11-mavzu. ADABIYOT DARSLARINI KUZATISH VA TAHLILLASH
Reja:
1. Adabiyot darslari kuzatish va dars tahlili turlari.
2. Ilmiy tahlil.
3. Metodik tahlil.
4. Didaktik tahlil.
5. Umumpedagogik tahlil.
1. Adabiyot darslarini kuzatish va dars tahlili turlari.
Dars kuzatish va uni tahlillash ham o‘ziga xos bilim va tajribani talab etadi. Dars kuzatgan o‘qituvchining tahlili uning bilim va saviyasining ko‘zgusidir. Adabiyotdan dars kuzatilganda uning predmet sifatida o‘ziga xosligi e’tiborga olinishi darkor. Ya’ni adabiyot darslariga, badiiy asar tahliliga qo‘yiladigan talablar va bu tahlil tamoyillari, shuningdek, adabiy ta’lim mazmunining o‘zgachaligi kuzatuvchi va tahlillovchi diqkat markazida bo‘lmog‘i lozim.
Dars tahlilini shartli ravishda quyidagi to‘rtta katta guruhga bo‘lish mumkin: ilmiy tahlil, metodik tahlil, didaktik tahlil, umumpedagogik tahlil. Dars kuzatishga kirgan mutaxassis bu tahlillarning birini yoki ularning barchasini uyg‘un tarzda ko‘rishi mumkin. Demak, darsni kuzatishga kirishdan oldin maqsad qo‘yib olingan bo‘lishi lozim. Kimdir boshqa jihatlarini e’tibordan soqit qilmagan holda darsning ilmiy tomonini, kimdir o‘qituvchining pedagogik mahoratini o‘rganish maqsadida metodik tahlilni ko‘rishni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Dars kuzatishda o‘qituvchi yoki o‘quvchilarga xalaqit bermaslik, noqulaylik tug‘dirmaslik shart. Ta’lim ishtirokchilarining diqqatini chalg‘itadigan har qanday harakat yoki holatdan tiyilish zarur. Tahlilda esa oldin dars o‘tgan o‘qituvchiga so‘z beriladi. U dars oldiga qo‘ygan maqsad, vazifalari, qo‘llagan metod va usullar haqida ma’lumot beradi, o‘z darsiga munosabatini aytadi. So‘ng dars kuzatganlar muhokamaga o‘tib, tahlil qiladilar. O‘qituvchi tahlil davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni, tanqid va tanbehlarni yozib olishi, o‘z o‘rnida munosabat bildirishi kerak.
O‘z darsini o‘zi tahlil qilish. Dasrlar faqat o‘zgalar tomonidan tahlil qilinibgina qolmay, ular dars olib borgan o‘qituvchining o‘zi tomonidan ham tahlil qilinishi mumkin.
Kamchiliklarni tugatish, o‘z darsini qayta qurish maqsadida o‘qituvchi darsdan chiqqach, dars jarayonini to‘la eslashga harakat etadi va har bir dars bosqichida bajarilgan ishlar, qo‘llanilgan usul va metodlarni tahlil qiladi va ularni nimalar bilan to‘ldirish kerakligini aniqlaydi. Bu o‘z darsini o‘zi tahlil qilish metodidir. Birinchi darsda bajarilgan ishlarni ikkinchisiga taqqoslash kelgusi dars sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |