198
SHOIRU SHE`RU SHUUR...
(E.Vohidov she`rlarida she`riyatga munosabat)
Hayitbek BILOLOV,
IV bosqich talabasi (GulDU)
―Adabiyot – taraqqiyotning sirli va mashaqqatli yo‗lida turfa hollarga
tushgan millatning (yoki alohida insonning) bir-biriga o‗xshash va o‗xshamas
kayfiyatiga e`tibor qiladi. Binobarin, oradan ko‗p vaqtlar o‗tsa-da, o‗tmish
adabiyotiga sayru sayohat qilgan kelajak avlod vakili o‗z salaflarining boshidan va
ko‗nglidan kechirganlarini nafaqat bilib oladi, balki yurak-yurakdan his ham qiladi.
Demak, adabiyot o‗tmish, bugun va kelajakaro qo‗yilgan mustahkam ko‗prik,
―robitai olamiyondir‖ [3, 3]
O‗zbek adabiyoti chinakam iste`dodlar bo‗stoni. Shoir Erkin Vohidov
o‗zining hikmatga teng bo‗lgan gaplaridan birida iste`dod tushunchasi haqida
quyidagi fikrlarini bildirib o‗tadi: ―Iste`dod – bu avvalo did, yaxshi did egasi
bo‗lish qobiliyati, deguvchilar ham topiladi. Iste`dod – bepoyon tushuncha. U
ta‘rifga siqqanda edi, uni ma`lum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin
bo‗lganda edi, odamlar yo‗q iste`dodni tarbiyalab bor qilgan bo‗lar edilar‖ [5,
146]. Darhaqiqat, iste`dod – ilohiy tuyg‗u. Iste`dodli insonlarga Alloh shu narsani
yuqtirgan bo‗ladi. Ular bor iste`dodi ila go‗zal asarlar bunyod etadi. Dunyo
adabiyotida, qolaversa o‗zbek adabiyotida ham iste`dodli ijodkorlarning o‗tkir
qalami ostida yaratilgan, adabiyotning uch turi bo‗lgan ham nasr, ham
dramaturgiya, ham she`riy janrlarning taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan asarlar
juda ko‗plab topiladi.
Ijodkor olamining ko‗ngil qa‘ridan sizib chiqguvchi intim tuyg‗ular
qog‗ozga
o‗ziga xos tarovat bag‗ishlab, uning iforidan bahramand
bo‗lguvchilarning qalbidan muqim joy oladi. Ijodkorning ko‗ngil kechinmalari
beixtiyor o‗qirmanni u bilan suhbatga chorlaydi. Mana shu ―chorlov‖ oqibatida
insonning ruhiy olami orom oladi, taskin topadi, qolaversa, qalbidagi tug‗y onlari
mavj urib, o‗ziga xos to‗lqinni yuzaga keltirishi mumkin. Ushb uo‗ziga xoslik,
albatta, ijodkorning tengsiz mahoratini qanchalik darajada ko‗rsata olganligi bilan
belgilanadi. Ayniqsa, adabiyotning she`riyat turida bu hodisa yaqqol namoyon
bo‗ladi. Sababi, nazm o‗qirmanning she`rni o‗qiyotgan paytidagi voqeaning
bayonidir, hozirgi zamon voqeasidir. Bu voqeaga munosabat esa o‗quvchini
shoirning ko‗ngli bilan birlashtiradi. Hamma ham buni uddalay olmaydi.
―Chinakam adabiyot hamisha odamlar bilan birga bo‗ladi, ularning
quvonchu tashvishini tarannum etadi va shu tarzda ularga yelkadosh, taqdirdosh,
dildosh bo‗ladi, bo‗lishi kerak‖, - deydi yozuvchi Ulug‗bek Hamdam[3,19-bet].
Darhaqiqat, chinakam yozilgan asarlar ijodkorning ko‗ngil tug‗yoni orqali yuzaga
keladi. Bunday holatda ijodkor qalbi bilan tillashadi, qalbidagi iztirob uni
o‗rtantirib, azob chekishiga majbur qiladi, jismi bilan qorishadi. Jism bu yukni
ko‗tara olmaydi. Shoir bu yukdan xalos bo‗lish uchun qalamini qo‗liga oladi va
qalb qo‗rida nimadir sig‗may ketayotgan bo‗lsa hammasini qog‗ozga ―to‗kadi‖.
199
Chinakam shoirlarning yozgan she`rlari o‗qirmanni she`riyatga oshno qiladi, shu
bilan birga, ular bilan o‗ziga xos ―bog‗lam‖ni hosil qiladi.
Adabiyot olamida shunday asarlar bunyod etilganki, ularni o‗qigan har bir
kitobxonning ko‗nglida bevosita uning ijodkoriga nisbatan muhabbati paydo
bo‗ladi. San`atkorning tengsiz mahoratiga tahsinlar o‗qiydi. Uning ijodi bilan
yaqindan tanishishni ixtiyor aylaydi. Bunday yaqinlashish ijodkorning o‗qirman
bilan tillasha olish qobiliyati bilan, qolaversa, o‗z asarida topilmalarga qo‗l
urganligi bilan izohlanadi.
O‗zbek adabiyoti bo‗stonida she`riyat keng quloch yozgan bo‗lib, sharqda
adabiyotning asosiy janri bo‗lib kelganligi uchun ham uning ildizlari bag‗oyat
teran joylashgan. Juda qadim zamonlar osha bizning davrimizgacha yetib
kelgan.Shu asosida takomillik bosqichini o‗tagan, tadrijiy taraqqiyotiga
erishgan.Bu haqida juda ko‗p tarixiy manbalardan bilib olishimiz mumkin.
O‗tmishning nazmiy dovonlariga nazar tashlar ekanmiz, uning markazida
din bilan bog‗liq tushunchalar asosiy mazmunni egallaganligini ko‗rishimiz
mumkin. Xususan, bunday o‗rinlar, asosan shoirning Alloh vasliga yetishishi
uchun ―harakati‖, uning jamolini kuylashi bilan bog‗liq bo‗lgan bo‗lsa, keyinchalik
ijodkorlar asta-sekin o‗z olamini qura boshladilar. She`riyatning mavzusi ham shu
ondan boshlab o‗zgara boshladi. Bu esa ulkan she`riyatning paydo bo‗lishiga
zamin yaratdi. She`riy asarlarda inson ideali markazga ko‗chdi. Uning
kechinmalari, tuyg‗ulari she`riy misralarga qolip misoli o‗rnashdi. Yozuvchi
Ulug‗bek Hamdam o‗zining ―Ruhni uyg‗otguvchi so‗z‖ asarida yozuvchi ideali
to‗g‗risida ma`lum bir xulosalarini bayon etadi: ―Har bir davr insonning o‗z
idealini shakllantiradi. ... jamiyat ham, inson ham o‗z hayoti davomida ideallarga
intilib yashaydi. Insoniyatning badiiy-estetik olamida buyuk rol o‗ynagan barcha
asar borki, barchasida hamma zamonlar uchun ham muhim sanalgan mavzular –
hayotning ma‘nisi, ezgulik, go‗zallik, adolatparvarlik kabilar badiiy asarning bosh
qahramoni – ideal obrazlar zimmasiga yuklatilib kelingan. Birgina o‗zbek
she`riyatini oladigan bo‗lsak, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiydan tortib, to 70-
yillarning faol shoirlargacha – barcha-barchasida asosiy badiiy g‗oyalar shoir-
san`atkorning ideallari orqali, ularga singdirilgan holda talqin etilgan‖ [3, 40-bet].
Haqiqatan ham, bu holat o‗zbek she`riyati rivojlanishining ko‗p asrlik tarixi bilan
bog‗liq bo‗lib, ideallar asta-sekin shoirlarning ijodida yaqqolroq tusda namoyon
bo‗lgan. Ular inson va jamiyatni mukammal ko‗rishni istadilar va butun
iste`dodlari bilan o‗z ideallari tomon intildilar. Bundan tashqari, ularning ko‗ngil
tug‗yoni, qalb kechinmalari ham idealistik qahramonlarning yaratilishiga turtki
bergan.
O‗zbek adabiyotida shunday ijodkorlar borki, ularning yozgan nazmiy
asarlari mavzu jihatdan turfa ranglarda mavjlansa-da, insoniyatning yuqorida
sanalgan ideallari namoyishini olib boradi. She`rlarida ana shu holatlar to‗la
singdirilgan holatda talqin etiladi. Mana shunday ijodkorlardan biri E.Vohidovdir.
E.Vohidov she`riyatning aruz va barmoq vaznida barakali ijod qilgan
shoirlardan biridir. Uning o‗ziga xosligi yozg‗iriqlarida hech kim kutmagan,
kutilmagan ohangni ifodalaganligi bilan belgilanadi. Yana bir jihati ijodkor g‗azal
200
janrining takomilida o‗zining munosib hissasini qo‗shdi. Navoiy, Fuzuliy, Jomiy
g‗azallariga muxammaslar bog‗ladi. Ularning ijodidan ta`sirlanib yozgan g‗azallari
hozir ham o‗qirmanlarni o‗ziga jalb etadi.U ―yaratayotgan ramziy she`riyat esa
yangilangan o‗zbek she`riyatida alohida sahifalarni ochadi‖[3, 22]. Shoirning
quyidagi she`rlari tahlili orqali mavjuda bo‗lgan o‗tkir san`atkorona nigohi,
g‗aroyib topilmalari, o‗ziga xos qarashi xususida fikr olib boriladi.
San`atkorning o‗ziga xos qarashi, idealining nazmiy asarida chop etilishi
turli-tuman mavzularning yuzaga kelishiga sabab bo‗lgan. She`riyatning asosiy
mavzularidan biri bo‗lgan ishq o‗tgan zamonlardan hozirgacha shoirlar ijodini tark
etmay kelmoqda. Bu mavzuga qo‗l urmagan ijodkorni topish juda qiyin.
E.Vohidovning ―Oydin kecha‖ deb nomlangan she`riaynan shu mavzuda yozilgan
bo‗lsa-da, odamni o‗ylantira oladigan satrlarningmavjudligi o‗qirmanning
e`tiboriga tushadi. Undagi o‗ziga xos tashbehlar, qochirimlar ijodkorning
topilmalaridan biridir.
Oydin kecha.
Yog‗ar ko‗kdan zar,
O‗yga cho‗mib deding gul yuzim:
―Osmon to‗la sonsiz yulduzlar
Qaysi ekan mening yulduzim?‖[1, 46]
Inson tunda sayrga chiqsa, ayniqsa, sokin tunda, oyning shu‘lasida, beixtiyor
o‗yga cho‗madi. Osmon bilan tillashgisi keladi. Oyning yorug‗ida osmon
shunchalik tovlanadiki, xuddi odamning ustiga zar sochganday misoli yulduzlar
porlaydi. Shunda uning xayoliga yulduzlar haqidagi afsona keladi, o‗ziga yulduz
tanlashga oshiqadi. Yoridan bu haqida javob kutadi. Yori esa tushkunlikka tushib
bo‗lgan, nimadir deyishga tili bormaydi. Javob bergisi kelmaydi. Yoriga: ―U bir
kichik zarradir, xolos, Yiroqdadir, ilinmas ko‗zga...‖. Lirik qahramonni yulduzlar
haqidagi afsona karaxt holatga solib qo‗yadi. O‗ziga o‗zi: ―Ajab deyman, kim
etmish qiyos, Odamzodni so‗nik yulduzga?!‖.
Lirik qahramon so‗nik yulduzlikdan ko‗ra, yoniq sham bo‗lishni afzal
ko‗radi. Uning shu‘lasi bir dam bo‗lsa-da odamlarning qalbiga nur olib kiradi. Xira
yulduz esa bunday qilishdan mahrum. Shamning shu‘lasi bo‗lib, odamlarning
qalbiga yo‗l topish uning asosiy maqsadi. U chetda turib kuzatib turishni
istamaydi, ishq olovini odamlarning qalbiga muhrlagisi kelaveradi.
Qalb ko‗ksimda yonib o‗rgangan,
e`tiqodim shu erur azal:
Ming yil xira yulduz bo‗lgandan,
Bir dam yoniq sham bo‗lgan afzal.[1, 46]
Shoir ifodalagan sham unsuri – uning aslida ijodi. U qalblarni larzaga keltira
olmagan ijoddan nafratlanadi. Shamning shu‘lasi kabi bir oniy lahzada yonsa-da,
ijodini o‗quvchining qalbiga umrbod muhrlagisi keladi. Buni uddalashga bor
kuchini safarbar etadi. Ijodkor yoriga yulduz bo‗lish kerak emasligini, agar qo‗ldan
kelsa quyosh bo‗lishini ta`kidlaydi. Quyosh – o‗zining nurlari bilan butun olamni
yoritadi. Uning nuridan bahramand olgan insonning ko‗ngil torlari beixtiyor
harakatga keladi, unga oshno tutinishiga intiltiraveradi. Shoirning ijod olamidagi
201
quyoshi – bu uning she`riyatga qoldirgan ulkan merosi. Ushbu meros har bir
o‗quvchining qalbini charog‗on etadi.
E.Vohidov she`riyati mavzuiy jihatdan guruhlarga bo‗linsa-da, ular bir
maqsad uchun birlashgan. Shoirning ko‗nglidagi aytolmay qolgan dardlari nazmi
orqali yosh shoirlarga murojaati talqini bo‗lib, bu holat ijodkorning she`riyatga,
xususan o‗zining she`riyatiga, ijodiga munosabati sifatida namoyon bo‗ladi.
Yuqoridagi tahlilga tortilgan she`r ishq mavzusida yozilgan bo‗lishiga qaramay,
shoirning ijod ahliga bergan aks sadosi sifatida jaranglagani aniq. Chunki unda
aytilayotgan fikr, berilayotgan g‗oya ijod ahlini o‗ziga tortadi.
E.Vohidov ijodini o‗rganish davomida uning she`riyatga nisbatan
munosabatiborligini ham sezishimiz mumkin. Ijodkorning goh hazil, goh jiddiylik
bilan yozilgan she`rlarida shunday hodisaniuchratamiz. Ana shunday holatni
anglashimiz, uning o‗ziga xosligini belgilashimiz uchun ijodkorning ―She`r
kechasi‖ va ―She`r haqida she`r‖ (hazil she`ri) asarlariga murojaat qilamiz.
―She`r kechasi‖ she`rida shoir she`rning umrboqiy bo‗lishiuning noyobligiga
bog‗liq ekanligini uqtiradi. Bunga o‗zi ham amal qilishga harakat qiladi. O‗qi-
mishli she`riyatning qadri baland bo‗lishi, uning hammaga xush yoqishini e`tirof
etadi. Shoirning ilhomi kech payti kelib, ―kuylarining eng sozi‖, ―ko‗nglining eng
dilbar ovozi‖ni qidirishga o‗tadi. U o‗tgan damlarni, hayot kitobining varaqlarini
ko‗zdan kechiradi. O‗ylab qarasa, hali ham o‗qimishli, go‗zal asar bunyod
etmagan. Shunda uning xayoliga nimadir umid uchqunini beradi:
She`rlar chamani keng, umrim ham uzoq
Gullar terajakman quchoq va quchoq.
Ammo bir gul mening yuragimdadir,
Bir she`r yozmoq mening tilagimdadir [2, 58].
Shoirning o‗z she`rlaridan qoniqmagan holatlari ushbu satrlarda bo‗y
cho‗zadi. She`riyat bog‗ida gullar ko‗p, lekin shoir uning ichidan hammani o‗ziga
tortadigan gulni – she`rini qidirish bilan ovora. U o‗zinishe`riyat ixlosmandlaridan
uzr so‗ragan holatida tasavvur etadi, she`rxon ko‗ngliga xush yoquvchi satrlarni
yaratishni ko‗nglida tugib qo‗yadi, albatta qachondir buni uddalaydi.
Shoirning ko‗nglini iztirobga solayotgan she`ri hali tug‗ilgani yo‗q. U qalbni
jarohatlab yuribdi, xolos. Uning qog‗ozga ―to‗kilishi‖ uchun esa shoir otashda
yonishi kerak. O‗sha she`r bilan yashashi shart.
Bu she`rni izlayman aqlimni tanib,
Bu she`rni kuylayman otashda yonib.
Bu she`r ishqi bilan yashayman mudom,
Bu she`r ishqi bilan ko‗nglimda ilhom...[2, 58]
She`riyatga bo‗lgan ishqi E.Vohidovning qalamini doimo charxlagan.
Go‗zal asarlarni bunyod ettirishiga sababchi bo‗lgan. She`rga nisbatan muhabbati
qalb qo‗ridagi intim tuyg‗ularining yuzaga chiqishiga turtki bergan, ko‗nglida
ilhom qanotining yoyilishiga zamin hozirlagan. Bir she`r ishqi bilan yonib, shoir
qanchadan-qancha asarlarni yozib ulgurgan. Bir she`r ishqi bilan yashash shoirning
gulzordagi noyob gavhari – she`ri uning o‗y-xayolini band bo‗lishiga majbur
qilgan, uning har nafasida halovat qolmagan. Shoir esa o‗sha gavharni
202
she`rxonlarga ulashish uchun tinmay ijod bilan shug‗ullangan. Ushbu holat
E.Vohidov asarlarining o‗qimishliligini oshirsa, oshirganki, aslo kamaytirmagan.
Darhaqiqat, ijodkor xayolining cheksizlikka cho‗mishiga sabab bo‗lgan
she`ri qachondir yoziladi. Ushbu holatdan xalos bo‗lish esa she`rning jismga,
qalbga bergan ―yuki‖dan birozgina yengillashishi bilan tenglashadi. Shu paytda
shoirning ijodiga nisbatan murojaatlari ham ochiqlanadi. ―She`r haqida she`r‖
nomli hazil she`ri ana shunday munosabat ila maydonga kelgan.
Ijodkor – xoh shoir bo‗lsin, xoh yozuvchi o‗z asarini yozib bo‗lgan paytida
qanchalik darajada xursand bo‗ladigan bo‗lsa, u chop etilgandan so‗ng shunchalik
iztirobga tushishi mumkin. Badiiy yoki she`riy asariga nisbatan ommaning,
qolaversa, ilm ahlining munosabati uni shunga majbur etadi. Shoir ham bu holatni
o‗z ko‗zi bilan ko‗rgan. Ushbu hodisani she`rda ifodalashga uringan. U she`rning
birinchi bandini ana shunday ohang bilan yo‗g‗rilgan satrlar bilan to‗ldiradi:
She`rim, mana, bitding nihoyat,
Tunim uyg‗oq o‗tdi qoshingda.
Bitding dedim, sevinma faqat,
Qancha ish bor hali boshingda.[2, 65]
Shoir she`r yozayotganda she`ri bilan ―suhbat quradi‖, uning oldidan
uzoqlashmaydi, tunda bo‗lsa ham mijja qoqmaydi. Uning (she`rining) hali sevinib
ketmasligini aytadi, chunki shoirning bu she`ridan birozgina ko‗ngli to‗lmagan.
Uni qayta-qayta o‗qib chiqib, keraksiz joylarini o‗chirib, takror-takror ko‗chirishi
mumkin. Buning oqibatida shoirning suhbatdagi asl she`ri emas, balki qayta tahrir
qilgan yangi ―farzandi‖ dunyoga keladi.
Shoir she`rning mavzulari xilma-xilligiga ham e`tibor beradi, o‗lmas
mavzularda bitilgan bo‗lsa mavsum tanlamasligiga ishora qiladi. Aks holda buning
teskarisi bo‗lishiga ishonchi komil. Shunday bo‗lsa-da, u yozilgan she`rini
ixlosmandlarga tanishtirgisi kelaveradi. Lekin unda qo‗rquv bor. Qo‗rquvning asl
ma`nosi she`rning so‗nggi bandida namoyon bo‗ladi.
Tahlil aylab tersu o‗ngingdan,
Ikkimizni qiladi behol.
Xo‗p do‗pposlab, tanqid so‗ngida
Ijodimga tilaydi kamol.[2, 65]
Ijodkor yuqoridagi misralardatahlilchining she`rga munosabati qanday
bo‗lishi ehtimolligini ochiqlaydi. Chunki she`rning bosilib chiqishi bilan, albatta, u
tanqidchilar nigohi maydoniga saf tortadi. Tanqidchining o‗tkir ko‗zi she`rning har
bir satrini, har bir so‗zini she`rda qanday o‗rin tutishi, she`rda qanday darajada
ifodalanganligini ko‗rishiga imkon beradi.
Chiroyli, dalillanmagan, novatorligi kam she`rlarni tekshirayotgan sinchi
ijodkorning bunday she`rini qattiq tanqid ostiga oladi. Bu holatni ham shoir
e`tibordan chetda qoldirmagan. Ayniqsa, tanqid ijodning barkamolligiga foyda
berishini alohida ta`kidlaydi. E.Vohidov yuqoridagi misralarda tanqidning o‗ziga
xos yutuqli tomonlari ham borligini chiroyli o‗xshatishlar, hazil-mutoyibalar orqali
ifodalab bergan.
203
E.Vohidov she`rlaridagi turfa xil ―taqdirlar‖, o‗ziga xoslik kasb etgan
voqealar, qahramonlar shoirning mahorati haqida bot-bot ta`kidlaydi. Uning ijodini
o‗rganishni taqozo etadi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, chinakam shoir bo‗lish
yo‗li mashaqqatli, shoirning o‗z dunyosi mavjud. Bu dunyoda u o‗zicha sayr
qiladi, o‗zidan voz kechadi. ―...aynan odam tugagan joydan shoir boshlanadi.
Birining taqdiri – o‗zining ―insoniy‖ yo‗lidan yurish, ikkinchisining missiyasi esa
yo‗q narsani yaratishdir. Shoir dunyoni boyitadi, o‗z-o‗zicha mavjud bo‗lgan real
borliqqa, o‗zining yangi irreal qit‘asini qo‗shib, olamni kengaytiradi‖[4, 262].
Shoirning o‗zi ta`kidlaganidek, ―she`r shoir qalbida tug‗ilgan hayotiy tuyg‗ularni
ifoda qiladi va shu bilan o‗quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o‗zi yonmasa,
boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‗lmasa, boshqa qalblarga harorat
berolmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she`riy jimjimalardan, badiiy
vositalardan, mahoratdan naf yo‗q‖ [5, 146]. Darhaqiqat, E.Vohidovning missiyasi
yo‗q narsani yaratdi, u she`r bilan bir umr yashadi, she`r ishqi bilan bir umr yondi.
Kitobxonlarni, she`rxonlarni nazmiy asarlari bilan yondira oldi. She`rlari olamni
boyitdi, o‗zining she`riyat dunyosini qurgandan so‗ng, real borliqqa ko‗chdi.
Adabiy ijod, umuman olganda, hamisha so‗z olamiga sayohatdir. Ijodkor
so‗zni tirik jon deb biladi va so‗z bilan so‗zlashadi. Erkin Vohidovning
yozg‗iriqlari insonni so‗zning betakror olamiga sayohat qilishiga, san`atkorning
jonli tili bilan o‗qirman o‗rtasida jonli suhbat bo‗lishiga olib keladi. Shuning uchun
ham ijodkorning yaratgan yaratiqlari o‗z davrida, qolaversa, hozirgi paytda ham
o‗z dolzarbligini yo‗qotmay kelmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Erkin Vohidov. Saylanma. IV jildlik. IV jild.Ko‗ngil nidosi. – T.: 2000.
2. Erkin Vohidov. Saylanma. IV jildlik. II jild. She`r dunyosi. – T.: 2001.
3.Hamdam Ulug‗bek. Ruhni uyg‗otguvchi so‗z. – T.: Turon zamin ziyo,
2017.
4.Yo‗ldosh Qozoqboy, Yo‗ldosh Muhayyo. Badiiy tahlil asoslari.–T.:
Kamalak nashriyoti, 2016.
5. Erkin Vohidov. So‗z latofati. – T.: O‗zbekiston, 2018.
Do'stlaringiz bilan baham: |