1-mavzu. Adabiyot o‘qitish metodikasi fan sifatida
Reja:
1. Adabiyot o‘qitish metodikasi fan sifatida.
2. Ta’lim bosqichlarida adabiyotni o‘quv fani sifatida o‘rganish xususiyatlari.
3. Adabiyot o‘qitish metodikasining boshqa fanlar bilan aloqasi.
4. Adabiyot o‘qitish metodikasi fan sifatida.
1. Adabiyot o‘qitish metodikasi fan sifatida.
Metod yunoncha methodos so‘zidan olingan bo‘lib, yo‘riq, tadqiqot yo‘li, ta’limot ma’nolarini anglatadi. Atama sifatida esa biror ishni bajarish, faoliyatni ado etish usuli yoki usullar tizimini bildiradi. Metodika ana shu metodlar, usullar yig‘indisidir. Ta’lim tizimida esa metodika o‘qitish usullari to‘g‘risidagi ta’limot bo‘lgan fan sanaladi. Metodika o‘zining o‘rganadigan obyekti, vazifasi va mazmuniga ko‘ra pedagogika fanlaridan hisoblanadi.
Adabiyot o‘qitish boshqa fanlarni o‘qitishdan anchayin keskin farq qiladi. Shunga ko‘ra uni fan sifatida qaraydiganlar bir guruhni tashkil etsa, adabiyot o‘qitishni san’at turi sifatida baholab, adabiyot o‘qituvchisining ishini ham san’atkorona bir ish sifatida baholaydiganlar kam emas.
Adabiyot o‘qitish metodikasi birinchi navbatda adabiyot o‘qitishning, ya’ni adabiy ta’limning maqsadi va mazmuni haqidagi fandir. Ta’lim jarayonidagi barcha fanlarning asosiy maqsadi va mohiyati o‘quvchilarda - o‘sib kelayotgan yosh avlodda muayyan sohalarga oid bilimlarning asoslarini shakllantirish, shularning negizida ularning boy ma’naviy olamini yaratishdan iborat.
"Adabiyot o‘qitish metodikasi" fani bu fanning tarixi va rivojlanish bosqichlarini ko‘rsatish, bu bosqichlarning har biriga xos bo‘lgan asosiy unsurlarni tahlil qilish, badiiy asarni tahlil qilish va uni o‘quvchilar tomonidan qabul qilinishidagi o‘ziga xos xususiyatlarni ko‘rsatish, badiiy asarni tahlil qilishda ularning tur va janr xususiyatlariga e’tibor berish, ta’lim bosqichlarida faqat badiiy asarning o‘zini emas, balki ularga bog‘liq ravishda adabiy-nazariy tushunchalarni ham o‘rganish zaruriyatini va yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatish, adabiyot darslarini tashkil etish, adabiyotdan sinfdan tashqari va mustaqil ishlarni tashkil etish, ularning og‘zaki va yozma nutqlarini o‘stirish yo‘llarini ko‘rsatish bilan kifoyalanmasdan o‘quvchilarning o‘z ustilarida muntazam ishlash, mustaqil ijodiy ishlarni tashkil etish yo‘llarini ko‘rsatishi bilan ham muhimdir.
Adabiyot o‘qitish metodikasi fanining vazifalari:
a) Adabiyot predmetining ta’lim bosqichlarida nima uchun o‘rganish zarurligini asoslash, ya’ni adabiyot o‘qitishning maqsad va vazifalarini belgilash.
b) Adabiy ta’lim mazmunini aniqlash. O‘quv dasturlarining tarkibi va mazmunini asoslash, o‘quvchilar uchun yaratiladigan darslik, o‘quv qo‘llanmalariga qo‘yiladigan talab va me’yorlarni o‘rganish. Ayni paytda o‘quvchilarning muayyan ta’lim bosqichida o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan adabiy bilimlari, ularga bog‘liq holda egallanishi lozim bo‘lgan ko‘nikma va malakalarning hajmi belgilanadi.
v) Metodika fani adabiy ta’limning o‘ziga xos yo‘l va usullarini o‘rganish bilan ham shug‘ullanadi.
Unda alohida darslarni tashkil etish, unga qo‘yiladigan talablar ham ishlab chiqiladi.
g) Ta’limning turli bosqichlarida o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga qo‘yiladigan talablar aniqlanadi. Bunda baho me’yorlari va mezonlari, nazorat qilishning shakl va usullari qamrab olinadi.
d) Talabalarga adabiyot o‘qitish metodikasi bo‘yicha ularning amaliy faoliyatlarida asqotadigan nazariy hamda amaliy ma’lumotlarning eng muhimlarini yetkazish.
e) Talabalarni shu fanga aloqador bo‘lgan ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarini amalga oshirish, ijodiy faoliyat va ilg‘or tajriba maktablarini o‘rganishga tayyorlashdan ham iboratdir.
Har bir fanning o‘rganish obyekti bo‘lganidek, adabiyot o‘qitish metodikasining ham o‘rganish obyekti, ya’ni materiali bor. Ma’lumki, adabiyot metodikasi birinchi navbatda adabiyotshunoslik faniga yaqin turadi. Ammo adabiyotshunoslik fani bilan adabiyot o‘qitish metodikasining o‘rganadigan obyekti butunlay boshqa-boshqadir. Adabiyotshunoslikning obyekti adabiyotning o‘zidir, ya’ni adabiyotshunoslik adabiyotning qonuniyatlarini, uning o‘ziga xos xususiyati, kelib chiqishi va ijtimoiy ahamiyatini o‘rganadi. Adabiyot metodikasining o‘rganadigan obyekti adabiyot emas, balki pedagogik jarayondir.
Sinfda adabiyotdan mashg‘ulot vaqtida o‘qituvchi bilan o‘quvchilarning o‘zaro munosabati, adabiy materiallarga asoslanib ta’lim-tarbiya ishlarini olib borish - metodikaning o‘rganish obyektidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |