Ikkinchi guruhga nisbatan uzoq muddat davomida o‘zgarishi mumkin bo‘lgan omillar kiradi: ishlab chiqarish va texnologiyalarning rivojlanish darajasi, aholi daromadlari, oltin valuta zaxiralari hamda boshqa shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar kiradi.
Uchinchi guruhga nisbatan qisqa muddatlarda tartibga solinadigan va o‘zgaruvchan omillar kiradi: import hamda eksport miqyoslari, nomenklaturasi va yo‘nalishlari, sanoat hamda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining ixtisoslashuv darajasi, uning diversifikatsiyasi va h. k. 111
O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning asosiy tamoyili quyidagichadir: bosh islohotchi – bu davlat. Amalda bu shuni anglatadiki, iqtisodiyot davlat tomonidan tartibga solinadi, biroq shu bilan birga, asosan ichki zaxiralar hisobiga mustaqil industrial-agrar tizimni tashkil qilishga urg‘u beriladi. Bular, birinchi navbatda, – paxta, oltin, uran, neft va gazdir.
Islohotlar yo‘lida yagona maqsad sari harakat qilish tufayli respublikada makroiqtisodiyot va moliyaviy vaziyatni barqarorlashtirishga hamda ishlab chiqarishning minimal darajada pasayishiga erishildi. 1996 – yildan boshlab mamlakatda kapital qo‘yilmalarning o‘sishi bilan birga kuzatilgan iqtisodiy o‘sish qayd etildi. 1999 – yilda 1991– yilga nisbatan investitsiyalar hajmining o‘sishi O‘zbekistonda Qozog‘istondagi shunga o‘xshash ko‘rsatkichdan 6 barobar, Ukrainaga nisbatan – 4 barobar va Rossiyaga nisbatan – 3 barobar ortiqni tashkil qildi. 1999 – yilga kelib O‘zbekistonda YAIM hajmi 1990 yilga nisbatan atigi 5 foizga kamaydi, bir vaqtning o‘zida Ukrainada – 55-58 foizga, Qozog‘istonda – 34-37 foizga, Qirg‘izistonda – 29-32 foizga kamaydi.
U yoki bu mamlakat o‘z zaxiralariga qanchalik boy bo‘lmasin, zamonaviy sharoitda u o‘zini-o‘zi yakkalab qo‘ygan holda muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi. Hamma zamonlarda ham o‘z iqtisodiy (shuningdek, siyosiy) imkoniyatlarini kuchaytirishning klassik vositasi sifatida davlatlarning o‘z ittifoqlarini, shu jumladan, iqtisodiy ittifoqlarni ham tuzish hisoblanib kelgan edi. Ular tufayli ba’zi bir davlatlar boshqa davlatlarning kuchli jihatlari hisobiga o‘zlarining iqtisodiy kamchiliklari va zaifliklari o‘rnini qoplashlari hamda o‘z harakatlarini birlashtirib, siyosatda ham, iqtisodiyotda ham o‘zlari uchun qulay bo‘lgan kuchlar muvozanatini vujudga keltirishlari mumkin.
Nafaqat G‘arbning yetakchi mamlakatlari bilan, balki MDH doirasida ham iqtisodiy kuchlar va imkoniyatlar muvozanati bugungi kunda Hamdo‘stlik doirasidagi har bir alohida olingan mamlakat foydasiga emasligi shubhasiz. Fikrimizcha, bunda “o‘z kuchiga tayanish” kabi har qanday siyosat iqtisodiy samaradorlikda, demak, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda ham jiddiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Ma’lumki, iqtisodiyotda samaradorlik kuchning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikdan manfaatlarni taqsimlashdagi ustuvorlik bir vaqtda o‘z iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashdagi ustuvorlik sifatida baholanadi. 112
“Har kim o‘zi uchun o‘zi qayg‘uradi” tamoyili amal qiladigan tizimda ayni vaqtda, barcha subyektlar o‘z manfaatlarining bir qismidan voz kechish o‘zlari uchun foydali ekanini tushunsalar ham, hech kim u yoki bu subyektni tizimning manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan yuqori qo‘yishga majbur qila olmaydi. Sababi – ularning hech biri boshqalar uning ortidan borishlariga ishonmaydi. Bunga eng yaxshi misol – MDH va uning aksariyat a’zolarining unga bo‘lgan munosabatidir.
Bundan nazariyada “xavfsizlik dilemmasi” deb nomlanuvchi hodisa paydo bo‘ladi. Qisqa qilib aytganda, uning asosida o‘zaro ishonchsizlik va boshqalarning muvaffaqiyatlariga nisbatan g‘ayirlik muammosi yotadi. Xususan, u qurollanishning jadallashuvida namoyon bo‘lib, uning qatnashchilari salohiyatli raqibi ulardan ustun chiqishidan xavfsiraydilar, biroq ularning hammasi o‘zlarini bundan tiysalar, yutgan bo‘lardilar. Va ular bunda xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarda emas, balki aynan xavfsizlikning o‘zida yutgan bo‘lar edilar. Natijada, xavfsizlik ortidan quvish bilan bog‘liq cheksiz poyga yuzaga kelib, qatanashchilari o‘z xatti-harakatlari bilan bir-birlarini mazkur poygada doira bo‘ylab uzuksiz harakatlanishiga undaydilar. 113
Xavfsizlik dilemmasi xalqaro iqtisodiy aloqalar uchun ham xos bo‘lib, bunda u turli shakllarda namoyon bo‘ladi. U “iqtisodiy xudbinlik” yoki u yoki bu davlatning maksimal darajada o‘zini o‘zi qondiradigan hamda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik bilan izohlanadigan silkinishlar yoki tangliklardan xoli bo‘lish maqsadida o‘zida iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirish istagi ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Biroq jahon amaliyotidan ma’lum bo‘lishicha, bunday siyosat, asta-sekin davlat zaxiralarini quritadi va uning o‘z iqtisodiy xavfsizligiga zarar yetkazadi.
Aytib o‘tilganlardan tashqari, xavfsizlik dilemmasi ko‘p hollarda davlatlarning bojxona tariflari, eksport subsidiyalari va h. k. larning miqdorida ifodalangan raqobatchiligi proteksionizm shaklida uchraydi. Qat’iy proteksionistik choralarni amalga oshirishda vujudga kelishi muqarrar, bo‘lgan, davlat iqtisodiyotining ozmi-ko‘pmi darajada yakkalanib qolishi mamlakatning jahon resurslar aylanmasidan qisman chiqib ketishiga olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida, uning iqtisodiy o‘sish asoslariga, demak, iqtisodiy xavfsizligiga ham putur yetkazadi. Proteksionistik vositalarning jahon iqtisodiyotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri allaqachon davlatlarni iqtisodiyot sohasida iqtisodiy bojxona va boshqa urushlarga qarshi jamoaviy choralar ko‘rishga hamda ushbu maqsadda Jahon savdo tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti, MDH, YEOIH, ASEAN va shu kabi tegishli xalqaro tashkilotlarni yaratishga undadi.
Xavfsizlik dilemmasi o‘zining har xil shakllari va ko‘rinishlarida har bir davlatning xavfsizlik siyosati uchun, uning rahbariyati tomonidan anglanilganligidan qat’i nazar, muammo bo‘lib hisoblanadi. Buning to‘g‘riligini davlatlarning o‘zaro aloqalarga doir butun insoniyat tarixi, ayniqsa XX asrda, davlatlarning iqtisodiy aloqalari ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan vaqtdagi zamonaviy voqelik yaqqol isbotlaydi. Bunga eng yorqin misol – MDH faoliyatining ham siyosiy, ham iqtisodiy sohalardagi qisqagina tarixidir.
Hozirgi bosqichda Markaziy Osiyo mintaqasining yangi mustaqil davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash nuqtayi nazaridan, fikrimizcha, ikkita muhim vazifa o‘rtasidagi qarama-qarshilik alohida ahamiyatga egadir. Ulardan biri – jahon xo‘jaligiga integratsiyalashuv va ikkinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan, ichki jihatdan yaxlit, o‘zining shaxsiy milliy xo‘jaligini tashkil qilishdan iboratdir.
Bunda paydo bo‘ladigan ziddiyatning sababi – jahon xo‘jaligiga integratsiyalashuv bilan bog‘liq manfaatlar hamma vaqt ham milliy iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga mos bo‘lavermaydi. Ba’zi hollarda ular o‘zaro mutlaqo qarama-qarshi bo‘ladi. Mazkur ichki va tashqi integratsiyalashuv o‘rtasidagi, ichki hamda tashqi iqtisodiy liberallashuv o‘rtasidagi ziddiyat asosan xo‘jalik yuritishning ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini boshidan kechirayotgan mamlakatlar uchun xosdir.
Yuqorida qayd etilganidek, O‘zbekiston dengiz savdo yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydi, bu esa uning tashqi iqtisodiy faoliyati bilan bog‘liq salohiyatini jiddiy ravishda cheklaydi. Shu sababli, xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadida, tashqi havo aloqalarini yo‘lga solish bilan birga, transmilliy avtomobil hamda temir yo‘l magistrallarini, barpo etish, shuningdek, mamlakatning Hind hamda Tinch okeanlari, Qora va O‘rta Yer dengizlari, Fors ko‘rfazining eng yirik portlariga chiqishini ta’minlovchi quvurlarni qurishda qatnashish bugungi kunda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ushbu ma’noda, shuningdek, telekommunikatsiya aloqalarining rivojlantirilishi va kompyuter hamda yo‘ldosh (sputnik) aloqasi vositalaridan keng foydalanish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Yuqoridagilarni umumlashtirib qayd etish mumkinki, O‘zbekiston milliy xavfsizligini ta’minlash tizimidagi eng muhim vazifalardan biri – respublikaning ilg‘or mamlakatlaridan texnologik jihatdan ortda qolishini qisqartirish, istiqbolda esa – butunlay bartaraf etishdan iboratdir. Jahon amaliyotidan ma’lum bo‘lishicha, bunda nafaqat oddiygina tashqi savdo, balki iqtisodiy hamkorlikning ham bundan ko‘ra murakkabroq shakllari, jumladan, ishlab chiqarish kooperatsiyasi hamda kapital eksporti yetakchi rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |