18-Mavzu
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishda “Elektron hukumatning” tizimining o‘rni
Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillar ichida iqtisodiyot sohasida 500dan ortiq Qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa, ularning asosiy qismi mamlakatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatining qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda sohani rivojlantirishga qaratildi.
Konstitutsiya darajasida tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishi kafolatlandi. Shuningdek, xususiy mulk mavqeini oshirish va uni himoya qilish, qulay ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi», «Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi, «Raqobat to‘g‘risida»gi, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi va boshqa bir qator qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda, elektron tijoratni rivojlantirish va iqtisodiyotni axborotlashtirish jarayoniga moslashtirish maqsadida, bir qator Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilinib, elektron tijorat bozori huquqiy mexanizmi takomillashib borilmoqda.
Ma’lumki, elektron tijoratning texnologik asosini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tashkil etadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Ayni paytda global iqtisodiyotda kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish va ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda».
Shu o‘rinda, qayd etish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizni raqamlashtirish darajasi yuz foizni tashkil etib, yil sayin tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning kompyuter bilan ta’minlanganlik darajasi, Internet tarmog‘ida abonentlar soni, shahar va qishloqlarimizning umumiy Internet qamrovi oshib bormoqda. Ayniqsa, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinib, unda zamonaviy huquqiy munosabatlarning belgilanganligi tadbirkorlik subyektlarining o‘z faoliyatida axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan yanada samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Xususan, qonun bilan tadbirkorlik subyektlarining elektron tijoratda faoliyatini amalga oshirish erkinligi, shartnomalar tuzishning ixtiyoriyligi, ishtirok etish shart-sharoitlarining tengligi va elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kabi prinsiplarning belgilanganligi mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda muhim o‘rin tutdi.
Shuningdek, elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida elektron tijorat vositasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, elektron tijorat vositasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik sohasiga investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va jihozlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini ularning elektron tijorat sohasidagi faoliyati uchun zarur bo‘lgan huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnikaviy va boshqa axborot bilan ta’minlash, elektron tijorat sohasidagi ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarni rag‘batlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning belgilanganligi ushbu sohaning yanada rivojlanishida, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu bilan birga, qonunda Vazirlar Mahkamasi va maxsus vakolatli davlat organi elektron tijorat sohasidagi vakolatlarining belgilanganligi elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash, davlat dasturlarini tasdiqlash va amalga oshirish, davlat organlarining elektron tijorat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish, elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini ko‘rish, elektron tijorat sohasidagi tadqiqotlarni va monitoringni tashkil etish kabi vazifalarning amalga oshirilishida muhim o‘rin tutdi.
Qonun bilan elektron tijoratdagi elektron hujjatlar, shuningdek, elektron shaklda qayd etilgan, yuboruvchisini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan axborot o‘z qo‘li bilan imzolangan qog‘ozdagi hujjatlarga tenglashtirilishi va ulardan bitimlar tuzilganligining dalili sifatida foydalanilishi mumkinligi qat’iy norma sifatida belgilandi. Shu bilan tadbirkorlar faoliyatining har qanday bosqichida axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanib, elektron shaklda amalga oshirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Bugungi kunda UzLIDEP faollari tomonidan saylovchilar o‘rtasida mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, soha uchun axborot texnologiyalari va tijorat ishlaridan boxabar mutaxassislarni tayyorlash, marketing ishlari sifatini oshirish, tovarlarni xaridorlarga yetkazib berish mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Ayni paytda, elektron tijorat biznes yuritishning eng zamonaviy usuli bo‘lib, uning yordamida tadbirkorlar qo‘shimcha buyurtmachilarni jalb qilish hisobiga daromadlarni oshirish, tannarxni kamaytirish, tovar harakati jarayonini qisqartirish, xizmatlar sifatini yaxshilashga erishishlari mumkin.
Qonun qabul qilinishi bilan elektron tijoratning kelgusidagi istiqboliga bog‘liq huquqiy asoslarni takomillashtirish borasida bir qator amaliy tadbirlar ham amalga oshirildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-dekabrdagi 353-son qarori bilan «2016–2018 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish» konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiyaning asosiy vazifalari sifatida elektron tijorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, kelgusida ushbu biznes-segmentda rivojlangan mamlakatlarga yaqinlashgan darajaga erishishni nazarda tutgan holda, elektron tijorat sohasida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, elektron tijorat infratuzilmasini, shu jumladan, telekommunikatsiyalar tarmog‘ini yanada rivojlantirish va modernizatsiyalash, tovar aylanmasini, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, iste’mol bozori talabiga muvofiq ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, integratsiyalashtirilgan savdo va marketing platformalarini, internet-magazinlarni, yanada takomillashtirilgan to‘lov tizimlarini, shuningdek, elektron tijoratda logistika tizimini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, xalqaro standartlarga yo‘naltirgan holda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va elektron tijorat sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, tahlil qilish va qo‘llash belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatining istiqbolini ta’minlashda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonunda belgilab berilgan kafolatlardan to‘liq foydalanish va rivojlantirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |