3-Mavzu: Arxeologik va me`moriy yodgorliklarni o`lkashunoslikda tutgan o`rni (4 soat) Reja:
O‘rta Osiyoda arxeologiya fanining vujudga kelishi tarixidan.
Rus sharqshunosligi va arxeologiya.
O‘zbekistonda arxeologiya fanining vujudga kelishida Ya. G‘ulomovning xizmati.
O‘lka tarixini o‘rganishda arxeologik materiallardan foydalanish.
Farg‘ona vodiysidagi arxeologik madaniy yodgorliklar va ularni o‘lkamiz tarixini yoritishdagi ahamiyati.
Me`moriy yodgorliklarni o`lkashunoslikda tutgan o`rni
Tayanch so‘z va iboralar: arxeologiya, Farg‘ona vodiysi, qazishma ishlari, Registon, Madrasa,
Me’moriy obidalar, Ichan qa’la, Dishan qa’la, Sarvontepa, Qo‘shtepa, Ershi, Fayoztepa, Quva, Eylaton, ibtidoiy odam, manzilgoh.
Adabiyotlar:
1. Mirziyoev Sh.M. Erkin va farovon demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutq. –T.; O‘zbekiston 2016.
2.Mirziyoev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. –T.; O‘zbekiston 2017.
3.Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. T. 1997.
4.Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch. Toshkent. 2008 y.
5.Karamatov H. O‘zbekistonda moziy e’tiqodlar tarixi. 2009 y.
6.Nabiev A. Tarixiy o‘lkashunoslik. — T., 1996.
7.Ochildiev F.B. Tarixiy o‘lkashunoslik. Toshkent. 2008 y
8. Nafasov T. O‘zbekiston toponimlarining izohli lug‘ati. T.,1988.
1.O‘rta Osiyoda arxeologiya fanining vujudga kelishi tarixidan. «Arxeologiya» so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib «Arxayos»« - «qadimgi», «Logos» - fan, ya’ni «qadimgi davrni o‘rganuvchi fan» degan ma’noni bildiradi. Arxeologiya o‘lkashunoslik va tarix fanlarining asosiy manbalaridan biridir.
Dunyo xalqlarining bir necha 100 ming yillardan beri davom etib kelayotgan tarixi bor. Lekin shu uzoq tarixiy taraqqiyotning eng qadimgi davridan, ya’ni eramizdan avvalgi IV-III ming yilliklarda yozma asarlar paydo bo‘lgan. Undan avval esa yozuv va yozma tarix bo‘lmagan.
Yozuv paydo bo‘lgandan keyin ham ko‘pgina voqealar yozilmay qolgan, podsholarning buyruqlari, ruhoniylarning diniy ta’limotlari, xazinalarning hisob kitoblari hamda turli urushlar haqidagi yozma asarlar esa o‘z zamonasining ishlab chiqarish usullari va vositalarini, xalqning mashaqqatini yetarlicha aks ettirmagan. Demak, qadimgi shahar va qishloqlar qazib ko‘rilganda, u yerdan qadimgi xalqlarning uy-joy qoldiqlari, mehnat qurollari, zeb-ziynat buyumlari, ibodatxona qoldiqlari topiladi, bu narsalar yozma tarixdagi ma’lumotlarga qaraganda, o‘sha davr turmushini har taraflama va aniqroq yoritib berishga yaraydi. Bunday yodgorliklar buyumlarni tekshiruvchi fan arxeologiya bo‘lib, u tarixchilikning muhim bir tarmog‘ini tashkil etadi. Arxeologiya-ibtidoiy odamlar yashagan makonlarni, sinfiy davrdan qolgan shahar, qishloq va mozorlarni qazib ko‘rib, tarixni aniqlaydi.
Arxeologik ilmiy izlanishlarning boshlanishi xorijiy mamlakatlarda XVIII asrga to‘g‘ri keladi. Ana shu XVIII asr boshlarida eramizning 79 yilida Vezuviy vulqonini otilishi natijasida fojiali xodisalar yuz bergan. Pompey va Gerkulanum shaharlarida birinchi marotaba arxeologik qazish ishlar olib boriladi va ilk bor 1600 yil ilgari xalok bo‘lgan odamlarni hayotini aks ettiruvchi manzara paydo qilindi.
Shundan so‘ng o‘sha zamon olimlari kundalik turmush tarzini aks ettiruvchi buyumlarni o‘rganishning ahamiyati naqadar yuqori ekanligini tushundilar. Arxeologlar qazilma usuli bilan ish ko‘radilar. Ayniqsa yozuvlar paydo bo‘lmasdan qadimgi davr tarixini arxeologik qazishmalarda topilgan buyumlar to‘ldiradi, arxeologiya qazishmasining natijasi matbuotda keng yoritilib beriladi. Arxeologiya fani xali boshqa fanlarga qaraganda yosh bo‘lishiga qaramasdan, dunyoda katta e’tibor qozongan va hammani qiziqtirgan fandir.
O‘rta Osiyo ham qadimgi Sharqning yuksak madaniyat yaratgan o‘choqlaridan biri bo‘lib, bu o‘lkada insoniyat ilk tosh asridan boshlab yashagan. O‘lkaning turli joylaridan topilgan moddiy manbalar fikrimizni to‘liq tasdiqlaydi.
Keng ko‘lamdagi arxeologik tadqiqot ishlari natijasida tog‘ va tog‘ oldi, vodiy hatto qoraqum va qizilqum cho‘llaridan tosh asri makonlari, manzilgoxlari neolit va bronza davri qishloqlari, mozor qo‘rg‘onlar, ilk temir va feodal davri qishloqlari, shaharlari, suv inshootlari, mudofaa devorlarining qoldiqlari va ulardan o‘rin olgan turli xildagi moddiy manbalar hamda turli davrlarga oid qoyatosh rasmlar ko‘plab topilgan.
Bu o‘lka hududidagi arxeologik yodgorliklar xilma - xilligi va madaniy qatlamning boyligi bilan ajralib turadi. Arxeologik manbalar quyidagi ikki turga bo‘linadi:
Tabiiy manbalar (Paleozoologiya, paleobotaniqa) - inson va hayvon suyaklari va o‘simlik qoldiqlari geologik qatlamlar bo‘lib, ularni asosan antropologlar, zoologlar, botaniklar va geologlar o‘rganadilar.
Inson tomonidan yaratilgan manbalar: mehnat qurollari, qurol-aslahalar, kulolchilik buyumlari, san’at va zeb-ziynat buyumlari, qoyatosh rasmlari, yozma manbalar va h.k. Yozma manbalarni o‘rganish bilan asosan tarixchilar shug‘ullansalar-da, arxeologlar kishilik o‘tmishini o‘rganishda moddiy manbalar bilan birgalikda yozma manbalarga ham tayanib ish ko‘radilar.
Arxeologiya fanida «yodgorlik» va «manba» iboralari keng qo‘llanilib, ular bir ma’noni anglatuvchi sinonim so‘zlardir. Shuning uchun odamlar yashagan barcha turdagi manzilgoxlar arxeologik yodgorliklar deb ataladi.
O‘rta Osiyo xalqlarining moddiy madaniy yodgorliklarini o‘rganish XIX asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni o‘lkaning chor Rossiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng boshlandi. Bu o‘lkaga turli kasbdagi kishilar kela boshladilar. Ular orasida moddiy yodgorliklarga qiziquvchi mahalliy kishilar xam bor edi. V.V. Bartold, V.A. Jukovskiy, N.I. Veselovskiy kabi sharqshunoslar, hamda A.L. Kun, V.L. Vyatkin, I.T. Poslovskiy, N.P. Ostroumov va boshqalarning o‘lka arxeologiyasini o‘rganishdagi xizmatlari kattadir. Mahalliy xavaskorlardan Akrom Asqarov, M. Mirmuxammedovlarning ishlari ham diqqatga sazovordir.
V.V. Bartoldning bevosita rahbarligi va taklifi bilan 1895 yilda «Turkiston arxeologiya xavaskorlari to‘garagi» tuzilib, uning nizomi tasdiqlandi. To‘garak tadqiqot ishlariga jiddiy e’tibor qaratib, dastlabki yutuqlarga erishdi. Lekin bu paytda ish olib borgan olimlar va xavaskorlar ishni muntazam tashkil etmagan edilar.
O‘rta Osiyo arxeologiyasiga jiddiy e’tibor XX asrning 20 - yillari oxiri va 30 - yillardan boshlandi. Ayniqsa ikkinchi jahon urushidan so‘ng arxeologik tadqiqot ishlari O‘rta Osiyoning barcha hududlarida keng ko‘lamda olib borila boshlandi.
Bu davrda O‘rta Osiyo arxeologiyasi rivojlanishida S.P. Tolstov, M.Ye. Masson, M.M. Dyakonov, A.P. Okladnikov, M.M. Gerasimov, V.G. Grigor’ev, A.Yu. Yakubovskiy, Ya.G‘. G‘ulomov, M.P. Gryaznov, A.N. Bernshtam, A.I. Terenojkin, B.A. Latinin, A.M. Beleniskiy, V.A. Shishkin, V.M. Masson, B.A. Litvinskiy, G.A. Pugachenkova, M.A. Itina kabi arxeologlarning fan oldidagi xizmatlari beqiyosdir.
Keyingi 30 - 35 yil ichida O‘rta Osiyo moddiy madaniyatini o‘rganishda ulkan ishlarni amalga oshirgan arxeologlar guruxi yetishib chiqib, ular jumlasiga A.A. Asqarov, A.R. Muhammadjonov, O‘. Islomov, L.I. Albaum, Yu.F. Buryakov, R.X. Sulaymonov, N. Ne’matov, V.A. Ranov, I. Axrorov, V.I. Sarianidi, O.K. Berdiev, M.R. Qosimov, T. Mirsoatov, E.V. Rtveladze, M. Jo‘raqulov, A.S. Sagdullaev, Sh.R. Pidaev, Z.I. Usmonova, B. Turg‘unov, T.Sh. Shirinov, B.X. Matboboev va boshqalarni kiritish mumkin. Bularning ko‘pchiligi hozirgi paytda ham O‘rta Osiyoning o‘tmish tarixining turli davrlari bo‘yicha muntazam tadqiqot ishlari olib bormoqdalar.
O‘rta Osiyo arxeologiyasini o‘rganish hozirda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar bilan maxsus institutlar, universitetlar, arxeologiya kafedralari, joylardagi muzeylar hamda ular bilan xamkorlikda chet el institutlari va universitetlari shug‘ullanishmoqdalar. Bularning tadqiqotlari o‘lka xalqlari tarixini o‘rganishda katta ilmiy ahamiyat kasb etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |