5. Tarixiy o‘lkashunoslikning 1917 yildan keyingi ahvoli. Qadriyatimiz o‘z o‘lkamiz tarixini o‘rganishdan boshlanishi hech kimga sir emas. Yetmish yildan ortiq davr mobaynida biz yosh avlodga o‘tmishimiz tarixini o‘rgatishda juda katta chalkashliklar va xatoliklarga yo‘l qo‘yib keldik.
1917 yilgacha yashagan sharqshunos olimlar va mahalliy tarixchilarning o‘lkani o‘rganishga bag‘ishlangan asarlari unutildi. O‘lka bilan bevosita shug‘ullanganlar millatchiik tamg‘asiga duchor bo‘ldilar.
1917 yilga qadar o‘lkamizda har xil fanlarning rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelgan anchagina mahalliy kishilar foydali qazilmalar topish va ularni ta’riflash, qadimgi zamon yodgorliklarini, osori-atiqalarni o‘rganish kabi ishlarni amalga oshirganlar. Bunday ajoyib kishilarning nomlari keyinchalik esdan chiqarib yuborilgan. Masalan, o‘lkamizda mineral boyliklar qidirgan, qo‘rg‘oshin va feruza konlarini topgan xo‘jandlik Mulla Sang‘in, Chimkentda o‘lkadagi birinchi rus-tuzem maktabini ochishda faollik ko‘rsatgan, Qo‘qon shahar maktabida ishlagan hamda «Turkiston viloyatining gazeti»da mas’ul muharrirlik qilgan, Turkiston muallimlar seminariyasida o‘zbek va fors tillarida dars bergan, 1876 yilda Peterburgda orientalistlar III xalqaro kongressida ma’ruza qilgan, o‘lkadagi tub joy aholi orasida dunyoviy bilimlarning tarqalishiga katta hissa qo‘shgan Sattorxon Abdulg‘afforov, o‘zbek arxeologiyasi rivojiga ham katta hissa qo‘shgan, numizmatik kolleksiyalar to‘plagan, hozirgacha boy kolleksiyasi Davlat Ermitajida tilga olinmagan samarqandlik Mirzo Buxoriy, Mirzo Abdullolarning nomlari unutildi. Vaholanki, shu iste’dodlardan biri-ajoyib san’atkor, xattot Mirzo Barot Mullo Qosimov Samarqand va uning atroflaridagi ko‘pdanko‘p qadimgi zamon yodgorliklarining rasmini chizgan, Ulug‘bek madrasasining g‘oyat aniq chizmasini tayyorlagan edi.
Tarixiy o‘lkashunoslik fanining sodiq tashkilotchilaridan biri Akrompolvon Asqarov juda ajoyib yodgorliklar-O‘rta Osiyoda eng qadimda zarb etilgan tanga-chaqalardan 15 mingdan ko‘p kolleksiya to‘plagan. Akrompolvon arxeologiya faniga ko‘rsatgan xizmatlari uchun Rus arxeologiya jamiyatining nishoni bilan mukofotlangan. U Toshkentda 1890 yilda ochilgan Turkiston qishloq xo‘jaligi va sanoati ko‘rgazmasiga oliy navli g‘o‘za, pilla va xom ipak, pilla qurti boqishda eng yaxshi nav deb topilgan tut navlarini qo‘ygan.
Buxoroda qadimgi gilamlar, qo‘lyozmalar, nodir sopol idishlar to‘plagan Muhammad Vafo juda mashhur bo‘lgan. Havaskor-geograflardan Olimxo‘ja Yunusov, Mirza Hakim va boshqalar Rus geografiya jamiyati Turkiston bo‘limining jonkuyar xodimlari edi. Xalqning olqishiga sazavor bo‘lgan mana shunday yuzlab ajoyib olimlar faoliyati, ularning asarlari o‘rganilmay qolib ketgan. Shunisi achinarliki, 1917 yildan so‘ng to hozirgi kunimizgacha o‘lkashunoslik fani o‘lkamiz tarixini davrmadavr o‘rganishdan iborat o‘z vazifasini bajarmay, ko‘proq Rossiyaning Yevropa qismidagi o‘lkalarini o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lib kelavergan.
Xullas, 1917 yildan so‘ng, o‘lkada o‘lkashunoslik fani ko‘proq markazdan andoza olgan xolda rivojlandi. Rossiyaning markaziy tumanlariga tegishli bo‘lgan nashrlar ko‘paydi. O‘rta Osiyoning asosiy yirik shaharlari tarixi qisman yoritiladi. Maktablarda o‘lkashunoslikka tegishli bo‘lgan ishlar o‘lka tarixidan chetda qolib ketaverdi.
Mustaqillik sharofati bilan o‘lka tarixini o‘rganishga yangidan e’tibor berildi. O‘zbekiston tarixini o‘rganish mahalliy hujjatlar, matbuot, arxiv materiallari, arxeologik, toponimik, etnogenetik va boshqa manbalarni chuqur o‘rganish bilan chambarchas bog‘lab olib borishi lozimligi ta’kidlanadi va amalga oshirlmoqda. Bu esa o‘lka tarixiga yangicha yondashishni taqozo etadi. Bu yo‘lda olimlarning yangi va ilmiy asarlari nashr yuzini ko‘rishi o‘lka tarixiga ob’ektiv baho berishini kun tartibiga qo‘yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |