12-MAVZU: Mutaxassislik fanlarining didaktik ta’minotini ishlab chiqish, mashg‘ulot ishlanmalarini tayyorlash
Reja:
Xalq og‘zaki ijodi turlari va о‘qitishda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan foydalanish.
fanlarning tegishli mavzularini о‘qitishda tarixiy bitiklar va ulug‘ mutafakkirlarning axloq va odobga oid ilmiy merosiga tayanish zarurati.
Dars jarayonlarida badiiy adabiyotlardan foydalanishning ahamiyati.
1. Xalq og‘zaki ijodi turlari va о‘qitishda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan foydalanish. О‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodi о‘zbek xalqining asrlar davomida ijodkor farzandlari tomonidan yaratilgan madaniy merosidir. Bu meros maqollar, matallar, latifalar, qо‘shiqlar, ertaklar, dostonlar va boshqa janrlardagi asarlardan iborat. Xalqimiz og‘zaki ijodining tarixiy ildizlari Markaziy Osiyoda yashab о‘tgan turkiy xalqlarning mifik dunyoqarashiga borib taqaladi. Mazkur mifik qarashlar О‘rxun - enasoy tosh bitiklari, “О‘g‘uznoma”, “Kitobi dadam Qо‘rqut”, Koshg‘ariy tuzgan “Devonu lug‘atit-turk”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul-haqoyiq”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” kabi adabiy asarlarida ham о‘z ifodasini topgan.
1997 yil 6 oktabr’ kuni О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kadrlar tayyorlashning milliy dasturi”ni qabul qilinib, mazkur dasturda ham xalq og‘zaki ijodi namunalari yosh avlodni milliy mafkura asosida tarbiyalashning asosiy manbalaridan biri sifatida baholandi.
Biz “folklor” sо‘zini qо‘llaganda xalq og‘zaki ijodini nazarda tutamiz. Shu bilan birga “folklor” sо‘zi xalq amaliy san’ati, xalq me’morchiligi va boshqa sohalarni ham ifodalaydigan atamadir. Faqat har bir soha mutaxassisi folklor deganda о‘z sohasini, masalan, ma’naviyat, milliy g‘oya, adabiyot sohalari vakillarini xalq og‘zaki ijodini, xoreograf xalq raqsini, musiqashunos esa xalq kuylarini nazarda tutadi.
Aslida “Folklor” atamasi inglizcha sо‘zdan olingan bо‘lib, “xalq donoligi”, “xalq donishmandligi” ma’nolarini anglatadi. Bu atama birinchi marotaba 1846 yilda Vilyam Toms tomonidan qо‘llangan va bugungi kunda jahon ilmu fanida xalq ijodi tushunchasini bildiradi.
Folklor asarlarida xalq hayoti badiiy aks etadi. Shuning uchun xalq og‘zaki ijodi sо‘z san’atining - badiiy adabiyotning og‘zaki shakli sifatida о‘rganiladi. Xalq og‘zaki ijodining maqol, topishmoq, ertak, doston, tez aytish, sanamachoq, qо‘shiq, askiya kabi janrlari bor. Xalqimiz tomonidan ming yillar davomida yaratilgan og‘zaki ijod namunalari о‘zbek xalqining tarixiy va qimmatli madaniy merosidir. Ayni kunlarda о‘rganish va asrab avaylash qayta-qayta ta’kidlanayotgan xalq qadriyatlari tarkibida xalq og‘zaki ijodi ham mavjuddir. Xususan, “Tо‘maris”, “Shiroq” kabi afsonalar, “Alpomish”, “Gо‘rо‘g‘lining tug‘ilishi”, “Ravshan”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” kabi dostonlar, “Bulbuligо‘yo”, “Malikai Husnobod”, “Uch og‘a-ini botirlar” kabi ertaklar, lirik qо‘shiqlar, marosim va mehnat qо‘shiqlari hamda boshqa og‘zaki ijod namunalari xalqimiz qadriyatlarining ajralmas qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda ma’lum bо‘lyaptiki, shaxsni tarbiyalashda uning ruhiy holatiga ta’sir qilmasdan samaraga erishib bо‘lmaydi. Xalq og‘zaki ijodida avlod tarbiyasi aynan ana shu usuldan foydalangan holda amalga oshiriladi. Jumladan, “Alpomish” dostonida Alpomishning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalangan dushman uni va sheriklarini tuzoqqa tushiradi. Qahramonning bir kun may ichib hushyorligining yо‘qotishi 7 yil zindonda yotishiga sabab bо‘ladi. Yoki dostonda aka-uka Boybо‘ri va Boysarining murosasizligi tufayli о‘n minglab qо‘ng‘irotliklarning boshiga mislsiz kо‘rgiliklar tushadi. Bundan ma’lum bо‘ladiki, dono xalqimiz ma’naviy tarbiyaning zamonaviy yutuqlaridan bexabar holda yoshlarni tarbiyalashda eng ma’qul yо‘lni tanlagan ekan.
Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar turkumidagi (Odobnoma, Vatan tuyg‘usi, Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari) fanlarni о‘qitishda yosh avlodni vatanparvarlik, xalqparvarlik, mehnatsevarlik, rostgо‘ylik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor beriladi. Bundan tashqari, xalqimiz azaldan о‘z farzandlarining ziyrak, irodali, insonparvar bо‘lib etishishini orzu qilgan. Xalq og‘zaki badiiy ijodidagi asarlarda tanqid ostiga olingan qahramon о‘z fe’lidagi kamchiliklarni tuzatadi va murod-maqsadiga yetadi. Bu misollar ham xalqimiz og‘zaki ijodining ma’naviy tarbiyada muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Xalq og‘zaki ijodi bilan yaqindan tanishish bu asarlarda inson tarbiyasiga oid hech qanday bо‘sh о‘rin qolmaganligini kо‘rsatadi. Xususan, ba’zi ertaklarda asar qahramonining ziyrakligini tekshiruvchi topishmoqlar mavjud. Bir qator epik asarlarda esa hayotda yomonlik qilgan shaxsning jazosiz qolmasligi ta’kidlanadi. Bevosita yosh bolalarning tarbiyasiga oid masalalar ham xalq og‘zaki ijodi namunalaridan sezilarli о‘rin olgan. Bu о‘rinda topishmoqlarda majoziy fikr yuritilishini, tez aytishlarda nutq organlari shakllanishiga e’tibor berilganini, bolalar qо‘shiqlarida ma’naviy tarbiya bilan jismoniy tarbiyaning uyg‘un ekanligini nazarda tutamiz.
Xalq og‘zaki ijodida katta о‘rin tutuvchi doston va ertaklar orqali yosh avlodga qadim zamonlarda quyosh, yer, suv, ot, tuya, yо‘lbars, baliq, qaldirg‘och, behi, chinor kabi tushunchalarning muqaddasligi uqtirilgan. Shuningdek, bunday asarlarda tо‘y, aza kabi marosimlar qanday о‘tkazilishi haqida aniq ma’lumotlar berilgan. Natijada doston va ertaklarni tinglovchilar bir tomondan, hayot, ikkinchi tomondan, badiiy ijod namunalari orqali milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalanganlar. Bu esa bugungi kunda davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berilayotgan umuminsoniylikni va milliylikni, mustaqillik mafkurasi asoslarini о‘zlashtirish omili hisoblangan.
Jahon adabiyotida uchta jinsning mavjudligi (epos, lirika, drama) qayd etilgan, tan olingan. Janr deganda, ana shu uchta jinsdagi asarlar tarkibini tashkil qiluvchi kichik turlar tushuniladi. Masalan, yozma adabiyotda epik asarlar turini roman, qissa, hikoya janrlari, og‘zaki adabiyotda ertak, doston, latifalar tashkil etadi. YA’ni jins nomi saqlanishi, tarkibi esa asar yaratilish usuliga kо‘ra (og‘zaki yoki yozma) boshqa-boshqa janrlardan iborat bо‘lishi mumkin.
Epos – yunoncha “epos” – rivoyat, hikoya, qо‘shiq sо‘zidan iborat bо‘lib, badiiy adabiyotda voqea, hodisani bayon qilish, hayotiy lavhaning tafsilotlarini ifodalash ma’nosini anglatadi. Ta’rifdagi “qо‘shiq” sо‘ziga ajablanish kerak emas, chunki qadimgi yunonlar nazarda tutgan qо‘shiqlar sо‘zning hozirgi paytda tushunilishidan farqli ravishda voqea-hodisani bayon qilish xususiyatiga ega edi. Badiiy adabiyotdagi epik jinsda biron voqea badiiy sо‘z vositasida hikoya qilinadi. Xalq og‘zaki ijodida bunday jinsga mansub janrlar afsona, naql, rivoyat, ertak, doston, ayrim termalar, latifa, loflardan iboratdir.
Ana shu janrlarning orasida xalq maqollari, topishmoqlar, xalq qо‘shiqlari va xalq dostonlarining alohida о‘rni bor. Maqol deb xalqning ijtimoiy-tarixiy, hayotiy-maishiy tajribasi umumlashgan badiiy, obrazli mulohazalardan iborat hikmatli sо‘zlarga aytiladi. Maqol о‘zbek tilida maqol, tojiklarda zarbulmasal, ruslarda poslovitsa, arablarda (jonli sо‘zlashuvda) naql, turklarda ata sо‘zi atamasi bilan yuritiladi. Maqol atamsi arabcha [قوڶ] – qavlun – gapirmoq, aytmoq sо‘zidan olingan.
Maqollarda sо‘z qimmati alohida yorqin ifodalanadi. Chunki maqollardagi sо‘zlarni boshqasi bilan almashtirish, biron sо‘z qо‘shish mumkin emas. Ular milliy til tarkibida qoliplashgan holda namoyon bо‘ladi. Bu janr dunyodagi hamma xalqlar og‘zaki ijodida bor bо‘lib, hajm, shakl, yaratilishi maqsadiga kо‘ra mushtarak hisoblanadi. Hatto nomlanishida ham yaqinlik aniq seziladi. Jumladan, arablarda “qavlun” – gap, sо‘z ma’nosini ifodalasa, tojiklarning “zarbulmasal” atamalarida misol keltirish, ruslar “poslovitsa”sida sо‘zlar bilan fikrni ifodalash, turklardagi “ota sо‘zi”da esa ajdodlar fikrini eslash ma’nosi etakchi. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida ham “sav” atamasi otalar sо‘zini eslash tarzida keltirilgan.
Xullas, maqol atamasi umumiy mazmun jihatdan “sо‘z” tushunchasi bilan bog‘lanadi. Dunyodagi hamma xalqlar og‘zaki ijodida maqollarchalik shaklan va mazmunan о‘zaro yaqin janr deyarli yо‘q. Masalan, ruscha “Shilo v meshke ne utaish” (bigizni qopda yashirib bо‘lmas) – о‘zbekcha “Oyni etak bilan yopib bо‘lmas”; inglizlarda “East and West, home is best” (Sharqmi, G‘arbmi, uying eng yaxshisi) – о‘zbekcha “О‘z uying, о‘lan tо‘shaging”; Vyetnamda “Risoval drakona, poluchilsya chervyak” (Ajdar suratini ishlagandim, chuvalchang bо‘lib chiqdi) – о‘zbekcha “Men dedim о‘ttiz – Alloh dedi tо‘qqiz”, osetinlarda “Ego v seni ne puskayut, a on lezet v komnatu” – о‘zbekcha “О‘ziga eng bо‘lmagan, о‘zgaga yeng bо‘larmi”; tatarlarda “Tovuq tuxum qо‘ymasdan, egasi jо‘ja sotmoqchi” – о‘zbekcha “Jо‘jani kuzda sana”; ruslarda “Na chujoy strane i vesna ne krasna” (о‘zga yurtda bahor ham gо‘zal emas) – о‘zbekcha “О‘zga yurtda shoh bо‘lguncha, о‘z yurtingda gado bо‘l” ma’nolarini ifodalaydi.
Folklorshunos olimlar maqollar va matallarni о‘rganuvchi sohani paremiologiya deb atashadi. Paremiya – yunoncha chuqur ma’noli gap, hikmatli sо‘z, ibora, maqol, matal ma’nosini beradi.
Maqollarning janr xususiyatlari quyidagilardan iborat:
Maqollarning hajmi qisqa va cheklangan.
Maqollar mazmunan serkо‘lam va chuqur ma’noni ifodalaydi.
Xalq maqollari shaklan she’riy va nasriy bо‘ladi. Ammo nasriy maqollar ham she’riy misralarni eslatadi. Masalan: Kо‘za kunda emas, kunida sinadi. Maqollarda hayotiy voqea-hodisa haqida qat’iy hukm ifolanadi. Bu hukm musbat yoki manfiy mazmunda aks etadi.
Xalq maqollari shakl va mazmun jihatdan matallarga yaqin janr hisoblanadi. Matallar ham ixcham matnga ega ekanligi bilan maqolga о‘xshaydi. Matal, odatda, notiq nutqi tarkibiy qismini tashkil etadi, ammo mustaqil qо‘llanganda tugal fikr anglatmaydi. Masalan, xalqimizda “Yaxshi gap bilan ilon inidan, yomon gap bilan qilich qinidan chiqar” degan maqol bor. Agar maqolning yarim matnini “Falonchi ilon inidan chiqadigan qilib gapirdi” tarzida qо‘llasak, biz matal aytgan bо‘lamiz va “Falonchi yaxshi gapirdi” ma’nosini bildiramiz. Chunki “ilon inidan chiqadigan” sо‘z birikmasi alohida aytilsa, mustaqil ma’no anglatmaydi. Ma’lum bо‘ladiki, matal shaxs nutqini gо‘zallashtirish uchun xizmat qilar ekan, xolos. Maqol esa mataldan mustaqil ma’no ifodalay olish xususiyati bilan farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |