ERKIN VOHIDOV SHE`RIYATIDA MUMTOZ JANRLAR
TAKOMILI
Z. BALTAEVA,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
XX asr poetik dunyoqarashi vujudga kelishi va taraqqiyotida Erkin Vohidov
adabiy merosi salmoqli o‗rin tutadi. O‗q ildizlari asrlarga tutash adabiy
an'anqalarni umuminsoniy qadriyatlarga payvandlagan shoir ijodi milliy nazm
halqasini muntazam yangi tajribalar bilan boyitdi. Rangin poetik g‗oya, shakl va
mazmunni muttasil yangilash mayli, badiiy tahlilda izlanish hamda tadqiqot
sintezi, so‗zning ruhiyatga ta`sir quvvatini anglash va tasvirni maromiga
yetkazishga intilish sohir she`riyat tabiatini belgilaydi. Uning yashovchanlik
omillarini ijodiy dunyoqarash o‗ziga xosligi, ijtimoiy-tarixiy muhit quvvati va
badiiy-estetik ehtiyoj taqozosidan axtarish maqsadga muvofiq sanaladi. Shaxs
tuyg‗usi realistik manzarasini qayta tiklash jarayonida shoir ham mumtoz adabiyot,
ham jahon badiiy so‗z san`ati an`analaridan samarali foydalanadi. Shoir adabiy
mahorati, avvalo, ham barmoq vazni, ham aruz vazni ijodiy imkoniyatlarini
kengaytirganligida namoyon bo‗ladi. Poetik g‗oyani g‗oyat yorqin ifodalash,
tuyg‗uni moddiylashtirish har bir ijodkor adabiy talqinida o‗zgachalanadi. Joriy
holat badiiy shaklda aniqlikka erishadi. Aniqrog‗i, janrga xos barqarorlik uslubni
dalolatlaydi:
Bo‗lmasin subhing qaro, bor bo‗l mudom borliq aro,
O‗zing etgil doimo inson o‗zing, inson o‗zing [4, 43].
1969 yilda nashr qilingan ―Yoshlik devoni‖ she`riy to‗plami Erkin Vohidov
ijodida alohida bosqichni tashkil etadi. Deyarli unutilayozgan aruz vazni
126
imkoniyatlarini qayta tiklagan shoir asosiy mumtoz janrlar: g‗azal, qasida, ruboiy,
muxammas hamda tatabbu'ga yangi poetik qiyofa bag‗ishlaydi. Kitobdan o‗rin
olgan ―Tuni bilan yig‗labdi bulbul‖, ―Barcha shodlik senga bo‗lsin‖, ―G‗uncha‖,
―Dildorga noma yozdim‖ va ―Kiprigingdan o‗q uzib‖ yanglig‗ g‗azallarda
mubolag‗a, ta'rif-u tavsif qabarib ko‗rinadi. Yoyiq mushohada va nafis tuyg‗uni
omuxtalashtirishga yo‗g‗rilgan she`rlarda vazmin o‗ychanlik ustuvor: shoir uchun
mumtoz she`riy janr – ruhiy tahlil vositasi, poetik mantiqni falsafiy-badiiy
umumlashma teranligi belgilaydi. Ayni paytda, ―shoir g‗azalni shunchaki she`riy
janr rutbasidan yuksaltirib, mangu tuyg‗ularning poetik ramzi hamda har qanday
fikrni ifodalay olishga qodir badiiy vosita darajasiga ko‗taradi‖ [3, 265].
Darhaqiqat, ijodkor mumtoz she`riy janr tabiatini jiddiy yangilab, teran falsafiy
mazmun va original badiiy ifoda bilan boyitadi. Estetik joziba hamda poetik
go‗zallik uning ikki qirrasi, muallif muntazam ravishda mavjud o‗lcham-
andozalarni tubdan o‗zgartirishga intiladi:
Tun bilan yig‗labdi bulbul
G‗uncha hajri dog‗ida.
Ko‗z yoshi shabnam bo‗lib
Qolmish uning yaprog‗ida [4, 5].
G‗azal ―g‗uncha hajri dog‗ida‖ nola chekayotgan bulbul holatidan ibtido
oladi. Mumtoz adabiyot an`analariga hamohang matn bir-biriga mantiqan
payvandlangan besh baytdan iborat. Ruhiyat manzarasi chizilgan asarda idrok
sezgisi haqqoniyligi va tasvir o‗ynoqiligi, ifoda teranligi va tashbeh betakrorligi
qabarib ko‗rinadi. Poetik shtrixlar hissiyot aniq suvratini tiklashga xizmat qiladi:
mubolag‗a (tun bilan yig‗labdi bulbul) lirik kechinma yorqinligini tayinlash
barobarida ―ko‗z yoshi shabnam‖ yanglig‗ tuyg‗u qalb musaffoligidan
oziqlanishini mantiqan dalolatlaydi, sifatlash (gul yuz, muhabbat darsi, sevgi
sahrosi) mushohadani kuchaytirish, urg‗uni ta`kidlash va g‗oyani oydinlashtirish
vazifasini bajaradi hamda o‗xshatish (g‗uncha, bulbul, gul) tasavvurlar
ma`nodoshligi tarqoqligini muayyan estetik mundarijaga yig‗ishga zamin
hozirlaydi:
Ko‗z yumar bo‗lsam ko‗zim –
Oldida paydo gul yuzim,
G‗uncha ko‗z ochmog‗i bor
Bulbul ko‗zin yummog‗ida [4, 42].
Baytda tazod san`ati (ko‗z ochmog‗i, ko‗z yummog‗i) hamda tajnis (ko‗z)
ma`no hissiy tovlanishini hosil qiladi. Ma'shuqa jamoli oshiqni shu qadar rom
etganki, hatto xayol ham ozod emas! Muallif tasvirni mukobil rivojlantiradiki,
unda muhabbat shavqi va ishq sururi, hijron azobi va visol umidi qorishib ketadi.
Ravon ifoda va yengil musiqiy ohang badiiy yaxlitlikni belgilaydigan yetakchi
omillar, ko‗ngil inja tuyg‗usidan suv ichgan satrlarda so‗z fasohati bor bo‗y-basti
bilan namoyon bo‗ladi, tushuncha sog‗inch iztirobi hamda sevgi lazzatini o‗ziga
xos tarzda birlashtiradi. Ruhiyat sharhi ―mavjudlik jumbog‗i‖ ziddiyatidan
ijtimoiy-falsafiy umumlashmaga o‗tish vositasiga evriladi.
Xayoliy tasavvurlar va hayotiy tafsilotlar qorishib ketadigan shoir lirikasida
127
shakl-mazmun-mohiyat uchligi tahlil quyuqlashuviga keng yo‗l ochadi. Ma`no
sig‗imini poetik idrokda yangilash hamda qayta baholash uning tabiatini
dalolatlaydi. Aynan inson ruhiyatini teranroq anglash realistik tasvir qamrovini
kengaytirishni taqozo etadi. Joriy holat ifoda tejamkorligini mushohada nozikligiga
payvandlash uchun zamin hozirlaydi, ijod malakasida o‗y-xayol-idrok quyma
romantik kayfiyat realistik negizini tavsiflaydi. Aslida shaxsiyat va she`riyat bir-
biriga egizak tushunchalar, dunyoqarashdan ko‗ngilga ko‗chgan idrok sezgisida
maslak, e`tiqod, maqsad va a'mol butunlashadi, ―Shoir hayotining davomi‖
(Bahodir Karim) manzumada maromiga yetadi. Ma`naviy-axloqiy va ijtimoiy-
ruhiy qarashlar ijodkor fitratida originallashadi. Aniqrog‗i, so‗z, ijod hamda
e`tiqodni tasvir silsilasida markazlashtirish vositasida tuyg‗u shakllanadi:
Yorug‗ dunyo bor ziyosin teng,
Taqsim etgan kecha, kunduzga.
Nur yetmay tun, uni –
Sochdi oyga, minglab yulduzga [4, 67].
Mumtoz she`riyat an`analariga hamohang badiiy shakl nafosatini tayin etish,
hayotiy aqidaga singdirilgan mazmunni teranlashtirish hamda mushohada mantiqiy
taraqqiyotiga intilish ohorli poetik tasvirda maromiga yetadi. Muallif uslubiga xos
mohiyatni qarshilantirish yo‗sini (kecha-kunduz) idrok yaxlitligiga zamin
hozirlaydi: ―yorug‗ dunyo‖ o‗z hissasiga tekkan ziyoni kecha hamda kunduzga
barobar taqsimlaydi, nur qadriga yetmagan ―tun‖ uni oy – yulduzlarga sochadi,
―kunduz‖ esa ―birgina quyosh‖ yaratadi.
Erkin Vohidov ifoda uslubi o‗ziga xosligini belgilaydigan yetakchi xususiyat
band intizomi, vazn, qofiyaga nisbatan erkinlik darajasi bilan tavsiflanadi. Joriy
estetik o‗lcham muntazam shakliy-uslubiy izlanishlar, yillar davomida to‗plangan
hayotiy tajriba, mashaqqatlar bilan erishilgan ijodiy malaka takomiliga tayanadi.
Yuksak shoirona farosat va nozik did uning har bir she`rida bo‗rtib turadi. Muallif
odamzod fe‗lida ko‗zga tashlanib turmaydigan ruhiy holat tasviriga ko‗proq e`tibor
qaratadi. Aksar poetik namunalarda tasvirni moddiylashtirish, borliq va shaxs
aloqasini anglash, tushuncha mohiyatini idroklash mayli ustuvorlashadi. Inson
iroda yo‗nalishi tahlili hamda ma`naviy-axloqiy taftishi mantiqiy bog‗lamda
muayyan salmoq kasb etadi.
O‗tkir nigoh va sinchkov talqin o‗zaro munosabati har bir falsafiy
umumlashma mohiyatini sharhlaydi:
Ufqlarga qo‗yib guldasta,
Tog‗ ortidan ko‗tardi-da bosh,
Pastga boqdi cho‗qqidan asta,
Oltin qalam tutgan bir naqqosh [4, 79].
―Tong lavhasi‖ (1956) she`rida shoir yaxlit poetik manzara chizadi.
O‗zbekona sohir tuyg‗u, nafis sezim hamda teran kechinma vositasida yuzaga
kelgan voqelik suvratida Erkin Vohidov uslubiga xos idrok ustuvor: shoir ―zar
lavha‖ni bayon qilmaydi, balki tasvirda jonlantiradi. ―Oltin qalam tutgan bir
naqqosh‖ – oftob nurlari butun borliqni chulg‗agan, vazmin ifoda saralangan lirik
tafsilotlarni shuurga ko‗chiradi. Lahzalik hissiy jarayon tahlili teran va aniq, so‗z
128
hamda tasavvur munosabati bir butun badiiy qiymat kasb etadi. ―Har nuqtaga
sayqal berib u, Vodiy uzra chizdi zar lavha‖ – tabiatdan muqoyasa qilingan tashbeh
marom, ohang va munosabatni estetik markazga yig‗adi. Tinimsiz almashinib
turadigan harakat va holat mantiqiy chambarchasligi musiqiy taranglik hosil qiladi.
Muallif adabiy talqini beixtiyor Rauf Parfi qalamiga mansub ―Tong otmoqda‖
she`rini yodga soladi: ―Tong otmoqda, tong o‗qlar otar, Tong otmoqda, quyosh –
zambarak, Yaralangan yer shari yotar, Boshlarida yashil chambarak‖ badiiy
umumlashmasiga ruhiy ohangdosh: agar E.Vohidov oftobni ―oltin qalam tutgan bir
naqqosh‖ga o‗xshatsa, R.Parfi poetik leksikonida ―quyosh – zambarak‖ka aylanib,
zaminni ―o‗qqa tutadi‖:
Tong otmoqda, tong o‗qlar otar,
Tong otmoqda, quyosh – zambarak.
Yaralangan yer shari yotar,
Boshlarida yashil chambarak [5, 36].
Rauf Parfining ―Tong otmoqda‖ (1964) she`ri bir-biriga mantiqan
bog‗langan ikki banddan iborat: dastlabki bandda tong manzarasi chiziladi, aniq
tasvir tabiatdan olingan muqoyasalar bilan to‗ldiriladi, shoir ikkinchi bandga
g‗oyaviy-estetik niyatini singdiradi. ―Tong otmoqda, musaffo tongga, Yuragini
tutar odamlar‖ sathi mohiyatni oydinlashtirishga xizmat qiladi. Joriy holatda
tushuncha o‗z ma`no tarmog‗idan uzoqlashib, poetik ramz darajasiga ko‗tariladi.
Tong – saodat, istiqbol yo‗li! ―Musaffo‖ epiteti ―yashil chambarak‖ – hayot
timsolini tavsiflaydi. Qizig‗i shundaki, Erkin Vohidov ―Tong lavhasi‖da bir
marotaba matn adog‗ida ―tongotar‖ iborasini qo‗llasa, Rauf Parfi she`r davomida
―tong‖ konstruktsiyasini olti marotaba ishlatadi. Ikkala she`r ham 2 band, 8
misradan tashkil topgan: agar dastlabki namuna subhidam manzarasini chizsa,
ikkinchi she`rda tabiat lavhasi ifoda uchun ruhiy tahlil vazifasini bajaradi.
Umuman, Erkin Vohidov she`riyatida mumtoz janrlar falsafa, mantiq va
ohangni omuxtalashtiradi. Unda ruhiyat tahlili ijtimoiy mohiyatni ochib beradi,
unda fikr vazni tuyg‗u qamrovini teranlashtiradi, unda tasvir tezkorligi ifoda
mustaqilligini tayin etadi, unda obrazlar taqvimi shaxs ma`naviyatini poetik
tahlillash predmetiga aylantiradi, unda estetik tanlov alohida she`riy dunyoqarash
tig‗izlashuviga yo‗l ochadi, unda ruh ozodligi ijtimoiy erk sezimini tavsiflaydi,
unda ko‗ngil olami badiiy idrokka to‗qnashadi, unda ijodiy an`ana va hayotiy
tajriba uyg‗unlashadi, unda g‗oya muqobilligi va adabiy talqin originalligi
yaxlitlashadi, unda so‗z quvvat-hofizasi va poetik idrok teranligi bir-birini
boyitadigan to‗ldiruvchi mohiyat yanglig‗ tuslanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar :
1. Mirziyoyev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qat‘iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik –
har bir rahbar faoliyatining kundalik faoliyati bo‗lishi kerak. –T.: O‗zbekiston,
2017.
2. Karimov B. Ruhiyat alifbosi. –T.: Adabiyot va san`at, 2016.
3. Yo‗ldoshev Q. So‗z yolqini. –T.: Adabiyot va san`at, 2018.
4. Vohidov E. Yoshlik devoni. –T.: Adabiyot va san`at, 1969.
5. Rauf Parfi. Saylanma. –T.: Akademnashr, 2013.
129
Do'stlaringiz bilan baham: |