O’simliklarning suv rejimi
Reja:
Yashil o’simliklar tanasidagi suvning miqdori.
O’simliklar hayotida suvning ahamiyati.
Suvning shimilishi va harakati.
Tuproqdagi suv formalari.
Tayanch so’zlar:
O’simlik turlari, navlari, organlari, suv miqdori, gidroliz, sintez, oksidlanish, qaytarilish reaksiyalar, harakatlanish, suv rejimi, bosqichlari, gravitasion, kapillyar, pardasimon, gigroskopik, apoplast, simplast, transvakuolyar, ildiz bosimi.
Suv tirik organizmlarning yashashi uchun asosiy muhitlardan biridir. Suvsiz sharoitda organizmlar nobud bo’ladi yoki anabioz holatiga o’tadi. o’simliklar tanasida suvning miqdori 70% dan to 90% gacha bo’lishi mumkin. Ya’ni bu ularning tur va navlariga, yoshiga, yashash muhitiga, har xil organlariga va hatto hujayra organoidlariga ham bog’liq. Ayniqsa o’simlikning yosh a’zolarida va bargida bu ko’rsatkich to 90 % gacha borishi mumkin. Suv miqdori hujayra protoplazmasida – 80 %, shirasida – 98 %, po’stida 50 % gacha yetishi mumkin. Ayrim ho’l mevalarda juda ko’p: bodringda to 98 %, pomidorda – 94 %, tarvuzda – 92 %, kartoshkada – 77 % gacha bo’ladi.
O’simliklarning hayotiy jarayonida suv quyidagi vazifalarni bajaradi:
Biokimyoviy reaksiyalarning sodir bo’lishi uchun asosiy muhit bo’lib hisoblanadi.
Kimyoviy birikma bo’lganligi uchun muhim reaksiyalarda: gidroliz, sintez, oksidlanish va qaytarilish reaksiyalarida (fotosintez, nafas olish, mineral elementlarni o’zlashtirish va hokazolar) to’g’ridan – to’g’ri ishtirok etadi.
O’simliklarni kuchli issiqlik ta’siridan saqlaydi, ular haroratini pasaytiradi (transpirasiya).
O’simliklarning tuproqdan qabul qilgan mineral elementlari, uning tanasida hosil bo’lgan organik moddalarning harakati va qayta taqsimlanishi ham suv hisobiga sodir bo’ladi.
SUVNING SHIMILISHI VA HARAKATI.
Barcha quruqlikda yashovchi o’simliklarning tanasida to’xtovsiz suv almashinish jarayoni sodir bo’lib turadi. Bunday jarayonga o’simliklarning suv rejimi deyiladi va u uch bosqichdan iborat: 1) suvning ildiz tomonidan shimilishi, 2) o’simlik tanasi boylab harakati va taqsimlanishi, 3) barglar orqali bug’lanishi – transpirasiY. Bu bosqichlarning har biri bir qancha jarayonlarni o’z ichiga oladi.
O’simliklar suvga bo’lgan talabning juda oz qismini yer o’sti a’zolari (asosan barglari) orqali ta’minlaydilar. Bu asosan yog’ingarchilik va havo namligi yuqori bo’lgan davrlardagina yuz berishi mumkin. Normal o’sish va rivojlanishni ta’minlaydigan asosiy suv miqdori tuproqdan ildiz sistemasi orqali olinadi.
Tuproqdagi suv formalari. Tuproqdan suv olish uchun o’simlik ildiz hujayralarining so’rish kuchi tuproq eritmasining so’rish kuchidan birmuncha yuqori bo’lishi shart. Chunki tuproqda bunday so’rishga qarshilik qiluvchi kuchlar mavjudki, ular suvni ushlab turuvchi kuchlar deyiladi. Odatda, tuproq tarkibida suv toza emas, balki ma’lum konsentrasiyali eritma holida bo’ladi. Eritmaning konsentrasiyasi tuproqdagi suvda eruvchi tuzlar va boshqa moddalarning miqdoriga bog’liq.
Gravitasion suv – suv bilan to’ldirilgan va harakatchan yirikroq tuproq kapillyarlari. Bunday suv yaxshi o’zlashtiriladi.
Kapillyar suv – tuproqning torroq kapillyarlaridagi suv menisklarining yuzaki tortilishi natijasida ushlanib turadi va og’irlik kuchiga buysunib pastga tushmaydi, bu suvni ushlab turadigan kuch juda oz, Shuning uchun uni ildiz tukchalari bemalol suradi.
Pardasimon suv – bu suv tuproq donachalari sathida molekulyar tortuv kuchlari – adsorbsiya bilan ushlanib turadi, bu kuchlar ancha yuqori va parda yupqalashgani sari oshib boradi. Bunday suvlarni o’simliklar qiyinchilik bilan o’zlashtiradi.
Gigroskopik suv – bu suvni tuproq donachalari juda katta kuch (1000 atm. yaqin) bilan ushlab turadi va uni o’simliklar mutlaqo o’zlashtirolmaydi, bu tuproq donachalarining katta- kichikligiga qarab 0,5 % dan (yirik qumlarda) tortib to 14 % gacha (og’ir soz tuproqda) bo’lishi mumkin.
Imbibision suv – kimyoviy jihatdan birikkan bo’lib, tuproq ichida kolloid moddalar qancha ko’p bo’lsa u ham shuncha ko’p bo’ladi. Bunday suv ayniqsa torfli tuproqlarda ko’p va o’zlashtirilmaydi.
Umuman tuproqdagi suv formalari ikki gruppaga bo’linadi: 1) erkin suv – o’simlik tomonidan osonlik bilan o’zlashtiriladigan suv formalari (gravitasion, kapillyar va qisman pardasimon), 2) bog’langan, Ya’ni o’simliklar o’zlashtirolmaydigan suv shakllari (gigroskopik va imbibision). Tuproqdagi erkin o’zlashtiriladigan suv shakllari o’rtacha 0,5 mPa, qisman o’zlashtiriladigan suv shakllari 1,2 mPa va o’zlashtirilishi qiyin bo’lgan suv shakllari 0,25 – 3,0 ) mPa gacha bo’lgan kuch bilan ushlanib turadi.
ILDIZ SISTEMASI VA UNING SUVNI SO’RISHI.
O’simliklarning to’la suv bilan ta’minlanish jarayonida ildiz sistemasi asosiy rol oynaydi. Shuning uchun ham ildizning rivojlanish jadalligi morfologik va anatomik tuzilishlari tuproqdan suv va suvda erigan mineral elementlarni so’rishga moslashgan. Ildizning eng faol birlamchi tuzilishida bir qancha to’qimalarni ko’rish mumkin: ildiz qini, apikal meristema, rizoderma, birlamchi po’stloq, endoderma, perisikl va o’tkazuvchi to’qimalar.
Mevali daraxtlardan 5-7 ta shoxchasi bo’lgan olma daraxtida 50 mingdan ortiq ildiz hosil bo’ladi.
Ildiz hujayralarining suvni aktiv shimishi va siqib yuqoriga chiqarishi ildizlarda modda almashinuvi sababli roy beradi. Natijada ildiz sistemasi suvni tuproq bo’shlig’idan so’rib olib, ma’lum bir yo’nalishda tukchalardan to o’tkazuvchi naychalargacha harakatga keltiradi. Bu harakat ildiz tukchalari, ildizdagi po’stloqni hosil qiluvchi parenxima hujayralari, endoderma, perisikl markazi, parenxima va o’tkazuvchi naychalargacha davom etadi.
Anchayin faol xarakterga ega mazkur harakat mexanizmiga faqat asrimizning 80-chi yillaridagina aniqliklar kiritildi. Ildizning po’stloq to’qimasi hujayralari orqali suv harakati uch yo’l bilan sodir bo’lishi mumkin apoplast, simplast va transvakuolyar.
Do'stlaringiz bilan baham: |