Aksiyadorlik jamiyati deb ustav fondi jamiyatning aksiyadorlarga nisbatan majburiyatlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan xo’jalik yurituvchi subyekt hisoblanadi4.
Jamiyat qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning har qanday turlarini amalga oshirish chog‘ida huquqlarga ega bo’ladi va majburiyatlarni o’z zimmasiga oladi.
Jamiyat davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlarini qo’lga kiritadi. Jamiyat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, cheklanmagan muddatga tuziladi.
Jamiyat o’zining firma nomi davlat tilida to’liq yozilgan hamda joylashgan manzili ko’rsatilgan yumaloq muhriga ega bo’lishi lozim. Muhrda ayni paytning o’zida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham ko’rsatilishi mumkin.
Jamiyat o’z nomi yozilgan shtampi va blankalariga, o’z timsoliga, shuningdek belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan tovar nishoniga hamda boshqa o’z belgi-alomatlariga ega bo’lishga haqlidir.
Jamiyat o’z firma nomiga ega bo’ladi, bu nom firmaning tashkiliy-huquqiy shakli va turini (ochiq yoki yopiq) aks ettirishi kerak.
Jamiyat davlat tilida va ayni paytning o’zida jamiyat xohishiga ko’ra boshqa tillarda o’zining to’liq va qisqartma nomlariga ega bo’lishga haqlidir.
Aksiyadorlik jamiyati ochiq yoki yopiq bo’lishi mumkin. Ochiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari tarkibiga kiruvchilarning eng kam soni cheklanmaydi, yopiq aksiyadorlik jamiyatining muassislari esa kamida uch shaxsdan iborat qilib belgilanadi. Jamiyatning har bir muassisi uning aksiyadori bo’lishi lozim.
Qatnashchilari o’zlariga tegishli aksiyalarini o’zga aksiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin bo’lgan aksiyadorlik jamiyati ochiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Ochiq aksiyadorlik jamiyati o’zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o’tkazishga va qonun hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda ularni erkin sotishga haqlidir. Ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni chegaralanmaydi.
Aksiyalari faqat o’z muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi.
Bunday jamiyat o’zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o’tkazishga yoxud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. Yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni ellik nafardan ziyod bo’lishi mumkin emas. Belgilangan chegaradan ortib ketgan taqdirda u yopiq aksiyadorlik jamiyatlari uchun miqdori aksiyadorlarning chegaralangan limitidan ortib ketgan shaxslar aksiyadorlar reestrida ro’yxatga olingan kundan e’tiboran olti oy ichida ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi, ushbu muddat tugagach, sud tartibida tugatilishi lozim. Yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlari sotayotgan aksiyalarni o’zga shaxsga taklif etilayotgan narxda sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo’ladilar. Agar aksiyadorlar aksiyalarni sotib olishda o’z imtiyozli huquqlaridan foydalanmasalar, jamiyat aksiyadorlar tomonidan sotiladigan aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquqqa ega bo’lishi uning ustavida ko’zda tutilishi mumkin.
Aksiyadorlar sotayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanish tartibi, muddati jamiyat ustavida belgilab qo’yiladi. Imtiyozli huquqdan foydalanish muddati aksiyalar savdoga qo’yilgan paytdan boshlab 30 kundan kam va 60 kundan ko’p bo’lishi mumkin emas.