Y. SAVOD O‘RGATISH JARAYONIDA ANALIZ –SINTEZ TOVUSH METODINING AHAMIYATI.
Savod o‘rgatish jarayoni.
Analitik sintetik tovush metodida savod o‘rgatish jarayoni 4 oy davom etadi. Bu jarayon 2 davrga bo‘linadi:
a) alifbegacha tayyorgarlik davri (2 hafta)
b) alifbo (asosiy) davr 31 dekabrgacha davom etadi.
Alifbogacha tayyorgarlik davri, o‘z navbatida, 2 bosqichga bo‘linadi:
a) harf o‘rganilmaydigan bosqich (2 hafta)
b) unli tovush va harf o‘rganiladigan bosqich (2 hafta)
Savod o‘rgatish jarayonidagi darslar predmetiga ko‘ra ikki turli:
a) "Alifbe" darsligi asosidagi o‘qish darslari
b) "Yozuv daftari" asosidagi yozuv darslari
1-bosqichning asosiy vazifasi o‘quvchilarni maktab, sinf bilan, tartib-intizom qoidalari bilan tanishtirish. Ularga nutq, og’zaki va yozma nutq haqida, gap, nutqning gaplardan tuzilishi, so‘z gaplarning so‘zlardan tuzilishi; bo‘g’in, so‘zlarning bo‘g’inlardan tuzilishi, so‘zlarning bo‘g’inlarga bo‘linishi; tovush, bo‘g’inlarning tovushlardan tuzilishini; tovushlarning unli tovush va undosh tovushlarga ajratilishini o‘rgatish, ulardan amaliy foydalana bilish ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat. Bu davrda maxsus nusxalar asosida o‘quvchilarning bog’lanishli nutqi ustida ishlanadi. Ularga «Alifbe»da berilgan rasmlar asosida hikoyalar tuzdirishdan tashqari, o‘zlari bilgan she’r, ertak, hikoya, tez aytish, maqol, topishmoq, xalq ashulalari, alla, qo‘shiqlar, latifalardan ayttirish lozim.
Tayanch so‘zlar asosida gap tuzdirish, «Alifbe» saxifalaridagi so‘zlar, ularning ma’nolari ustida ishlash kabi ishlar uyushtiriladi. (Bu tarzdagi ishlar har bir darsda mavzularga bog’liq ravishda izchil davom ettirib boriladi.)
Bu bosqichdagi yozuv darslarida o‘quvchilarda daftar bilan, yozuv chiziqlari bilan tanishtirish, harf elementlarini yozishga o‘rgatish, namunaga qarab grafik xatolarini aniqlash – o‘z-o‘zini tekshirish, harf oralarining tengligiga rioya qilish kabi ko‘nikmalar hosil qilinadi.
2-bosqichda unli tovush va unli harflar o‘rgatiladi. Bunda ularning uch xususiyatini: a) og’izda to‘siqqa uchramasligi; b) cho‘zib aytilishi; v) tarkibida faqat ovoz. qatnashishi kabilarni o‘quvchilarning amaliy ravishda puxta egallashlariga erishish lozim.
Shuningdek, bu bosqichda tovush bilan harfni farqlashga o‘rgatish ko‘zda tutiladi. Bu bosqichdayoq tovush va harf o‘rtasidagi chegaraga qat’iy rioya qilinadi. Bolalarga tovush haqida ma’lumot kitob ochtirilmay beriladi. Tovushni ifodalovchi harf ko‘rsatilgach, harf ustida ishlanadi. Tovush va harfga oid xususiyatlar (tovushlarni talaffuz qilamiz, eshitamiz, harflarni yozamiz, ko‘ramiz, o‘qiymiz) ham izchil ravishda o‘quvchilarni o‘zlashtirishlarini hisobga olgan holda ochila boriladi.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilarga tarbiya ham berib boriladi. Tarbiyalash didaktikaning muhim prinsiplaridandir.
Maktabda axloqiy tarbiya beriladi, ilmiy dunyoqarash elementlari shakllantiriladi.
Bolalar darsda ommaviy siyosiy tushunchalarni egallaydilar.
"Alifbe" sahifalarida do‘stlik, baynalmilal munosabat, bolalar mehnati, tabiat, kattalar mehnati, bolalar o‘yinlari, oila, maktab hayoti kabi rasmlar berilgan. Turli mavzularda matn berilgan. Bular bolalarda o‘zaro do‘stlik, mehnatsevarlik, mehnatni qadrlash, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, tabiatni sevish va asrash, hayvonot dunyosiga qiziqish, ularni muhofaza qilish, maktab va o‘qishni sevish- umuman, estetik tarbiyani shakllantiradi. Bular bolalarni xalqning qaynoq hayotiga, uning baxtiga, orzulariga, muvaffaqiyatlariga ruxlantiradi. Demak, bolalarga axloqiy, g’oyaviy- siyosiy, mehnat va estetik tarbiya berish ham savod o‘rgatish vazifasiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |