3. Metodik tahlil. O‘qituvchi tomonidan qo‘llaniladigan metodlarning maqsadga muvofiq ekanligi ta’limning turiga va yo‘nalishiga qarab belgilanadi. O‘quv materialini o‘quvchilarga tushuntirish jarayonida qo‘llanilgan metodlarning shu materialga mosligi yoki mos emasligi metodik tahlil davomida aniqlanadi.
U yoki bu fanning o‘qitilishi metodik jihatdan tahlil etilganda bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi masalalar e’tiborda bo‘lishi mumkin:
a) ta’limning maqsadi; b) ta’limning mazmuni; v) ta’limni tashkil etish shakllari; g) ta’lim manbalari; d) ta’lim metodlari.
Darsning metodik tahlilida yana quyidagilarga ahamiyat berish mumkin:
1. O‘quvchilarning bilim va tushunchalarini, ularning faol idrok qilishini hamda kuzatuvchanligini nazarda tutish.
2. O‘quv materiallarining mazmuni, o‘quv predmetining xususiyatini hisobga olish.
3. O‘quv ishlarining aniq maqsadini hisobga olish.
4. O‘quvchilarning alohida yosh xususiyatlarini, fanga va mavzuga qiziqishini hisobga olish.
5. Maktab, sinf sharoiti, o‘quv asboblarining mavjudligi yoki mavjud emasligi kabi imkoniyatlar hisobga olinadi.
Dars uchun metod tanlashda o‘quvchilarning estetik qarashlari, ayniqsa, obrazli tafakkurini tobora rivojlantirish masalalariga ham katta e’tibor berilmoqda.
Darsni tahlil qiluvchi o‘qituvchi quyidagi metodik usullarga e’tibor berishi kerak:
1. Tushuntirishning sodda va ommaviyligi.
2. O‘quvchilar tushunishlarinning qulay, oson bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlaridan foydalanish.
3. Darslik materialini boyituvchi qo‘shimcha materiallarni o‘quvchi ongiga mukammal yetkazish.
4. Mustaqil ishning o‘quvchi yoshi, qobiliyatiga mos bo‘lishiga erishish.
4. Didaktik tahlil.
Didaktik tahlil ta’lim turlari samaradorligini va uni belgilovchi qonunlarning darsda qanchalik to‘g‘ri va mukammal bajarilganligini tahlil qilish demakdir.
"Ta’limning natijasini, o‘qitish metodini hamda ta’limiy vazifalar o‘rtasidagi obyektiv munosabatlarni o‘rganmoq kerak. Bularni bilmasdan turib, ta’lim jarayonining xarakterli xususiyatlarini ochish aslo mumkin emas" 9, deb yozgan edi akademik L.V.Zankov.
Didaktik vazifa - o‘quvchilar faoliyatini boshqarish, u yoki bu fanni o‘zlashtirish vositasi vazifasini bajaradi. O‘qituvchi tomonidan didaktik vazifani yechish jarayoni - subyekt va obyekt o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir jarayonidir. Ma’lumki, o‘zaro ta’sir etish subyektni ham, obyektni ham o‘zgartiradi. Bu esa nazariy bilim, ma’lum tushuncha, ko‘nikma, malakalarni egallashga imkoniyat yaratadi.
Didaktik jihatdan tahlilida quyidagilarga e’tibor berish kerak:
a) o‘qituvchi bayonining sinf jamoasiga to‘la tushunarli (ommabop) bo‘lishi va bu bayonning o‘quvchi ongiga yetib borishi;
b) fikrning g‘oyaviy jihatdan bugungi tarbiya talabiga mos bo‘lishi;
v) barcha o‘quvchilarning ongli ravishda o‘zlashtirishlari;
g) fikrning izchilligi;
d) ko‘rsatmali qurollardan, texnika vositalaridan to‘g‘ri foydalanish;
e) ekskursiya, tajriba, laboratoriya ishlarining maqsad ga yo‘naltirilgan holda o‘tishiga erishish;
j) darslik bilan ishlashning to‘g‘ri bo‘lishi;
z) misollarning ta’lim-tarbiya birligi mazmunining fonida yo‘nalishi va boshqalar.
Dasrni tahlil qilish davomida yana quyidagi hislatlarga e’tiborni qaratishni ma’qul ko‘rdik:
1. Darsning maqsadini va uning tajribadagi zaruriyatini o‘quvchilar ongiga yetkazilishi.
2. O‘quvchilarda dars materiallarini o‘rganish ishtiyoqini qo‘zg‘atish uchun yorqin va ishonarli misollar keltirish.
3. Materialni tushuntirishda yanada sodda va aniq shakllarni izlash hamda ularni ko‘rsatmali qurol va texnika vositalari yordamida o‘tish.
4. Sinf o‘quvchilarining u yoki bu mustaqil ishga jalb etilishi darajasi.
5. Qiyoslash.
6. O‘rganilgan bilimlarni jamiyatda - o‘z hayotida kerak bo‘lishining tushuntirilishi10 .
O‘quvchilar o‘zlashtirishining ongliligi masalasi tahlil etilganda ongli o‘zlashtirishning quyidagi shartlari belgilanadi:
a) bayon etilgan materiallarning o‘quvchilar hazm qila oladigan darajada bo‘lishi;
b) yangi materialning avval o‘rganilgan material bilan uzviy bog‘lanishi;
v) har bir tushunchaning o‘qituvchi tomonidan qisqa va tushunarli izohlanishi;
g) misollarni aniq va hayotiy bo‘lishi bilan birga darsda o‘quvchilarning o‘zlari topgan misollardan ham foydalanishi;
d) o‘quvchilarning faol ishtirokida xilma-xil mashqlar (og‘zaki va yozma) o‘tkazish;
e) darsni ma’lum bir izchillikda olib borish;
j) har xil ko‘rsatmali qurollardan foydalanish;
z) nutq madaniyatini sinfda to‘la joriy etish va boshqalar.
Didaktik tahlil sinfdagi o‘quvchi va o‘qituvchi harakat va holatini ham chuqur o‘rganish kerakligini talab qiladi.
Darsda o‘qituvchiga to‘la erkinlik beriladi. Ammo o‘qituvchining har bir harakati ta’lim-tarbiyada muhim voqeaga sabab bo‘ladi.
Dars tahlili jarayonida o‘qituvchining so‘z boyligi va undan o‘rinli foydalanish masalasini ham qayd etmoq kerak. Bu esa didaktikaning onglilik prinsiplariga darsda to‘la amal etishga qo‘yiladigan talablardan biridir.
Shuningdek, dars tahlili davomida ta’lim-tarbiya birligi masalasiga ham diqqatni qaratish zarur, chunki u didaktik prinsiplardan biri bo‘lib, darslik, o‘quv dasturlarining g‘oyaviy negizidir.