Xalqaro ilisoniy manzara
Ilm-fanda ingliz tili monopoliyasining o‘rnatilishi masalasi bizni o‘z-o‘zidan kengroq mavzuga yetaklab boradi, bu ham bo‘lsa, global dunyoda ma’lum tillarning xalqaro maqomga ega bo‘lishidir. Ikkinchi jahon urushiga qadar fransuz tili xalqaro siyosat va madaniyat tili bo‘lgan, hozir uni ingliz tili siqib chiqardi. Aytish mumkinki, Britaniya imperiyasining merosi o‘laroq yanada kengroq qamrovga ega ingliz tili imperializmi davom etmoqda.
Bu til nafaqat xalqaro fanda, balki xalqaro siyosatda va biznesda, madaniyatda, xalqaro moliyaviy va ijtimoiy faoliyatda, sportda turli xalqlarni va davlatlarni bog‘lovchi vositaga aylanmoqda.
Britaniyaning sobiq mustamlakalari hamda Yevropa davlatlarida ingliz tili va mahalliy tillar o‘rtasida to‘qnashuv, muloqot yoxud sohalar taqsimoti yuzaga kelayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston singari ingliz tilidan boshqa til muhitlari tarkibiga kiruvchi davlatlarda uch tomonlama ziddiyat va munosabatlar vujudga kelmoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va shunga o‘xshash boshqa MDH davlatlari avval Rossiya imperiyasi, so‘ng SSSR tarkibiga kirgani bois ularda rus tilining pozitsiyalari mustahkam; Rossiya bilan munosabatlar yaqinligi tufayli bu til o‘z pozitsiyalarini boy bermay kelyapti. Ayni paytda bu davlatlar fuqarolari dunyoga chiqishi, kengroq geografiya bilan muloqot qilishi uchun ingliz tilini o‘rganishi lozim. Ingliz tilini o‘rganish esa Yevropadagidek oson emas: bu til o‘zbeklarning, qozoqlarning «qoniga» singmagan, ular har kuni ingliz nutqiga duch kelmaydi. Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish ko‘proq mehnat talab etadi, bu esa o‘zbek tiliga ajratiladigan vaqt kamayishiga olib keladi. Boshqa tomondan, ma’lum yo‘nalishlarga rus tilisiz qadam qo‘yib bo‘lmaydi. Bu esa yana bo‘sh vaqtning bir qismi boshqa xorijiy tilni o‘rganishga sarflanadi deganidir.
Mahalliy til, sobiq metropoliya tili va xalqaro til o‘rtasidagi munosabatlar asnosida yuzaga keladigan ziddiyatlar bilan faqatgina O‘zbekiston to‘qnashmayapti; juda ko‘p davlatlarda bunday muammolar bor, ayrimlari buning yechimlarini u yoki bu darajada muvaffaqiyatli topmoqda ham. Shu ma’noda o‘zbek tilining mamlakat ichidagi va jahondagi o‘rnini ilmiy baholash, boshqa davlatlar va tillarning tajribalarini ko‘zdan kechirish katta foyda keltiradi, zero ilmiy jurnallar varaqlarida yoki davlat agentliklari kabinetlarida tayyor yechimlar pinhon bo‘lishi mumkin.
Afsuski, bizda bu borada tadqiqotlar bo‘lmagani uchun aniq yechimlarni taqdim eta olmaymiz, zotan muammolarni aniq bilmay turib yechimlardan so‘z ochib ham bo‘lmaydi. O‘zbek tilining o‘z o‘rnini, qo‘llanish doirasini aniqlashtirish va taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish aynan ilmiy tadqiqotlarga asoslanmog‘i lozim.
Hozircha, boshqa tillarning o‘rnagidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ko‘rinayotgan yo‘l murosa va samarali hamkorlikdir. O‘zbek tili birato‘la hamma tarmoqlarni egallashiga, barcha sohalarda asosiy tilga aylanishiga harakat qilish, birinchidan, juda qiyin, serxarajat va amalga oshirib bo‘lmaydigan ishdir, ikkinchidan, aslida buning keragi ham yo‘q. Tillarni kompaniyalarga o‘xshatsak, ular bozorning o‘ziga kerakli segmentlarini egallab borishi lozim. Shu jihatdan, bugungi global dunyoda xalqaro tillarning yutib yuboruvchi ta’siriga qarshi tura olish va ma’lum segmentlarni egallash eng optimal natija hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |