Zoologiyaning o‘yg‘onish davrida rivojlanishi. O’yg‘onish davrida Xristofor Kolumb, Marko Polo, Magellan kabi sayyohlarning sarguzashtlari tufayli fanga noma’lum bo‘lgan hayvonlar kashf etildi. Ana shu davrda shveystariyalik K.Gesnerning 17 jildlik “Hayvonlar tarixi” (16-asr) ensiklopedik asari paydo bo‘ldi.
Zoologiyaning rivojlanishida 17 asrda mikroskopning kashf etilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Golland olimi A.Levenguk “Mikroskop yordamida ochilgan tabiat sirlari” asarida ko‘z ilg‘amas hayvonlarni kashf etdi. Italiya olimi M.Malpigi umurtqali hayvonlarning qon aylanish va ayirish organlari, terisining tuzilishini; angliyalik U.Garvey odamning qon aylanish sistemasini tushuntirib berdi.
Shved olimi K.Linney ishlab chiqqan sistema ham zoologiyaning rivojlanishiga katta ta′sir ko‘rsatdi. U “Tabiyyot sistemasi” asarida tur, urug‘, tartib, sinf kabi sistematik guruhlarni asoslab berdi. K.Linney turni urug‘ va tur nomi bilan (binar nomenklatura) atashni taklif etdi: hayvonlarni sutemizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar, hasharotlar, chuvalchanglar sinflariga ajratdi.
Franstuz olimi J.Kyuve (19-asr boshlari) hayvonlar qazilma qoldiqlarini o‘rganib, organizmning bir butunligi va organlarning o‘zaro bog‘liqligi to‘g‘risidagi ta’limot yaratadi. Kyuve fanga “tip” tushunchasini kiritadi. U hayvonlarni umurtqalilar, yumshoq tanlilar, bo‘g‘imlilar, nurlilar va 19 sinfga ajratadi.
Zoologiyaning rivojlanishida T.Shvan va M.Shleyden tomonidan hujayra nazariyasining yaratilishi hamda turlarning o‘zgarishi to‘g‘risidagi J.B.Lamark ta’limoti ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. J.B.Lamark K.Linney sistemasini yana ham takomillashtirib, hayvonlarni 14 sinfga ajratdi. U turlarning o‘zgarishi to‘g‘risidagi dastlabki evolyustion nazariyani ishlab chiqishga urindi.
Zoologiyaning rivojlanishida Ch.Darvinning qo‘shgan hissasi katta bo‘ldi. Uning “Bigl” kemasidagi sayohatlarga bag‘ishlangan “Izlanishlar kundaligi” (1839) asarida Janubiy Amerika va unga yaqin orollardagi kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar, toshbaqalar va boshqa hayvonlar to‘g‘risida ilk bor ma’lumot beriladi. Ayniqsa Ch.Darvin rahbarligida tayyorlangan “Zoologiya” asari, uning “Mo‘ylovoyo‘qli qisqichbaqasimonlar” monografiyasi, korall orollarining kelib chiqishi to‘g‘risidagi ta’limoti (1851-1854) katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Zoologiyaga oid ma’lumotlar Ch.Darvin evolyustion ta’limotining asosini tashkil etadi. Zoologiyada evolyustion g‘oyalar Ch.Darvinning “Tabiiy tanlanish yo‘li bilan turlarning paydo bo‘lishi” asari (1859) nashr etilgandan so‘ng o‘z aksini topdi. Evolyustion ta’limotning yaratilishi hayvonlarni o‘rganishga qiziqishni yanada kuchaytirib yubordi. Evolyustion ta’limot asosida solishtirma anatomiya, embriologiya, paleontologiya, sistematika, zoogeografiya fanlari tez rivojlana boshladi; ekologiya, gidrobiologiya, parazitologiya va boshqa fanlarga asos solindi. Evolyustion g‘oyalar asosida nemis olimi E.Gekkel biogenetik qonunni kashf etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |