Qayroqqum madaniyati. Farg‘onaning bir-biridan ancha jiddiy farqlanuvchi so‘nggi bronza davri yodgorliklari (manzilgohlar va mozor-qo‘rg‘onlar) Qayroqqum nomi bilan bitta madaniyatga birlashtirilgan. Ammo bu yodgorliklar nafaqat hududiy birlik, balki ko‘pgina umumiy belgilari bilan ham bir-biriga yaqindir. Farg‘ona vodiysi va unga qo‘shni bo‘lgan hududlardagi bronza davri dasht yodgorliklarini Qayroqqum madaniyatiga ajratishni birinchi bo‘lib 1956 yilda B.A. Litvinskiy taklif etdi. Hozirgi kunga qadar olib borilgan tadqiqotlar asosida ushbu madaniyatning rivojlanish bosqichlari, yoyilgan hududlari va davrlashtirish masalalarini yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.
Qayroqqum madaniyati ko‘rinishidagi yodgorliklarni tadqiq etish natijasi ko‘pgina ilmiy tadqiqotlarda o‘z aksini topgan. Qayroqqum madaniyatiga oid barcha manzilgoxlar G‘arbiy Farg‘onada joylashgan. Ularning deyarli barchasi yemirilib ketgan yoki haddan tashqari vayrona holatda bo‘lganligi tufayli bugungi kunda bu manzilgoxlardagi turar joy tiplari va xaqiqiy o‘lchamlari haqida aniq fikr aytib bo‘lmaydi. Bronza buyumlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan nisbatan ko‘p sonli topilmalar markaziy guruh manzilgohlaridan topilgan bo‘lib, ulardan eng kattasi (maydoni 300 gektarga yaqin) mil. avv. VII-IV asrlarga yoki Farg‘onaning so‘nggi bronza davri chegaralariga xos bo‘lgan madaniyatga oiddir.
Eylaton madaniyati bosqichi. Eylaton madaniyatini o‘rganish 1932 yilda Farg‘ona arxeologiyasining asoschilaridan biri B.A. Latinin tomonidan Eylaton qo‘hna shahrida tadqiqotlar olib borildi. Ammo tadqiqotchi fanning o‘sha davrdagi yutuqlari nuqtai nazaridan qazilma topilmalarini ancha qadimgi davr, ya’ni mil. avv. III-II ming yilliklar bilan belgiladi. 1939 yilda Katta Farg‘ona kanali qazilishi munosabati bilan bu hududlarda tadqiqotlar olib borgan T.G.Oboldueva topilgan arxeologik materiallarni ilk temir asri bilan sanaladi.
1952 yilda Yu.A. Zadneprovskiy Eylaton qo‘hna shahrida qazishma ishlari olib borib, Eylaton madaniyati davrini aniqladi va fanga bu to‘g‘risidagi ilmiy tushunchani kiritdi.
Farg‘ona vodiysidan mil. avv. V-IV asrlarga oid qo‘xna shahar xarobalari Eylatondan boshqa hozircha aniqlanmagan. Mil. avv. IV-III asrlarga oid madaniy qatlamlar Sho‘rabashat, Simtepa, Sufantepa, Piloltepa, Qoraqo‘rg‘on kabi yodgorliklarning pastki qatlamlarida uchraydi, xolos.
Eylaton shahar xarobasi mil. avv. VI-III asrlarga oid bo‘lib, (mahalliy aholi Shahri Haybar deb ham ataydi) – Andijon viloyati Izboskan tumanining Yangiqishloq fuqarolar yig‘ini Eylaton mahallasi yaqinida joylashgan. Yirik shahar xarobasi bo‘lmish Eylaton ikki qismdan iborat. Tashqi shahar maydoni 200 gektar bo‘lib, birinchi mudofaa devori bilan o‘ralgan. Uning ichida 40 gektar joyda ichki shahar bo‘lib, u ikkinchi mudofaa devori bilan o‘rab olingan.
Mudofaa devorlari kuzatuv minoralari bilan mustahkamlangan. Mudofaa devorlarining qalinligi 4 metr, balandligi 2,5 metrga boradi. Kuzatuv minoralari har 50-60 metrda joylashgan. Eylaton ushbu davr uchun hozircha ma’lum bo‘lgan eng katta yodgorlik bo‘lib, arxeologiya fanida butun bir madaniyat nomini olgan.
Antik davrga oid Mingtepa ko‘hna shahar xarobasi Andijon viloyati Marhamat tumani markaziga tutashib ketgan, bugungi Marhamat shahrining sharqiy qismida joylashgan yodgorlik. Yodgorlik mil. avv. 3 – milodiy 5-asrlarga mansub bo‘lib, Xitoy yozma manbalarida tilga olingan Qadimgi Davan davlatining poytaxti Ershi shahri bo‘lganligi ko‘pchilik arxeolog–tarixchilar tomonidan (A. Bernshtam, Yu. Zadneprovskiy, N. Gorbunova, B. Matboboev) tan olingan. Olimlarning bu xulosaga kelishining sababi Mingtepaning maydoni murakkab va mukammal tuzilgan ikki qator mudofaa devorlari bo‘lgan. Bunday yodgorlik ushbu davr uchun vodiyda hozircha ma’lum emas. Arxeologik jihatdan Mingtepa ichki va tashqi shaharlardan iborat bo‘lib, hozirda ichki shahar (38 gektar) ni to‘rt tomondan qurshagan mudofaa devori saqlanib qolgan. Mingtepadagi tepaliklar soni 52 ta. Ichki shaharning shimoli-g‘arb tomonidagi markaziy tepalikning madaniy qatlami 10 metrdan ortiq. Eng quyi qatlam mil. avv. 3-2 asrlarga oiddir. Tepalikdan 5 metr qalinlikdagi platforma (tagkursi) ustida qurilgan inshoot qoldiqlari chiqqan. Mutaxassislarning fikricha, bu tepalik shahar arki bo‘lgan. Mingtepa mudofaa devorning har 38-40 metr masofasida kuzatuv minorasi o‘rnatilib, uning uzunligi 18 metr, eni 9 metr, balandligi 3-4 metrga yetgan. Kuzatuv minoralarining 4 tasi markaziy, kamida 60 tasi oraliq kuzatuv minoralari hisoblanadi. Minora o‘rtasida shinaklar bilan ta’minlangan xona joylashib, unda soqchilar yashagan. Burjlarni o‘zaro tutashtirib turgan mudofaa devorining qalinligi quyi qismida 7 metr, yuqorida 4 metr, balandligi 4 metrga yetgan. Bu o‘lchamlardan kelib chiqib, devorlar mahobatini anglash mumkin. Devor va burj asosan yaxshi pishirilgan paxsa va xom g‘ishtdan tiklangan. Devor tashqarisida xandaqlar qazilgan.
XX asrning 50-yillarida tuzilgan rejaga ko‘ra, Mingtepaning tashqi mudofaa devori ham shunday mukammal bo‘lgan. Shundan bo‘lsa kerakki, bu shaharni mil. avv. 104 va 101 yillarda Xitoy armiyasi ikki marta qamal qilib ham qo‘lga kirita olmagan.
Mingtepa arxeologik yodgorligi 1940-50 yillarda A.N. Bernshtam, Yu.A. Zadneprovskiy, keyinchalik (1990 yillarda) O‘zR FA Arxeologiya instituti Farg‘ona otryadi (B. Matboboev) arxeologik tekshiruv ishlari olib borgan.
B. Matboboev tomonidan Farg‘ona vodiysidagi bronza va ilk temir davri dehqonlarining uyjoylari chuqur tahlil etildi, uzoq yillar tadqiqotlari natijasida aniqlangan turar-joylar xarobalarini o‘rganish natijalarini umumlashtirdi. Shuningdek, keyingi yillarda Farg‘ona vodiysining sharqida ya’ni Andijon viloyatida B.Matboboev boshchiligidagi arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Hisoblarga ko‘ra shaharda hozirgacha qariyb 20 mavsumda arxeologik qazishma-kuzatuv ishlari olib borilgan. Masalan, ayni shu olimning tadqiqotlari asosida shaharning qadimgi va o‘rta asrlar davridagi rivoji tarixi, shaharning tuzilishi to‘g‘risida qimmatli materiallar e’lon qilindi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Farg‘ona vodiysidagi arxeologik yodgorliklar jamiyat taraqqiyotida sezilarli ta’sir o‘tkazgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bo‘lib o‘tganligi bilan izohlanadi. Bu o‘zgarishlarni turli madaniyatlar taraqqiy etishida kuzatishimiz mumkin. O‘rganilgan tarixiy - arxeologik madaniyatlar ayrim jihatlari bilan farqlanib tursada ko‘p hollarda ular o‘rtasidagi o‘xshashliklar seziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |