2.O‘lkashunoslik turlari. Tarixga nazar tashlasak, o‘z o‘lkasini sevmagan va uning tuprog‘ini ardoqlamagan biron ham zotni uchrata olmaymiz. Shuning uchun ham biz Vatanni sevmoq iymondandir, deymiz. Zotan, ona-yurt farzandlari uchun Vatanni sevish, uning tarixini o‘rganish, dilga jo etish muqaddasdir.
O‘lkashunoslik uch turga bo‘linib, ular quyidagilar:
1) ilmiy, ya’ni davlat o‘lkashunosligi; 2) jamoat o‘lkashunosligi;
3) maktab o‘lkashunosligi.
Ilmiy, ya’ni davlat o‘lkashunosligi – bevosita davlat ilmiy tashkilotlari, ilmiy tadqiqot institutlari, Respublika tarix va madaniyat yodgorliklarini muxofaza qilish va undan foydalanish, regional, maxsus muzeylar, Respublika Fanlar akademiyasi qoshidagi tarix, arxeologiya ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy xodimlari tomonidan respublika va viloyatning o‘lkashunoslik muzeylarida ekspozitsiya sifatida namoyish qilinadi.
Jamoat o‘lkashunosligi – xalq deputatlari, ijroiya qo‘mitalarining bevosita rahbarligida tegishli joydagi arxeologik, etnografik, toponimik va arxiv hujjatlari mutaxassislari yordamida o‘rganiladi.
Jamoat o‘lkashunosligi qishloq, ovul, qo‘rg‘on, tuman, shahar va viloyat hududidagi tarixiy obidalarni saqlash va asrash ishlariga boshchilik qilish bilan birga joylarda istiqomat qilib turgan xalqlarning kelib chiqishlari, urf-odatlarini o‘rganadi hamda ilg‘or mehnatkashlar, Mehnat Qahramonlari xotirasini abadiylashtirish uchun haykallar, mangu olovlar, hurmat taxtalari tashkil qiladi. Bundan tashqari jamoat o‘lkashunosligiga mustaqil ravishda tanga pullarni o‘rganuvchi mutaxassislar – numizmatlar, muhrlarni o‘rganuvchilar – sfragistlar, tamg‘a (gerb) larni o‘rganuvchilar – geraldistlar, tosh, metall, sopol va yog‘ochdagi yozuvlarni o‘rganadigan olimlar – epigrafistlar, osori-atiqalarni to‘plovchi havaskorlar ham uyushadi.
Maktab o‘lkashunosligi – maktablarda tarix va jamiyatshunoslik (inson va jamiyat, shaxs va jamiyat) fani o‘qituvchilarining bevosita rahbarligida tashkil qilinadi.
Maktab o‘lkashunosligi ikkiga bo‘linib, o‘quv jarayonida (o‘quv dasturi asosida) va dasturdan tashqari (maktabning tarbiyaviy ishlar rejasiga asoslangan holda) amalga oshiriladi.
O‘quv jarayonida (sinfda) olib boriladigan o‘lkashunoslik ishlari ham 2 (ikki) maqsadni ko‘zlaydi:
o‘z o‘lkasining o‘tmishini arxeologik, etnografik, toponimik, qo‘lyozma asarlar va arxiv hujjatlari asosida o‘rganish va o‘lkashunoslik materiallarini bir tizimga solish;
to‘plangan o‘lkashunoslik materiallaridan tarix hamda inson va jamiyat darslarida foydalanish.
Maktab o‘lkashunosligi maktabni, ya’ni ta’lim-tarbiyani turmush bilan, ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lashdagi eng muhim vositalaridan biridir. O‘qitish jarayonida o‘quv materiallaridan o‘rinli foydalanish o‘quvchilarning o‘z o‘lkasining tarixini bilib olishga, mustaqil ijod qilishga bo‘lgan qiziqishini orttiradi va kelgusi hayot yo‘lini tanlab olishga yordam beradi.
Maktab o‘lkashunosligi predmetlararo aloqani mustahkamlaydi. Maktab o‘lkashunosligi o‘quvchilarda o‘z Vataniga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat uyg‘otish bilan birga ularni estetik ruhda tarbiyalashga ham munosib hissasini qo‘shadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |