Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
11-mashg‘ulot.
Matbuot yangiliklari. “Advokat va himoya nutqi to`g`risida” matni. Sintaksis. So`zlarning o`zaro bog`lanish yo`llari, so`z birikmalari. Gap bo`laklari va ularning ifodalanishi. Toshkent, Samarqand, SamDU to`g`risida matnlar tuzish.
|
Advokat va himoya nutqi to`g`risida
Huquqiy davlat qurishni o`z oldiga vazifa qilib qo`ygan mamlakatning demokratik qiyofasi, ayniqsa, huquqni ta’minlovchi idoralarning ishlarida, jumladan ichki ishlar, sud, prokuratura hamda nodavlat tashkilot hisoblanmish advokaturaning ish faoliyatida sezilarli namoyon bo`ladi. Zero, mazkur idoralar jamiyatda qonunchilikni amalga oshirishga bevosita mas’uldirlar.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasida “Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi. Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko`rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi” deb kafolatlangan.
Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini advokat tomonidan sud-tergov idoralarida jinoyat ishlari bo`yicha himoya qilinishi himoyachilik, deb e’tirof etilgan. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasida belgilab qo`yilganidek, “Himoyachi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining huquq va qonuniy mafaatlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilishni amalga oshirishga hamda ularga kerakli yuridik yordam ko`rsatish vakolatiga ega bo`lgan shaxsdir”.
Advokat jinoyat ishlari bo`yicha sud majlislarida himoyachi sifatida ishtirok etar ekan, himoyasidagi shaxs tomonidan sodir qilingan jinoyatning qanchalik ijtimoiy xavfliligi, og`irligi, mudhishligi va yoki davlatga qarshi qaratilgan bo`lishidan qat’iy nazar, sudlanuvchining qilmishiga mutanosib, lekin adolatli, unga nisbatan yengilroq jazoga hukm qilinishiga erishish uchun harakat qilishga majbur. Chunki advokatning protsessual burchi himoyasidagi shaxs qilmishining faqat jazoni yengillashtiruvchi holatlariga, uning insoniy fazilatlariga, jamiyatda tutgan ijobiy o`rni va xulq-atvoriga, qolaversa jabrlanuvchining salbiy va huquqqa xilof harakatlariga e’tiborni qaratish lozimligini taqazo etadi. Zeroki, mazkur burchga amal qilish ba’zida sud majlisida aniqlangan holatlarga asoslanib emas, balki ichki ruhiy hissiyotlarga tayanib shaxs tomonidan sodir qilingan jinoyatning mudhish tafsilotlaridan g`azablanib, jabrlanuvchining mushkul ahvolidan ta’sirlanib, jamoatchilik yoki ommaviy axborot vositalarining tazyiqiga berilib yoxud boshqa siyosiy kuchlar ta’siri ostida sudlar tomonidan noodilona hukm va qarorlar chiqarilishining oldini oladi.
Sud majlisi vaqtida advokatning himoya nutqi alohida ahamiyatga ega. Chunki yaxshi o`ylab tuzilgan himoya nutqi sud ishining natijasiga katta ta’sir ko`rsatishi mumkin. “Adokatning himoya nutqi – bu uning jinoyat ishi bo`yicha sudda qilingan chiqiqshlarining yuqori cho`qqisidir”, degan edi atoqli olim M.S.Strogovich. Aynan himoya nutqida advokat ish bo`yicha o`z xulosalarini, butun ayblov yoki uning ayrim qismiga qarshi o`z e’tirozlarini sudga taqdim qilib, ish holatlarini himoya nuqtayi nazaridan talqin qilib ifodalaydi. Buning barchasi – himoyachidan katta mahorat talab qiladi. Bu himoyasi ostidagi shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida mashaqqatli mehnat qilib sudlanuvchiga zarar keltirish ehtimoliga yo`l qo`ymay, uning foydasiga xizmat qilishi mumkin bo`lgan holatlarni e’tiborsiz qoldirmay qilingan ishning mahsulidir.
Albatta, himoya nutqining uslubi ishning mazmuni va advokatning bilim hamda ish tajribasiga bog`liq. Ba’zida himoya nutqi qaynoq, ko`tarinki ruhda, yorqin va chiroyli so`zlar bilan ifoda etiladi. Ba’zan u bosiq holda aniq raqamlar bilan hisob-kitob qilish, sanalarni bir-biriga taqqoslash va hokazolar singari faktik holatlarni izchil tahlil qilish orqali ifodalanadi. Ayrim hollarda esa himoya nutqida prokuror bilan bahslashish, munozara elementi yaqqol namoyon bo`lsa, ayrim paytlarda sud tergovidan aniqlangan sudlanuvchini himoya qilish uchun foydalanish mumkin bo`lgan barcha mayda-chuyda holatlarni hafsala bilan bayon etishi ustuvor bo`ladi. Bularning barchasi maqbul bo`lib, bu masala bo`yicha hamma uchun majburiy qoidalar belgilab berilishi mumkin emas.
Himoya nutqining o`ziga xos yo`nalishlaridan biri bu himoyachi sudlanuvchiga qo`yilgan aybning faktik tomonini va huquqiy malakalanishini inkor qilmay, balki uning aybini yengillashtiruvchi holatlarini bayon etishdir. Bunday vaziyat quyidagi holatlarda yuzaga keladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |