XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining ijobiy imijini yaratish, investitsion jozibadorligini oshirish uchun harakat qilmoqda va bugungi kunda bunday holat juda dolzarb masalalardan biriga aylandi. Negaki, mamlakatning ijobiy imiji va investitsion jozibadorligi tashqi muhitda davlatning o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq bo’lgan keng ko‘lamli muammo bo‘lib, bu xalqaro raqobat muhitida muvaffaqiyatli yashash va iqtisodiyotning rivojlanishi uchun muhim omili, shuningdek, milliy manfaatlarni himoya qilishning asosiy vositalaridan biri sifatida tushuniladi.
Bunda davlatning ichki va tashqi siyosati xususiyatlari, shu bilan birga iqtisodiy, madaniy, siyosiy va gumanitar sohalardagi ijobiy o‘zgarishlar, islohatlar uning mazmun-mohiyati hamda taraqqiyot tendensiyalarini belgilab beradi. Ijobiy imij, qoidaga ko’ra, davlat va hukumatning nufuzi, demak, obro’ -e’tibori va ta’siri ortishiga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirishda hozirgi zamon iqtisodiy nazariyasi va eksportga yo‘naltirilgan taraqqiyotni tartibga solishda jahon tajribasidan keng foydalanish lozim.
Mustaqillik yillari respublikamizda eksportni rivojlantirishga katta ahamiyat berildi. Eksportga ixtisoslashgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi.
Xususan, mahalliylashtirish dasturi asosida o‘z mahsulotlarini chetga eksport qiluvchi korxonalarga soliqdan imtiyozlar berildi. Kelgusida ushbu sohani takomillashtirish yuzasidan, kelgusida eksport bilan bog’liq xizmatlar va tovarlarni aniq ta’rifi va talablarini keltirish lozim.
Bundan tashqari, O‘zbeksiton Respublikasining Soliq kodeksining 427-moddasidagi xizmatlar ko‘rsatilgan joy tushunchasiga aniq tarif berib, ushbu qoidaga agar xizmatlar ko‘rsatilgan joydagi qonunchilik eksport qoidalariga muvofiq bo‘lmasa, umumiy tartibda soliqqa tortish yoki chet el davlati bilan tuzilgan shartnomadan kelib chiqib ushbu shartnoma qo‘llanilishi bilan bog‘liq qoidalar kiritilishi lozim.
So‘nggi yillarda mamlakatamiz tashqi iqtisodiy faoliyati bilan bog‘liq qonunchilikni yanada takomillashtirish, liberalllashtirish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida ko‘plab qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Bu holat tashqi iqtisodiy faoliyatning samaradorligini oshirish bilan birga, xalqaro maydondagi yurtimizning investitsion muhit nuqtayi-nazaridan mavqeyini mustahkamlaydi. Ammo, sohaga oid qonun va qonunosti hujjatlatlarining tizimlashtirilmaganligi ma’lum tushunmovchiliklar hamda muammmolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan qonun hujjati bilan tartibga solingan munosabatning boshqa bir qonunosti hujjatida takrorlanishi yoki ko‘zlangan maqsaddan boshqa shaklda sharhlanishiga olib keladi. Shuningdek, sohani tartibga solishga qaratilgan ma’muriy-huquqiy asoslarning haddan tashqari ko‘pligi natijasida amaliyotda ularning qo‘llanilishi bilan bog‘liq kelishmovchiliklarni yuzaga keltirganiga guvoh bo‘lamiz. Bu holat tizimning kodekslashtirilishiga bo‘lgan ehtiyojni keltirib chiqarish bilan birga taklifimizning qanchalik asosli ekanligini asoslamoqda
Do'stlaringiz bilan baham: |