Ўтилган мавзуни мустаҳкамлаш учун саволлар.
1.Тут ипак қуртида неча жуфт кўз мавжуд?
2 Тут ипак қуртининг кўзлари қайирида жойлашган , томоқ усти тугунининг
кўриш қисми нима орқали боғланган бўлади?
3. Тут ипак қуртининг сезги органларига қайси органлари киради?
2.6. Tut ipak qurtining ichki sekretsiya organlari
Har qanday tirik hujayra uchun ikkita jarayon xarakterlidir. Birinchidan, qabul
qilingan moddalarni o‘zlashtirish va ikkinchidan, uning hayot faoliyati natijasida hosil
bo‘lgan moddalarni ajratib chiqarishdir. Boshqacha aytganda,ajratish har bir
hujayraning xususiyatidir. Agar ko‘pchilik hujayralar o‘zidagi jarayonlar natijasida
hosil bo‘lgan chiqindilarni ajratsa, ayrim guruh hujayralar boshqa hujayralarga ta’sir
etuvchi alohida moddalar ajratib chiqaradi. Bu bilan ularda borayotgan jarayonlarning
o‘zgarishiga sababchi bo‘ladi,bu esa o‘z navbatida butun organizmda bo‘layotgan
hamma fiziologik jarayonlarning o‘zgarishiga olib keladi. Bu hamma hujayralarning
odatdagi ajratadigan moddalari boshqa hujayralarga ta’sir etmaydi, degan so‘z emas.
Organizmda bo‘ladigan hamma jarayonlar o‘zaro bog‘liq organizmning hamma qismi
bir-biriga doimiy unday yoki bunday yo‘l bilan ta’sir etib turadi. Lekin hayvon
tanasining tuzilishida, uning o‘sish va rivojlanish jarayonlarida ma’lum ro’l o‘ynovchi
maxsus hujayralar, organlar va bezlar borki, ular maxsus organlar faoliyatining
mahsulidir. Bu to‘g‘rida biz oldingi mavzularda gapirgan edik. Ipak ham alohida
ajratuvchi organlar - ipak ajratuvchi bezlar tomonidan ishlab chiqariladi. Bu ikki
holatda ham, boshqa holatdagi kabi, ajratadigan mahsulot (modda) tashqi muhit
ta’siriga qurtning qaytargan javobi natijasida bo‘ladi.
Organlarning yana bitta toifasi borki, bu organlar o‘sish va rivojlanish ichki
jarayonlarning borishiga ta’sir etuvchi maxsus kimyoviy moddalar ajratadi. Bu
moddalar yangi jarayonlar hosil qiladi yoki, aksincha, ularning hosil bo‘lishiga
to‘sqinlik qiladi. Bu organlar ichki sekretsiya organlari, ular ajratadigan moddalar esa
gormonlar deb ataladi.
Hasharotlarning gormonli faoliyati kam o‘rganilgan bo‘lsa ham, hozirda shu
narsa ravshan bo‘ldiki, po‘st tashlash, metamorfoz, jinsiy yetilish va voltinlikning
o‘zgarishi kabi jarayonlar har xil ichki sekretsiya bezlari ishlab chiqargan gormonlar
ta’sirida amalga oshadi va boshqariladi. Gormonlarning ta’siri murakkab va spetsifik
xarakterga ega, agar bir xil gormonlar rivojlanishning u yoki bu jarayonlarini hosil qilsa,
boshqa gormonlar, aksincha, bu jarayonlarni yoki dastlabki gormon ajratuvchi bezlar
faoliyatini to‘xtatish qobiliyatiga ega. Rivojlanishning turli xil jarayonlari bir xil ichki
sekretsiya bezlari ajratgan gormonlar ta’sirida yuz berishi ham ma’lum. Binobarin, bitta
gormonning o‘zi organizm holatiga qarab turlicha jarayonlar hosil qiladi yoki ichki
sekretsiyaning bitta bezi turlicha ta’sir etuvchi gormonlar ajrata oladi.
Masalan, qurtning po‘st tashlashi va metamorfozi tomoq usti tugunlari ishlab
chiqargan gormonlar ta’sirida amalga oshadi. Bu gormonlar gemolimfada saqlanib,
qurtlarning po‘st tashlashida ishtirok etadi. Bu gormonlarning qurt organizmiga aktiv
ta’sirini simpatik nerv tizimiga kiruvchi va tomoq nervlarida joylashib tomoq usti
tugunlaridan orqaga ketuvchi alohida nerv hosilalari ajratgan gormonlar to‘xtatoladi
.Bu to‘g‘rida biz nerv tizimini bayon qilganda gapirgan edik. Bular yondosh tana deb
ataladi.
Hozirchalik bu yondosh tanalar tormozlovchi gormonlar ishlab chiqaradi,
tomoq usti gangliylari ajratgan boshqa gormonlar esa faqat po‘st tashlashda ishtirok
etadi. Agar qurtdan yondosh tana, ya’ni tormozlovchi gormon ajratadigan organ olib
tashlansa, qurtning yoshidan qat’iy nazar, organizmda po‘st tashlash o‘rniga
metamorfoz sodir bo‘ladi. Bu ish qurt uch yoshdaligida, ya’ni tuxumdan chiqqanidan
13-14 kun keyin o‘tkazilsa, u normal rivojlanganidagi kabi ichaklarini bo‘shatadi,
kichkina, lekin yupqa devorli to‘g‘ri pilla o‘raydi va unda g‘umbakka aylanadi. Bu
pillaning og‘irligi normal holdagi pillaning og‘irligidan bir necha marta kam bo‘ladi.
Bu ishdan so‘ng qurtning to‘rtinchi yoshida g‘umbaklari nisbatan yirik bo‘lgan,
kapalaklari esa kichkina bo‘lishiga qaramay, normal kattalikdagi tuxumlar qo‘ygan.
Po‘st tashlash va metamorfozning boshlanishi faqatgina tomoq usti gangliysining
ajratuvchi faoliyatiga bog‘liq bo‘lmay, balki birinchi ko‘krak bo‘g‘imida joylashgan
alohida bezning (protorkal bezning) faoliyatiga ham bog‘liqligi gormonal
protsesslarning murakkabligini ko‘rsatadi
.
Tomoq
usti
tugunining
gormon
ajratish
vazifasi,
gemolimfada
gormonlarning bo‘lishi, tomoq usti gangliysini olib tashlash va gemolimfani bir
qurtdan, ikkinchi qurtga quyish tajribasi orqali isbotlangan. Birinchi tajribada
tomoq usti tuguni olib tashlangan yoki qurt tanasi undagi gemolimfa tananing
oldingi qismidan keyingi qismiga oqib tushmaydigan holda o‘rtasidan
ko‘ndalangiga bog‘langan. Tomoq usti tuguni olib tashlanganda metamorfoz
mutlaqo bo‘lmaydi, qurt tanasi ko‘ndalangiga o‘rtasidan bog‘langanda tananing
oldingi qismi g‘umbakka aylana boshlaydi, keyingi qismi esa qurtligicha
qoladi.Bunday natijalarni gemolimfada metamorfoz gormonlari yetarli miqdorda
to‘planmagan holdagina olish mumkin. Bu ish qurt voyaga etgan davrda o‘tkazilsa
gemolimfada metamorfoz gormonlari to‘planib qolganidan yuqorida bayon etilgan
hodisalar yuz bermaydi. Po‘st tashlashga tayyorlanayotgan qurtdan gemolimfa olib,
yaqin kunda po‘st tashlashga kirishmaydigan qurtga quyish tajribasi ham juda
qiziqarlidir. Bunday holda retsipient deb ataladigan - gemolimfa quyilgan qurt tezda
po‘st tashlay boshlaydi. Binobarin «donor» (gemolimfasi olingan qurt)ning
gemolimfasida po‘st tashlashga kirishmagan qurtning po‘st tashlashiga yordam
beradigan gormon to‘planadi.
Bunday hodisa, monovoltin zotlar, diapauzasining gormonal tabiatini
aniqlash tajribasida ham ko‘rildi. Diapauza tomoq osti gangliysiiing gormonal
faoliyati natijasi hisoblanadi, lekin bu faoliyat bu holda
«miya»
vazifasini
bajaruvchi tomoq osti tuguni tomonidan boshqarilishi aniqlangan. Kapalakka
aylangan vaqtda diapauzani o‘tmagan tuxum qo‘yishi lozim bo‘lgan bivoltin
zotining qurtiga shunday zotdan bo‘lgan qurtning tomoq osti gangliysi olib
o‘tkazilsa, bu tomoq osti gangliysining faoliyati tomoq usti gangliysi faoliyati bilan
bog‘liq bo‘lmaganidan tuxumlarni diapauzaga kiritadigan gormonlarni osongina
ajratadi. Biroq shunday gangliyni ularni bog‘lab turuvchi tomoq oldi
komissuralarini saqlagan holda «miya» bilan birga o‘tkazilsa, birinchi holatdagi
kabi natija olinmaydi, ya’ni «miya» tomoq osti gangliysi faoliyatini boshqarib
tuxumlarda diapauza hosil qiluvchi garmonlarning ajralib chiqishini tormozlaydi.
Uchinchi variantda «retsepient»ga komissurasi kesilgan gangliy va «miya»
o‘tkazilsa, ya’ni «miya» tomoq usti gangliysi bilan nerv orqali bog‘lanmasa
yangidan diapauzani o‘tgan tuxumlar olingan. Bu tajribalarning hammasi diapauza
gormoni tomoq osti gangliysi ajratishini, lekin uning faoliyatini «miya» (tomoq usti
gangliysi) boshqarib borishini ko‘rsatdi. «Miya»ning tormozlovchi faoliyati o‘z
navbatida, birinchidan, mazkur hasharot turining irsiy xususiyatlariga, ikkinchidan,
bu hasharotning ko‘paygan sharoitiga bog‘liq, chunki bivoltin va polivoltin
zotlarning kapalaklari, g‘umbagi va qurtini saqlash va qo’ygan tuxumlarini ochirish
sharoitiga qarab diapauzani o‘tgan yoki diapauzani o‘tmagan tuxum qo‘yadi.
Boshqacha qilib aytganda, tomoq usti gangliysini shuning uchun ham miya deb
aytish mumkinki, u organizm rivojlanishining hamma sharoitini qabul qilib, ularni
«xotirlaydi» va tashqi sharoit ta’sirlariga muvofiq tomoq osti gangliysining
gormonik faoliyatini tormozlaydi yoki aksincha, qo‘zg‘atadi. Bundan tashqari,
organizmning gormonli faoliyati kasallik oqibatida o‘zgargan yoki buzilgan
bo‘lishi mumkin; bunday holda pilla va kichkina g‘umbaklar uchraydi; bu belgilar
tut ipak qurti yuqumli kasalliklar (liqoq va pebrina) bilan kasallanganligini
ko‘rsatadi.
Yuqorida aytilganlardan ma’lum bo‘ldiki, gormonlar ipak qurtining
rivojlanish jarayonida katta ro’l o‘ynaydi. Bunday gormonlar ajratish nerv
tizimining faoliyati bilan bevosita bog‘liq, ularni ishlab chiqaruvchi organlar ham
sezish organlari kabi nerv tizimining ajralmas qismidir. Binobarin, hasharotning
nerv tizimi markaziy periferik va simpatik sistemalar, sezish organi va ichki
sekretsiya organlaridan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |