Buxoroyi Sharif (Sharofatli Buxoro) — qadimgi Buxoroning keng tarqalgan nomlaridan biri.
O‘rta asrlarda jahondagi 7 shahar: Makka, Madina, Quddus, Buxoro, Bag‘dod, Damashq, Mozori Sharifga diniy markaz sifatida shuhrat qozonganliklari uchun «Sharif» unvoni berilgan edi. Buxoro qadimdan turli nomlar bilan atalib kelingan. Ayniqsa, Arab xalifaligi va Somoniylar davrida shahar yuksalgan. Buxoroning nomlaridan «Foxira» («Faxrli shahar») atamasi Narshaxiynnt ta’rifi bo‘yicha, islom dinining barqarorligi yo‘lida qon to‘kkan shahidlar sharafiga nisbat qilib berilgan. Shahar islomni targ‘ib qilish va qaror toptirish yo‘lida ham muhim rol o‘ynagan. Buxorodan islomiyat va hadis ilmlarining yirik targ‘ibotchilari va tasnifchilari (Imom Buxoriy va b.) etishib chiqdi. Islom huquqshunosligining Buxoro maktabi tashkil topdi. Buxoroning islom dini, musulmon axloqi, madaniyati va huquqshunosligining Sharqdagi kuchli markazlaridan biriga aylanishi tufayli unga IX asr boshlaridayoq «Qubbat ul-islom» —«Islom dinining gumbazi» degan sifat ham beriladi. Narshaxiyning guvohlik berishicha, mashhur fiqhshunos (huquqshunos) olim Xoja imom Abu Xafsi Kabir Buxoriy tufayli Buxoro «Qubbat ul-islom» deb atalgan.
O‘rta asrlarda Buxoro faqat islomiyatdagina emas, balki ilmu ma’rifat va madaniyat tarqatishda ham Movarounnahrda yirik markaz sifatida shuhrat topdi. Buxoroda turli asrlarda bino qilingan 200 ga yaqin madrasalarda o‘z davrida minglab tolibi ilmlar diniy va dunyoviy bilimlarni olib, butun O‘rta Osiyo bo‘ylab ziyo tarqatganlar. Shayx Sayfiddin Boharziy faoliyati tufayli Buxoroning shuhrati islom olamida yana ham ko‘proq tarqaldi. Shu sababli XIII asrdan boshlab unga yana bir sifat — «sharif» so‘zi qo‘yilib, u Buxoroyi sharif, ya’ni Sharofatli Buxoro nomi bilan yuritiladigan bo‘ldi.
Abu Bakr Muhammad Narshaxiy(899 – 959) Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyya al – Xattob ibn Sharik an – Narshaxiy – tarixchi olim. Buxoroning (hozirgi Vobkent tumanida) Narshax qishlog‘ida tug‘ilgan. Tarjimai holiga oid ma’lumotlar kam. Somoniylar saroyida kotiblik qilgan. Narshaxiy 943 – 944 yillarda «Buxoro tarixi» nomli asarini arab tilida yozib, uni somoniylar amiri Nuh ibn Nasr (hukmronlik davri: 943 – 954)ga bag‘ishlagan. Asar qo‘lyozma nusxalarda va hozirgi zamon ilmiy tarixiy adabiyotlarda «Tarixi Narshaxiy», «Taxqiq ul–Viloyat» («Viloyat haqiqatini aniqlash»), «Axbori Buxoro» («Buxoro haqida xabarlar») kabi nomlar bilan atalib kelingan. Asarning turli nomlar bilan atalishiga ham sabablar bor. Bu asarning Narshaxiy tomonidan yozilgan dastlabki asl nusxasi saqlanib qolmagan. Uning bizgacha etib kelgan qismi 1128 yilda Quva shahridan bo‘lgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al – Quboviy arab tilidan fors tiliga qisqartirib tarjima qilgan nusxasidir. Undan keyingi yillarda ham Narshaxiyning asari bir necha tahrirlarga uchragan, ba’zi matnlari qisqartirilgan va so‘nggi voqealar asosida to‘ldirilgan. Abu Nasr Ahmad Qubaviy asar matnini qisqartirish bilan chegaralanmay, balki Tabariy, Abu Hasan Nishopuriyning «Hazoiq ul – ulum», Ibrohimning «Axbar–i Muqanna» kabi asarlaridan foydalanib, uni to‘ldiradi. Ana shu tariqa, Buxoro tarixiga Narshaxiy yashab o‘tgan davrdan keyingi, 1178 – 1179 yillardan 1220 yillarga qadar bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar kirib qolgan.
«Buxoro tarixi» asari o‘zining ilmiy ahamiyatini yo‘qotmagan va hozirgi kunda Somoniylar davri tarixi bo‘yicha eng noyob, qimmatli asar hisoblanadi. Asarda Somoniylar davlatining siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy hayotiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Movarounnahr va Xuroson aholisining arab bosqinchilariga qarshi Muqanna boshchiligidagi qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar ham bu asarda ma’lum darajada o‘z ifodasini topgan. Narshaxiy saroy tarixchisi bo‘lganligi sababli hukmron tabaqa siyosatini yoqlab, xalqning hokimiyatga chiqishini qoralagan.
Imom al – Buxoriy(810.21.7, Buxoro – 870.31.8, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘i) Buxoriy, Imom al – Buxoriy (asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al – Buxoriy) – islom olamining yirik mutafakkiri, buyuk muhaddis. Muhaddislar imomi, hadis ilmining sultoni deb ham yuritiladi. Buxoriy umr bo‘yi hadislarni to‘plash va tizimga solish bilan shug‘ullangan, ularni sahih (to‘g‘ri, ishonchli) va g‘ayri sahih (xato, zaif)ga ajratgan. U jami 600 mingga yaqin hadis to‘plagan bo‘lib, shundan 100 ming «sahih» va 200 ming «g‘ayri sahih» hadisni yoddan bilgan.
Imom al – Buxoriy 20 dan ortiq kitob tasnif etgan. Ulardan ayrimlari bizgacha etib kelgan.
Imom al – Buxoriy ilmiy merosi ham boy bo‘lib, bunga kuyidagilarni aytish mumkin:
Imom al – Buxoriyning «Al – Jomi’ as – sahih» («Ishonchli to‘plam») deb nomlangan («Sahihi Buxoriy» nomi bilan ham ataladi) 4 jild (juz) dan iborat hadislar to‘plami islom olamidagi boshqa muhaddislar tuzgan hadis to‘plamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |