Taraflarning protsessual huquqlari umumiy va maxsus huquqlarga ajratiladi.
FPKning 40-moddasida hamda boshqa moddalarda nazarda tutilgan hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar ham foydalanishi mumkin bo‘lgan huquqlar taraflarning umumiy huquqlari hisoblanadi. FPKning 44-moddasi hamda boshqa moddalarda nazarda tutilgan hamda faqat taraflargina foydalanishi mumkin bo‘lgan huquqlar maxsus huquqlar sanaladi. Taraflarning maxsus huquqlari sifatida da’vogarning da’vo asosini yoki predmetini o‘zgartirishga, qo‘shimcha talablar taqdim etishga, da’vo talablarining miqdorini oshirishga yoxud kamaytirishga, ulardan to‘liq yoki qisman vos kechishga haqli. Javobgar da’voning talabini to‘liq yoki qisman tan olishga, qarshi da’vo taqdim etishga haqli. Undan tashqari, da’vo ishini yuritishda taraflar sud protsessining har qanday bosqichida kelishuv bitimi tuzish orqali ishni yakunlashga haqlidirlar (FPKning 44-moddasi).
Sud da’vogarning da’vodan voz kechishini, javobgarning da’voga iqrorligini basharti, bu harakatlar qonunga xilof bo‘lsa yoki kimning bo‘lmasin huquqini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzsa, qabul qilmaydi va taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlamaydi. Shuningdek, agar da’vodan voz kechish, da’voga iqror bo‘lish, kelishuv bitimi taraflarning erkiga, qonunga, davlat manfaatlariga xilof bo‘lsa, taraflardan birining yoki boshqa shaxslarning manfaatlariga zarar keltiradigan bo‘lsa, sud ish yuzasidan to‘plangan dalillarni tekshirishni davom ettiradi va mazkur ishning holatlariga muvofiq tarzda qaror chiqaradi.
Fuqarolik protsessida taraflar teng protsessual huquqlardan foydalanadilar. Taraflar o‘zlariga berilgan barcha protsessual huquqlardan vijdonan, insofli ravishda foydalanishga majburlar. Jarayonni cho‘zish yoki buzish maqsadida har qanday g‘ayriqonuniy harakatlar qilinishiga sud yo‘l qo‘ymaydi.
Taraflarning protsessual huquqlari ularning protsessual majburiyatlari bilan bog‘liq. Taraflar protsessual majburiyatlarini sidqidildan bajarishlari lozim. Har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart (FPKning 71-moddasi).
Taraflar ish yuritilayotgan vaqtda familiyasini, ismini, otasining ismini o‘zgartirganligi, manzili o‘zgarganligi haqida sudga xabar qilishi shart (FPKning 163-moddasi), ular qonunda nazarda tutilgan sud xarajatlari va qonunda nazarda tutilgan boshqa bir qator majburiyatlarni o‘z zimmalariga oladilar.
Protsessual huquqlardan noto‘g‘ri foydalanish yoki protsessual majburiyatlarni bajarmaslik taraflar uchun salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi (masalan, da’vo arizasining qaytarilishi, arizaning ko‘rmasdan qoldirilishi, ishning keyinga qoldirilishi, ishni sirtdan ko‘rib chiqilishi va hokazo).
Qonunda nazarda tutilgan holatlarda protsessual majburiyatlarni bajarmaganligi uchun aybdor taraf javobgarlikka tortilishi, masalan, sud aliment undirish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha javobgarning sudga kelishini shart deb topishi mumkin. Agar bunday holda javobgar sud majlisiga sud uzrsiz deb topgan sabablarga ko‘ra kelmasa, u majburiy tartibda keltiriladi va FPKning 146-moddasida nazarda tutilgan tartibda jarimaga tortiladi (FPKning 186-moddasi). Undan tashqari, sud insofsizlik bilan asossiz talablarni qo‘ygan yoki arz qilingan talablarga qarshi nizolashgan yoxud ishning to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va hal etilishiga muntazam qarshilik qilib kelgan taraf zimmasiga amalda yo‘qotilgan vaqt uchun ikkinchi taraf foydasiga haq to‘lash majburiyatini yuklashi mumkin. Undiriladigan haq sud tomonidan oqilona miqdorda belgilanadi (FPKning 137-moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |