6-Mavzu: Korxona tavsifi
Har qanday korxona yuridik shaxs maqomiga ega bo’lishi lozim. Foyda olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi bo’lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo’lishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot bo’lgan yuridik shaxs xususiy korxona, xo’jalik shirkati va aksiyadorlik jamiyati, unitar korxona va qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot bo’lmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin.
Tijoratchi bo’lmagan tashkilot o’zining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot sifatida faoliyat yuritadigan korxonalar xususiyatlarini birma-bir ko’rib chiqamiz.
Xususiy korxona deb, mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot e’tirof etiladi1. Xususiy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir.
Xususiy korxona o’z mulkida alohida mol-mulkka ega bo’ladi, o’z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo’lishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda da’vogar va javobgar bo’lishi mumkin.
Xususiy korxona o’z majburiyatlari bo’yicha o’ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Xususiy korxona mulkdori korxonaning mol-mulki yetarli bo’lmagan taqdirda xususiy korxonaning majburiyatlari bo’yicha o’ziga qarashli mol-mulk bilan javobgar bo’ladi.
Xususiy korxona to’liq firma nomiga ega bo’lishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega bo’lishga haqli. Xususiy korxonaning to’liq firma nomi uning to’liq nomini va "xususiy korxona" degan so’zlarni o’z ichiga olgan bo’lishi kerak. Xususiy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va "xususiy korxona" degan so’zlarni yoki "XK" abbreviaturasini o’z ichiga olishi kerak.
Xususiy korxona o’zining to’liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xususiy korxonaning joylashgan yeri ko’rsatilgan muhrga ega boʹlishi kerak. Muhrda ayni paytning o’zida uning firma nomi boshqa tilda ham ko’rsatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |