Aim.uz
Strategik tahlil tayyorlash metodikasi
Reja:
Strategik ma’ruzani rasmiylashtirish
Tendensiyalarni aniqlash
Tahlilning omil metodi
Matnni tashkil etish
Tahliliy ma’ruzaning xulosalari va tavsiyalari
Tayanch so‘z va iboralar:
Strategik tahlil tendensiyasi, barqaror tendensiya, ijobiy tendensiya, salbiy tendensiya, geosiyosiy omillar, geoiqtisodiy omillar, xususiy omillar, omillar monopolizatsiyasi, omillar neytralizatsiyasi, xulosa, prognozlash, tavsiyalar.
Strategik ma’ruzani rasmiylashtirish
Umuman olganda, tahliliy ma’ruza matni, ilovasi va bibliografiyasini rasmiylashtirish O‘zR OAKning ilmiy izlanishlar uchun qo‘yilgan asosiy talablariga mos kelishi kerak.
Ammo bu ma’ruzalar tayyorlanadigan analitik tuzulmalar spetsifikasi bilan bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlar bor. Ma’ruza hajmi tadqiq qilinayotgan muammolar (operativ aralashuvni talab qiluvchi vaziyat yoki muammoning ko‘p omilli fundament tahlili) va analitik muassasalar talablariga ko‘ra, 1-3dan 15-20 sahifagacha va undan ko‘p bo‘lishi mumkin.
Tahliliy ma’ruzalarning ko‘pligi va xalqaro siyosat tahlili bilan shug‘ullanuvchi institutlar faoliyatining zamonaviy ritmlari strategik ma’ruzalarni rasmiylashtirish uchun maxsus qoidalarni ilgari suradi.
Operativ ma’lumotlarni tezda o‘zlashtirish va ularni amalda qo‘llash maqsadida kichik ma’ruzalar va tahliliy qaydlar ilmiy ishning reja, ilova va tadqiqot bibliografiyasi kabi zaruriy atributlariga ega emas. Ilk qatordan muallif tadqiqot qilinayotgan muammoni belgilaydi va faollashtiradi hamda dolzarbligini asoslaydi va bevosita uning tahliliga o‘tadi. Har qanday ma’ruzada eng qimmatli qism uning xulosa qismi hisoblanadi. Unda muallif shaxsiy xulosalarini chiqaradi va mamlakatning siyosatini shakllantiruvchi siyosiy institutlar uchun tavsiyalar beradi.
Biroq, ma’ruzani nashr qilishga tayyorlashda, u barcha talablarga javob berishi kerak, unda reja, iqtibos, ilova (agar kerak bo‘lsa) hamda bibliorafiya bo‘lishi kerak. G‘arbda, odatda, tahliliy maqola boshida qisqa rezyume beriladi, unda ma’ruza muallifining asosiy g‘oyalari va tavsiyalari aks etadi. Har qanday holatda strategik ma’ruza tili aniq, ixcham bo‘lishi kerak, ikki ma’noli va aylanma gaplardan chetda bo‘lishi kerak, muammoning ortiqcha tavsilotlarini takrorlamaslik kerak. Umuman olganda, bu, bayon qilishning qat’iy ilmiy uslubi bo‘lishi kerakki, tahliliy material jurnalistik ocherk va maqolalar hamda boshqa adabiy nashrlardan shunisi bilan farq qiladi.
Ma’ruza nomlanishida tadqiqot muammosi beriladi. Odatda, tadqiqot tashqi siyosiy muammoning biron-bir jihati tahliliga bag‘ishlanadi. Bir strategik ma’ruza doirasida muammoni har tomonlama tahlil qilish amalda mumkin emas. Shuning uchun nomlanish taxminan quyidagicha boshlanishi mumkin: “…ichki siyosatni idrok qilish tendensiyalari to‘g‘risida”, “…tashqi siyosiy taraqqiyotning ba’zi muammolari”, “…to‘g‘risida”, “… dagi ichki siyosiy vaziyat” va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |