3.Dars jarayonlarida badiiy adabiyotlardan foydalanishning ahamiyati. “Ma’naviyat – insoniylikka olib boradigan yо‘ldir”, degan edi О‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov. Ana shu insoniylikka olib boradigan yо‘lda adabiyotning alohida о‘rni bor.Buyuk ma’rifatparvar adimiz Abdulhamid Sulaymon о‘g‘li CHо‘lpon 1914 yilda e’lon qilgan “Adabiyot nadir?” nomli maqolasida “Hech tо‘xtamasdan harakat qilub turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo ne qadar zarur bо‘lsa, maishat (tirikchilik) yо‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir.
Adabiyot yashasa – millat yashar. Adabiyoti о‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishdirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, о‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bо‘lur. Muni inkor qilib bо‘lmas”, deya haqli ravishda ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, adabiyot kishi ruhini poklab, ma’naviyatini butun qiluvchi sehrli kuch. U insonning e’tiqodini mustahkamlab, о‘zligini anglatuvchi, jamiki ezguliklar sari boshlovchi mayoqdir.
Milliy g‘oyani о‘quvchilar ongiga singdirishning turli omillari mavjud, biroq bu borada badiiy adabiyotga ham alohida e’tibor bermoq lozim. Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini о‘tin yorishga sarf qilish kerak emas”, degan edi Abdulla Qahhor. Shu bois, milliy adabiyotimizni yuksaklarga kо‘tarish, avlodlarimiz uchun tarbiya maktabi bо‘ladigan, ma’naviyatini mustahkamlash, ajdodlarga munosib bо‘lib yetishishiga xizmat qiluvchi yirik asarlar yaratish eng muhim burchimiz. Taniqli adib va shoirlarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz qalamiga mansub ijod namunalarini farzandlarimiz shuuriga chuqur singdirish biz, ziyolilar, ijod ahlining oldidagi eng dolzarb vazifamizdir.
Haqiqatdan ham adabiyotning yosh avlod ma’naviy tarbiyasidagi ahamiyati beqiyos. Asrlar mobaynida shakllangan, avloddan-avlodga bebaho meros sifatida о‘tib kelayotgan о‘zbek adabiyoti milliy g‘oyamizni yoshlar ongiga singdirishda muhim omil bо‘lib xizmat qiladi. Shu ma’noda О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M. Mirziyoyevning 2017 yil 12 yanvarda imzolangan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bо‘yicha komissiya tuzish tо‘g‘risida”gi farmoyishi hamda 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bо‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tо‘g‘risida”gi PQ-3271-sonli qarori ana shu ezgu ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga kо‘tarishga qaratilganligi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir.
Ushbu farmoyish va qarorda yoshlar о‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda bir qator muammolar mavjudligi qayd etilgan. Shuningdek, chop etiladigan kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish va manzilga yetkazish tizimi sust rivojlangan, shuningdek, aholiga xizmat kо‘rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanish yaxshi yо‘lga qо‘yilmagani alohida kо‘rsatilgan. Bu bejiz emas. Nega deganda, globallashuv davrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga shunchalik singib ketdiki, nafaqat kundalik faoliyatimiz, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojini ham ularsiz tasavvur qilib bо‘lmaydi. Axborot texnologiyalarining bu qadar jadal taraqqiy etishi kitobxonlikka ham о‘z ta’sirini о‘tkazmoqda. Bugun jahondagi kо‘pgina bosma nashrlarning adadi kamayib, ularning onlayn versiyasi kо‘proq о‘qilmoqda. Dunyoning eng boy kutubxonalarida saqlanayotgan bosma manbalarning aksariyati elektronlashtirib bо‘lindi. Bu jarayonlar mamlakatimizdagi kutubxonlarda ham izchil kechmoqda.
Ayni chog‘da, elektron kitob qurilmalari ishlab chiqarish kun sayin о‘sishi natijasida mahsulot narxi arzonlashib, ulardan foydalanish imkoniyatlari esa kengayib bormoqda. Avvallari bunday qurilmalarda maxsus formatdagi kitoblarnigina о‘qish mumkin edi, endilikda ularda surat va video tomosha qilish, audiomateriallar eshitish funksiyasi ham mavjud.
Zamonaviy elektron qurilmalar hatto dangasaroq о‘quvchilar uchun kitob matnini о‘zi о‘qib beradi. Shu tariqa narxi arzon, foydalanish uchun qulay, kam joy band etadigan va beziyon virtual kitoblarning tobora ommalashib borayotgani, о‘z-о‘zidan, “Qog‘ozda chop etilgan kitoblarning kelajagi bormi?” degan haqli savolni keltirib chiqarayotgani ham sir emas.
Mustaqillik yillarida yozuvchi, shoir va adabiyotshunos olimlarimizning (O.Sharofiddinov, G‘aybullo as Salom, B.Qosimov, S. Shermuhammedov, E. Yusupov, E. Vohidov, A. Oripov, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo va b.) milliy g‘oya targ‘ibotida olib borgan va olib borayotgan harakatlari diqqatga sazovor. Asarlarning sifat va mazmun jihatdan boyiganligini e’tiborga olmoq lozimdir. Biroq, keyingi vaqtlarda havaskor yozuvchi va shoirlarning asarlari matbuot dо‘konlarida paydo bо‘lmoqda. Mazkur muallif va asarlarni biz tо‘liq inkor etmoqchi emasmiz, albatta ularning ham о‘z о‘quvchilvri bor, biroq bunday asarlarning kо‘plari taqlid ruhida yozilgandir. Buning oqibatida chet davlatlardan kirib kelayotgan asarlarga nisbatan ishtiyoq kuchaymoqda.
Hozirgi inson ongi va qalbi uchun kurash ketayotgan bir davrda bu muammoga jiddiy e’tibor qaratish lozim, zero kо‘zga kо‘rinmas buzg‘unchi g‘oya va mafkuralardan himoyalanish, kо‘zga kо‘rinuvchi xavfdan ximoyalanishga qaraganda ancha murakkabdir. Buzg‘unchi g‘oyalar bilan sug‘orilgan asarlar mutoalasi natijasi yoshlarga о‘z ta’sirini kо‘rsatmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.
Albatta, har bir о‘quvchi qiziqishi, tabiati, о‘z dunyoqarashidan kelib chiqqan holda badiiy kitoblarni tanlab о‘qiydi. “Adabiyotning tosh-tarozisi-о‘quvchi, kitobxon. Uni yozuvchi о‘zidan bezdirish kerak emas”, degan edi L.Tolstoy.
Biz о‘z ajdodlarimizning qanday ishlarni amalga oshirganligini, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlar orqali bilamiz va ularning buyuk insonlar bо‘lganligidan faxrlanamiz. Shunday ekan, bugungi kunda milliyligimizni tarannum etuvchi ilmiy, badiiy asarlarning xalqchilligini oshirish, rivojlangan axborot asri hamda g‘oyaviy xurujlar davrida uning ham о‘z о‘rni borligini muntazam targ‘ib qilmog‘imiz hamda ularni kelajak avlodga bekamu-kо‘st yetkazmog‘imiz lozim. Shundagina kelajak avlod xuddi biz kabi о‘z ota-bobolaridan minnatdor bо‘lishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |