuzatilgan va uni trofotrop
soha deb yuritishgan. Lekin keyingi tekshirishlar gipotalamusda bunday oliy
simpatik va parasimpatik markazlarni aynan ajratish mumkin emasligini, ya'ni
uning oldingi va keyingi qismidagi markazlar qitiqlansa ham bir xil effekt
olinishini (qon tomirlarining torayishi va boshqalar) ko’rsatdi. Qon aylanishining
bulbar (uzunchoq miyadagi markazlar bilan) boshqarilishida aortada qon
bosimining oshishi o’z-o’zidan bulbar mexanizmi ishga solib, tomirlar kengayib,
yurak sekin urib qon bosimini pasayishi kuzatilsa, gipotalamus orqali
gemodinamikada bo’ladigan o’zgarishlar organizm yoki organlar holatiga bog’liq
bo’ladi. Masalan, muskul ishi payti muskullarda, ovqat hazm qilinishida esa
oshqozon-ichaklarda bosim oshadi va hokoao. Bundan tashqari u nafaqat qon
aylanishini, balki ichki a'zolar faoliyatini ham organizm faolligiga moslashtirib
turadi.
Laboratoriya sharoitida olib borilgan tekshirishlar gipotalamusning tana
haroratini bir xil saqlashda faol qatnashishini ko’rsatadi. Masalan, gipotalamusdagi
keyingi qism alohida olib qitiqlansa moddalar almashinuvi kuchayib, yurak urishi
tezlashadi, muskullarda qaltirash paydo bo’ladi va natijada tana harorati
ko’tariladi. Agar bu markazlar buzib tashlansa tananing tegishli issiqlik ajratib
turish holati to’xtaydi va harorat pasayib ketadi. Agar mushuklarda bosh miyaning
o’rta miyadan yuqori qismi kesib tashlansa, ular sovuq qonli hayvon singari tana
haroratini muhit haroratiga qarab o’zgartiradi.
Gipotalamusdagi oldingi qism yadrolari ham termoregulyasiyada faol
qatnashadi, ular tanadan issiqlik ajralishini integratsiya qiladi. Ular alohida olib
qitiqlanilsa, teridagi qon tomirlari kengayadi, ter suyuqligi ajralishi va nafas olish
tezlashadi. Bu markazlar umuman buzib tashlanganida esa tana harorati oshib
ketadi (gipertermiya). Gipotalamusning bu qismida maxsus issiqlik neyronlari
topilgan, ular qon haroratiga ko’ra umumiy tana issiqligini bir xil saqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: