II.ALIFBEGACHA BO’LGAN DAVR VA UNING MOHIYATI.
Savod o’rgatishni to’g’ri tashkil etish uchun bolalarning unga nutqiy tayyorgarligi maxsus o’rganish talab etiladi. Maxsus o’rganish avgustda, hatto undan oldin – bahordan boshlanadi. 1-sinfga keladigan o’quvchining oilasiga yoki bolalar bog’chasiga boriladi, suhbat o’tkaziladi, bolalarning umumiy bilim saviyasi aniqlanadi.
Shuningdek, bola nutqining sintaktik qurilishi ham foydalanadigan so’zlar doirasi ham o’rganiladi, to’plangan materiallar 2 variantda yoziladi.
a) har bir o’quvchi haqida alohida ma’lumot, bu bolaga yakka yoki differensial yondashish uchun kerak bo’ladi;
b) sinf o’quvchilari uchun umumiy ma’lumot, bu ma’lumotdan darsda sinf o’quvchilari uchun umumiy ishlar metodikasini tanlashda foydalaniladi.
v) ma’lumotning bittasi maktab ma’lumotida, ikkinchi nusxasi sinf o’qituvchisida qoladi.
1-bosqichning asosiy vazifasi o’quvchilarni maktab, sinf bilan tartib-intizom qoidalari bilan tanishtirish. Ularga nutq, og’zaki va yozma nutq haqida gap, nutqning gaplardan tuzilishi, so’z, gaplarning so’zlardan tuzilishi; bo’g’in, so’zlarning bo’g’inlardan tuzilishi, so’zlarning bo’g’inlarga bo’linishi; tovush, bo’g’inlarning tovushlardan tuzilishini; tovushlarning unli tovush va undosh tovushlarga ajratilishini o’rgatish, ulardan amaliy foydalana bilish ko’nikmalari hosil qilishdan iborat. Bu davrda maxsus nusxalar asosida o’quvchilarning bog’lanishli nutqi ustida ishlanadi. Ularga “Alifbe”da berilgan rasmlar asosida hikoyalar tuzdirishdan tashqari, o’zlari bilan she’r,ertak, hikoya, tez aytish, maqol, topishmoq, xalq ashulalari, alla, qo’shiqlar, latifalardan ayttirish lozim.
Tayanch so’zlar asosida gap tuzdirish, “Alifbe” sahifalaridagi so’zlar, ularning ma’nolari ustida ishlash kabi ishlar uyushtiriladi. (Bu tarzdagi ishlar har bir darsda mavzularga bog’liq ravishda izchil davom ettirib boriladi)
Bu bosqichdagi yozuv darslarida o’quvchilarga daftar bilan, yozuv chiziqlari bilan tanishtirish, harf elementlarini yozishga o’rgatish, namunaga qarab grafik xatolarini aniqlash – o’z-o’zini tekshirish, harf oralarining tengligiga rioya qilish kabi ko’nikmalar hosil qilinadi.
2-bosqichda harf elementlarini yozishga o’rgatiladi.
Shuningdek, bu bosqichda tovush bilan harfni farqlashga o’rgatish ko’zda tutiladi. Bu bosqichdayoq tovush va harf o’rtasidagi chegaraga qat’iy rioya qilinadi. Bolalarga tovush haqida ma’lumot kitob ochirilmay beriladi. Tovushni ifodalovchi harf ko’rsatilgach, harf ustida ishlanadi. Tovush va harfga oid xususiyatlar (tovushlarni talaffuz qilamiz, eshitamiz, harflarni yozamiz, ko’ramiz, o’qiymiz) ham izchil ravishda o’quvchilarni o’zlashtirishlarini hisobga olgan holda ochila boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |