3. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisoblash va tulash tartibi
Hisobot davri quyidagilardir:
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun to’lanadigan solig’ining umumiy summasi yilning bir choragida eng kam ish haqining ellik baravaridan ko’pni tashkil etadigan yuridik shaxslar (mikrofirmalar va kichik korxonalardan tashqari) uchun - bir oy;
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun to’lanadigan solig’ining umumiy summasi yilning bir choragida eng kam ish haqining ellik baravaridan kamni tashkil etadigan yuridik shaxslar, shuningdek mikrofirmalar va kichik korxonalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun - yil choragi;
- qishloq xo’jaligi korxonalari va yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari uchun - kalendar yil.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkalardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning hisob-kitobi suvdan foydalanish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga ortib boruvchi yakun bilan quyidagi muddatlarda taqdim etiladi:
1) suv resurslaridan foydalanganlik uchun to’lanadigan soliqning umumiy summasi yilning bir choragida eng kam ish haqining ellik baravaridan ko’pni tashkil etadigan yuridik shaxslar tomonidan (qishloq xo’jaligi korxonalari, mikrofirmalar va kichik korxonalar bundan mustasno) - har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunigacha;
2) suv resurslaridan foydalanganlik uchun to’lanadigan soliqning umumiy summasi yilning bir choragida eng kam ish haqining ellik baravaridan kamni tashkil etadigan yuridik shaxslar, shuningdek mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan - yilning har choragida, yilning hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha, yil yakunlari bo’yicha esa yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda;
3) yagona yer solig’ini to’lashga o’tmagan qishloq xo’jaligi korxonalari tomonidan - yilda bir marta hisobot davrining 15 dekabrigacha;
4) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan - yilning har choragida yilning hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lash to’g’risidagi to’lov xabarnomasi yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklariga davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobot davridan keyingi yilning 1 fevralidan kechiktirmay topshiriladi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lashni to’lovchilar tomonidan suvdan foydalanish joyida hisob-kitob taqdim etiladigan muddatdan kechiktirmay amalga oshiriladi, yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari bundan mustasnodir.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lash yiliga bir marta, soliq davridan keyingi yilning 1 mayigacha amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar joriy yilning 15 yanvarigacha suvdan foydalanish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lash to’g’risidagi yozma bildirishni belgilangan limitdan kelib chiqqan holda yoki suv yetkazib berish shartnomasiga muvofiq har oyda yoki yilning har choragida erkin shaklda taqdim etadilar, qishloq xo’jaligi korxonalari bundan mustasno.
Soliq to’lovchi tomonidan ortiqcha soliq summalari to’langan taqdirda, soliqlar, yig’imlarning boshqa turlari bo’yicha qarz mavjud bo’lmasa, ushbu summalar soliq to’lovchiga uning yozma arizasi bo’yicha o’ttiz kun ichida qaytariladi yoki bo’lg’usi to’lovlar hisobiga e‘tiborga olinadi.
Suv yer osti va yuzadagi manbalardan kelib tushadigan vodoprovod tarmog’idagi suvdan foydalanilganda soliq manbalar bo’yicha belgilangan stavkalardan kelib chiqib hisoblanadi. Shahar va tumanlarning davlat soliq xizmati organlari suv yetkazib beruvchi korxonalardan vodoprovod tarmog’iga yuzadagi va yer osti manbalaridan kelib tushadigan suv hajmlari nisbati to’g’risidagi ma‘lumotlarni olishlari va mazkur ma‘lumotlarni soliq to’lovchilarga yetkazishlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |