Til gegemoniyasidan til ierarxiyasiga
Deylik, muayyan davlatning o‘z milliy tili mavjud. Ayni paytda, qo‘shnilar bilan muloqot qilish uchun yana bir tilni, dunyoga chiqish uchun boshqa bir tilni o‘rganish kerak. Ya’ni bu mamlakat fuqarolari uchta tilni bilishi lozim.
Bu tipik lisoniy qopqondagi davlatga misoldir. Bir yoqdan, qo‘shimcha til o‘rganmasa, qo‘shnilar bilan gaplasha olmaydi, xorij bilan aloqalar o‘rnata olmaydi; boshqa yoqdan, muvaffaqiyatli karera qilishni, dunyo ko‘rishni istagan fuqarolar xorijiy tillarga ko‘p urg‘u berib yuborishi oqibatida milliy tilni o‘rganishga qiziqish va vaqt qolmaydi, oqibatda til degradatsiyaga uchraydi, pirovardida yo yo‘q bo‘lib ketadi, yo so‘zlashuv tili darajasida qolib ketadi.
Lisoniy qopqonga deyarli barcha sobiq mustamlakalar tushgan. Keltirilgan o‘rnakda O‘zbekistonni tanigan bo‘lsangiz, bu muammolar mustamlaka zamonidan meros qolganini tushundingiz, albatta.
Muammoni hal qilish uchun har yil oktabrda shovqin ko‘tarish, yoshlarga va milliy ozchiliklarga vatanparvarlik yetishmayotganidan nolish yetarli samara bermaydi. Shaffof, metodik yechimlar kerak. Bularni biz boshqa sobiq mustamlakalar tajribasidan o‘rganishimiz mumkin.
Yirik imperiyalarning koloniyasi bo‘lgan yosh davlatlar til siyosatini uch xil quradi odatda:
– milliy tilning hech qanday ahamiyati yo‘q, muhimi pul topish, iqtisodiyotni ko‘tarish, sobiq metropoliya tili bunda yordam bersa, o‘sha tilga urg‘u beraveramiz;
– milliy tilni saqlab qolamiz, boshqa tillarni siqib chiqarishga harakat qilamiz;
– muvozanat qidiramiz, milliy tilni unutmagan holda xalqaro tillarni o‘zlashtiramiz.
O‘zbekiston hozircha ikkinchi va uchinchi yo‘l o‘rtasida depsinib turibdi. Belgilangan til siyosati yo‘qligi tufayli bo‘lsa kerak, ba’zida o‘zbek tilini muqobili yo‘q yagona tanlovga aylantirish haqida so‘z ochiladi, ba’zida rus yoki ingliz tilini o‘rganish muhimligi ta’kidlanadi.
Sanalgan strategiyalar orasida oxirgisi eng qiyinidir. U ikkita yoki uchta tilga o‘rin topishni, qo‘pol qilib aytganda, bozorni bir necha raqobatchiga bo‘lib berishni talab qiladi. Bu esa konfliktlar kelib chiqish xavfini oshiradi. Agarda bu strategiya muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, unda mamlakatda o‘ziga xos til ierarxiyasi o‘rnatiladi, har bir tilni o‘rganishdan muayyan manfaat tug‘iladi. Shunda yoshlar o‘zini chet tiliga urib, milliy tildan uzoqlashmaydi, zero milliy tilni yaxshi bilish unga konkret manfaat olib keladi va bu manfaat xorijdagi hayot keltiradigan manfaatga teng yoxud undan ustun bo‘ladi. Ana o‘shanda milliy til ham o‘z o‘rnini topib, rivojlanishda davom etadi, xorijiy tillarni bilish darajasi ham tushib ketmaydi. Shunchaki hamma o‘ziga kerakligini tanlayveradi.
O‘zbekiston uchinchi strategiyani tanlab, shunga muvofiq til siyosatini qursa, yuksak iqtisodiy va madaniy yutuqlarga erishishi mumkin. O‘zbekiston boshqa yirik, rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik qilishga muhtojligini, shuningdek, mamlakatda ko‘plab etnos va til guruhlari yashashini inobatga olsak, tillar ierarxiyasini qurish zarurday tuyuladi.
O‘zbek tili muammolariga mana shu nuqtadan boqib, ilmiy yondashuvlarga yo‘l ochib, konkret ishlar amalga oshirilsa, fikrimcha, qaysi strategiyani amalga oshirish osonroqligi anglashiladi va yechimlar topiladi.
Yuqorida men qo‘limizda mavjud ma’lumot asosida ba’zi chizgilar berishga, ba’zi tavsiyalarni ilgari surishga urindim. Albatta, tavsiyalarni va chizgilarni konkretlashtirish uchun aynan O‘zbekiston materialida o‘tkazilgan tadqiqotlarga muhtojmiz. Hozircha chet el tajribasidan kelib chiqib xulosalar qilib turishga majburmiz. Siyosiy elita ilmiy tadqiqotlarning jamiyat madaniy transformatsiyasidagi ahamiyatini tushunib, fanga yetarli mablag‘ ajrata boshlasa, fundamental tadqiqotlar yuzaga kelsa, O‘zbekistonning til vaziyati hamda global lisoniy manzaradagi o‘rni yanada oydinlashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |