Xorazmda va Turkmanistonning ba’zi viloyatlarida dutor kosasining o’yma turi ham uchraydi. Bu dutor “Qazma” nomini olgan. Qovurg’ali dutor esa – “Dilma” nomi bilan ijrochilar o’rtasida keng tarqalgan.Respublikamizning qolgan viloyatlarida dutor kosasining yelimlangan turlari uchraydi. Buxoro va Qoraqolpog’istonda dutor kosasi ikki bo’lakdan iborat. Samarqandda to’rt, Toshkent va Farg’ona vodiysida o’n hattoki o’n ikki qovurg’alik dutor kosalari uchraydi.
Cholg’ularning bunday takomili, o’yma kosali, pardasiz, ikki torli, chertib chalinadigan do’mbira cholg’usidan sekin-asta pardali, ikki torli dutor cholg’usi paydo bo’lganidan dalolat beradi. Dutor texnik o’zgarishlardan tashqari, uning tovushqatordagi o’zgarishlarini ta’kidlab o’tish o’rinlidir. Dutor tovushqatori bizgacha to’liq bo’lmagan yarim qatorlik (xromatik) ko’rinishdagi, ravon sur’atlarga bo’linmagan (temperatsiyasiz) holda yetib kelgan. Pastki ovozda soz diapazoni, pardalarning qo’shilishi tufayli kengaya bordi. Yuqori oktavadagi yetti bosqichli diatonik gamma to’liq bo’lmagan xromatik tovushqatorga o’ta boshladi va bunday o’zgarishlar evolyutsion xarakterga ega edi.
Milliy Dutor katta nok shaklidaagi kosaga ega. Kosa bilan dasta “bo’g’iz” orqali ulanadi. Sozning kosasi yupqa, tekis yog’och deka bilan qoplangan. Dekada kichik tovushxonalar (rezonatorlar) joylashgan. Dasta o’n uch va undan ko’p ichak iplar bilan bog’langan pardalardan iborat. Dastaning ikkinchi uchi dutorning bosh qismi bilan tutashgan. Bosh qismidan torlarni tortib turuvchi ikkita yog’ochdan yasalgan quloqlari bor. Ipak torlari kosa quyi qismidagi ilgaklarga ilingan bo’lib, dekadagi kichik taxtacha – xarrakka ulanib tortiladi. Milliy dutorni ustalar tut va o’rik daraxtlaridan yasashgan.
30-yillarning ikkinchi yarmiga kelib, O’rta Osiyo xalqlari orasida musiqa madaniyati katta o’zgarishlarga o’rin tutadi. Turkmaniston, Qozog’iston, Qirg’iston, O’zbekiston va Tojikistonda ko’p ovozli milliy cholg’ular orkestri tashkil qilina boshlandi. O’zbekistonda A.I.Petrosyans bir guruh sozanda cholg’u ustalari bilan birgalikda, rus cholg’ushunosi V.V.Andreyevning bu borada yaratgan ishlaridan andoza olib, O’zbek xalq cholg’u sozlari ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib bordi.
XX asrgacha saqlanib, bizgacha yetib kelgan xalq cholg’u sozlari milliy musiqa asarlarimizni ijro etishga mo’ljallangan edi. O’zbekistonda ko’p tovushli ijrochilikni shakllantirish va kompozitor asarlarni ijro qilish uchun xalq sozlariga ma’lum darajada o’zgartirishlar kiritish talab qilindi. Chunki ushbu sozlar sof yarim ton tashkil qiluvchi, o’n ikki bosqichli, ravon sur’atlarga bo’lingan tovushqatorga ega emas edi.
Xalq sozandalari cholg’uchilik borasida o’zbek xalq cholg’u sozlarini takomillshtirishdek dolzarb vazifalarni tushunib yetdilar. Shundan kelib chiqqan holda, xalq cholg’ularini takomillashtirish bilan shug’ullanuvchi ustaxonalar ochildi. Taniqli xalq sozandalari bu borada turli izlanishlar qilib ko’rdilar. Ammo ularning bu xildagi urinishlari professional cholg’ushunoslik qonun qoidalariga asoslanmagan edi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, takomillashtirish yo’lidagi dastlabki ishlarga ular ozmi-ko’pmi o’z hissalarini qo’shdilar.30-yillarning o’rtalariga borib, o’zbek xalq cholg’ularini qayta ishlash borasidagi ishlar davom etdi.
Mashaqqatli mehnatlar natijasida musiqani o’qitish ommalashdi. Yosh avlodni baynalminal ruhda tarbiyalash va ko’p tovushli ijrochilikga o’rgatish imkoniyati yaratildi. Dutor- qayta ishlovga yuz tutgan birinchi xalq cholg’usidir. Dutorning birinchi takomillashtirish ob’yekti olinishi tasodifiy hol emas.
Birinchidan: dutor xalq orasida eng keng tarqalgan cholg’u.
Ikkinchidan: dutorning tovushqatori boshqa soz tovushqatori bilan solishtirilganda, dutorning tovushqatori o’n ikki bosqichli tovushqatorga yaqin hisoblanadi.
Ashot Ivanovich ishni dutor tovushqatorining pastki oktavasini to’ldirish bilan boshladi (Ochiq tordan 6-pardani orttirilgan kvarta yoki kamaytirilgan kvinta). Pastki oktavada o’n ikki bosqichli xromatik gammani hosil qilgach, ushu qatorning o’zini ikkinchi oktavaga o’tkazadi. Yetishmagan pardalar o’rnini yangi bog’langan pardalar egalladi. Petrosyans hali o’z oldiga sof yarim ton hosil qiluvchi teng bosqichli ravon sur’atlarga bo’lingan tovushqatorni yaratishni maqsad qilib qo’ygan emas edi.
Petrosyans ustalar yordamida dutor pardalarini shunday joylashtirdiki, natijada teng yarim tonliklarga bo’lingan o’n ikki bosqichli, ravon sur’atlarga ega bo’lgan tovushqator yuzaga keldi. Cholg’ushunoslikdagi bunday yangilik faqat dutor tovushqatorinigina emas, balki rubob, tanbur, chang, afg’on rubobi tovushqatorlarini takomillashtirishga ham sabab bo’ldi. Keyingi muammo ochiq torlarning sozlanishida edi. Yuqorida aytib o’tilganidek, xonandalar qo’shiq aytib, dutorda jo’rnavozlik qilishgan. Shuning uchun ham dutor torlarning tovush balandligiga tobe bo’lgan. Yakkanovozlikda dutor torlari ixtiyoriy ravishda sozlangan. Asosan dutor torining tovush balandligida kvarta, kvinta intervali ko’p uchragan, unison hamda oktava intervali esa ularga qaraganda kam ishlatiladigan tovush balandliklari turiga kiradi.
O’zbek xalq cholg’u sozlarini takomillashtirish bo’yicha tajriba ustaxonasida o’z o’lchami (Menzurasi) bilan milliy dutorimizdan farqlanadigan cholg’u yaratildi. Ushbu soz dutor alt deb nomlandi. Alt dutor faqat o’lchami bilangina farqlanmasdan, balki ochiq torlari sozlanishida, qo’sh dekalari, richagli quloqlari va tayyorlanadigan yog’och turlari bilan farqlanadi.
Har sohada yaratilgan yangilik, musiqashunoslar, ijrochilar orasida ijobiy va salbiy fikrlashga sabab bo’ladi. Ular o’z mulohazasi bilan Respublika ro’znomalarida chiqishlar qildilar. Shuni unutmaslik kerakki, hayot doimiy harakatdan iborat. Bunday harakatning davomi dutorning past registridagi turini (bas) turini yaratishga olib keldi. Ilmy ishlar natijasi butun boshli dutor oilasining yaratilishiga asos bo’ldi. Bu oilaga kiruvchi barcha cholg’ular (prima, sekunda, alt, bas, kontrabas) milliy takomillashtirilgan dutor asosida yaratildi.
XX asrga kelib 1930-yillardan dutor sozi ham chang, qashqar rubobi, g’ijjak sozlari qatorida xalq cholg’u orkestrida umumiy bir xil sozlanishni nazarga olgan holda Profesor A.I.Petrosyans tomonidan takomillashtirilgan dutor oilasi guruhi kelib chiqdi. Bu sozlarning yaralishida asosiy maqsad ko’p ovozli orkestr, kvartet, kvintet ansambllarida ijro etilib, ansambl va orkestr ovozlarini boyitish bo’lgan. Ularni sinab ko’rish maqsadida 1938-yilda Toshkent filarmoniyasi qoshida tashkil etilgan ko’ptovushlik O’zbek xalq cholg’ular tarkibiga kiritildi. Qolgan cholg’ular oilasini yaratish ustida ham qizg’in ish olib borildi va bu izlanishlar yigirma yil davom etdi.
Dutor ijrochilik san’atining rivojlanishida Toshkent Davlat Konservatoriyasining o’rni beqiyosdir. 1948-yildan boshlab konservatoriyada dutor sozi bo’yicha oliy ta’lim-tarbiya berish boshlandi. Shu tariqaToshkent Davlat Konservatoriyasida Xalq cholg’ulari kafedrasida Dutor prima, dutor sekunda, dutor alt, dutor tenor (an’anaviy dutor) dutor bas, dutor kontrabas sozlarida mukammal sinflar ochilib o’qitila boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |