Hozirgi zamon sharoitlarida davlat, munitsipal, jamoa, individual (oilaviy, xususiy) turdagi korxonalar mavjud bo’lib, ular o’zlariga biriktirib qo’yilgan mulk tavsifi yoki tezkor (operativ) boshqaruv huquqiga ko’ra ham tasniflanadi.
Xoʹjalik faoliyati yurituvchi har bir subyekt bir qator huquqlarga ega bo’lib, bular bir tomondan, ularning ichki tashkilotchiligini aniqlab bersa, ikkinchi tomondan, jismoniy va huquqiy shaxslar hamda davlat bilan o’zaro munosabatlarini amalga oshirishga ko’maklashadi.
Korxonalar huquqiy shaklining har bir ko’rinishida ularning egalari, ya’ni xususiy mulk egalari, korxona bilan turli darajadagi aloqada bo’ladilar. Masalan, ochiq turdagi hissadorlik jamiyati egalari korxona mulkining bir qismigagina egalik qilish huquqiga egalar hamda boshqaruv funksiyalarini amalga oshirishda ham o’z aksiyalari miqyosida ishtirok etadilar.
Xo’jalik shirkatlarida esa mulk egasi va mulk yaqinlashtirilgan bo’lib, korxonani boshqarishda ularga bevosita ishtirok etish imkoniyati yaratib berilgan.
Firma - korxona tushunchasidan kengroq tushunchadir, ya’ni u ma’lum nom bilan biznes olib boruvchi tashkilotdir. Firma-tovar ishlab chiqarish va barcha sohalarda xizmat ko’rsatish ishlarini bajarish uchun foyda olish maqsadida resurslarni jamlaydigan va undan foydalanadigan tadbirkorlik shaklidir. Ularning kengroq uchraydigan turlari: faktoring firmasi, lizing firmasi, injiring firmasi, konsalting firmasi, venchur firmalar va boshqalardir.
Faktoring firmasi begona qarz majburiyatlarini-veksellarni sotib olish bilan shug‘ullanadi.
Lizing firmasi-lizing to’lovlari bilan shug‘ullanadi.
Injiniring korxona – muxandislik-maslahat xizmatlarni tijoratchilik qoidalariga asoslangan holda amalga oshiradi.
Bunday korxona (firma):
- ishlab chiqarishni ta’minlash;
- mahsulot sotishni uyushtirish;
- ishlab chiqarish obyektlarini qurib, ishga tushirish yuzasidan maslahat berish bilan shug’ullanadi.
Eksport injiniring firmalari boshqa mamlakatlarga xizmat ko’rsatadi, chet eldagi ilmiy g‘oyalar va texnik ishlanmalarni xorijda joriy etadi, murakkab va ulkan loyihalarni amalga oshiradi. Injiniring bilan birga mashina va uskunalarni eksport qilib, yetkazib beradi.
Konsalting – bu ishlab chiqarishga ish yuzasidan xizmat ko’rsatish sohasida ixtisoslashgan firmalarning o’z mijozlariga maslahat xizmati ko’rsatish va texnik loyihalarni ekspertiza qilish bilan bog‘liq iqtisodiy faoliyatdir.
Konsalting firmalarining asosiy vazifalari quyidagilardir:
- tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun sheriklar tanlash;
- maslahatchilik tashkilotlarining taraqqiy topishiga va xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko’maklashish;
- yagona axborot-so’rovnoma fondini yaratish va yagona reklama strategiyasi (yo’nalishi)ni amalga oshirish yo’li bilan ularning a’zolari faoliyatini umum maqsadlar yo’lida jamlash va hokazo.
Konsalting firmalarining kichik biznes sohasida keng tarqalgan maslahat xizmatlari quyidagilardan iborat:
- barcha mulk shakllaridagi korxonalarni ro’yxatga olish uchun ta’sis hujjatlarni tayyorlash bo’yicha maslahatlar berish;
- marketing bo’yicha izlanishlar o’tkazish;
- xususiylashtirish, aksiyadorlashtirish dasturlarini ishlab chiqish;
- tashqi iqtisodiy faoliyat bo’yicha maslahat berish;
- reklama strategiyasini ishlab chiqish, reklama materiallarini tayyorlash va ularni tarqatish;
- huquq, moliya va boshqaruv masalalari bo’yicha maslahatlar berish;
- intellektual mulkni himoya qilish masalasi bo’yicha maslahatlar berish;
- ishchi xizmatchilarni tayyorlash va malakasini oshirish;
tadbirkorlik va kichik biznesni taraqqiy toptirishga xizmat qiluvchi tadbirlarni o’tkazish;
- firma ish uslubini ishlab chiqish;
- xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarish sanitariyasi, madaniyat, atrof-muhitni himoya qilish masalalari bo’yicha maslahatlar berish;
- investitsiyalarni jalb qilish, imtiyozli kredit olish, zaruriy resurslarni va kapitallarni sotib olish bo’yicha maslahatlar berish va h.k.
Venchur korxonalar – bu kichik biznesning bir turi bo’lib, ular:
- ilmiy muhandislik ishlarini bajarish;
- yangi texnika, texnologiya, tovar namunalarini yaratish;
- ishlab chiqarishni boshqarish;
- tijorat ishini tashkil etish usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- yirik firmalar va davlat ijara kontrakti buyurtmalarini bajarish kabi ishlarni amalga oshiradilar.
Bu vazifalarni ular davlat va yirik firmalar buyurtmasiga binoan kontrakt-bitimlar asosida bajarishadi. Venchur korxonalar texnikaning yangi yo’nalishlarida faollik ko’rsatadi va bu bilan fan-texnika taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shadi.
Iqtisodiyotimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri sanoat ishlab chiqarishini jahon iqtisodiyotida o’z o’rniga ega bo’lgan raqobatbardosh korxonalar tashkil qilish maqsadidagi tuzilmaviy qayta qurishdan iborat. Buning uchun integratsiya hamda turli tashkiliy-huquqiy shakldagi korxonalarni vaqtinchalik yoki doimiy ravishda kooperatsiya yoki konsentratsiya asosida birlashtirish amalga oshiriladi.
Kooperatsiya jarayonida konsern, konsorsium, xo’jalik asotsiatsiyasi kabi tashkiliy shakllar vaqtnchalik yoki doimiy ravishda tuzilishi mumkin. Ushbu tuzilmaviy birliklarining mohiyatini qisqacha ko’rib chiqamiz.