Xavfsizlik muammosining geosiyosiy segmenti
Yuqorida qayd etilganlar, ko‘p jihatdan, mintaqaviy davlat sifatida O‘zbekistonga ham taalluqlidir. O‘zbekiston mintaqada eng ahamiyatli mamlakatlardan biri bo‘lib hisoblansa-da, uning jahon siyosatidagi o‘rnini Qo‘shma Shtatlar yoki Rossiyaning o‘rni va roli bilan qiyoslab bo‘lmaydi, albatta. Fikrimizcha, u o‘z xavfsizligini himoya qilishda ko‘proq ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni, shuningdek, o‘zining chegaralarini mustahkamlashga majburdir. Bundan quyidagi tamoyil kelib chiqadi: tashqi siyosatda biron-bir davlatlarning bevosita ta’sir ko‘rsatish doirasiga kirishga yo‘l qo‘ymaslik va, mafkuraviy qarashlaridan qat’i nazar, dunyoning barcha mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlarni mustaqil ravishda belgilash. 83 Binobarin, Konstitutsiyaga muvofiq, O‘zbekiston – o‘z tashqi siyosatini o‘z manfaatlaridan kelib chiqib belgilaydigan, xalqaro tashkilotlarga, kollektiv xavfsizlik tizimlariga va davlatlararo tuzilmalarga kirish huquqiga ega bo‘lgan mustaqil xalqaro munosabatlar subyektidir.
Albatta, ushbu huquqning amalga oshirilishi muayyan shart-sharoitlarga bog‘liq bo‘lib, ular, o‘z navbatida, tashqi siyosiy ustuvorliklar tizimini va, zarurat tug‘ilganida – ularning o‘zgartirilishini belgilab beradi. Birinchi bobda ko‘rsatilganidek, ustuvorliklar – bu davlat milliy manfaatlarining o‘zgaruvchan qismi bo‘lib, ular ichki va tashqi shart-sharoitlar va vaziyatlarning o‘zgarishiga qarab o‘zgaradi. Masalan, bir davlat, boshqa bir davlatlarning u yoki bu koalitsiyalariga kirishi mumkin, agarda mazkur holat muayyan paytda ana shu davlatning milliy manfaatlariga muvofiq kelib turgan bo‘lsa; sharoitlar o‘zgarganida davlat, o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib, ittifoqlar hamda koalitsiyalardan chiqish huquqiga egadir. Aynan shunda uning suvereniteti namoyon bo‘ladi.
Davlat xavfsizligini ta’minlash muammosi ko‘p jihatdan uning geosiyosiy maqeiga va, umuman, uning faoliyatini u yoki bu tarzda belgilab beradigan geosiyosiy omillar yig‘indisiga bog‘liqdir. Ushbu omillar juda kam o‘zgaruvchandir, shu sababli davlatning geosiyosiy mavqei bilan bog‘langan xavfsizlik jihatlari hammasidan ko‘ra mustahkam hisoblanadi. Shu munosabat bilan, aytish mumkinki, geosiyosiy omillar, o‘zining barqarorligidan qat’iy nazar, har doim nisbiydir va ular siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan uyg‘unlikda amal qiladi. Boshqacha qilib aytganda, mutlaqo qulay geosiyosiy omillar ham, mutlaqo noqulaylari ham yo‘q va bo‘lishi mumkin emas. Istalgan davlatning geosiyosiy mavqei har doim boshqa davlatning mavqei va ko‘rsatkichlariga nisbatan «yaxshiroq» yoki «yomonroq» bo‘lishi bilan birga, hamda o‘zining ijobiy va salbiy jihatlariga egadir. Shu sababli, siyosiy rahbariyatning vazifasi ularning har ikkalasidan ham o‘z o‘rnida to‘g‘ri foydalanishdan iboratdir, ya’ni ikkalasi ham milliy manfaatlar yo‘lida “ishlashi” kerak bo‘ladi.
Bugungi kunda geosiyosat birinchi o‘ringa chiqishi bejiz emas, chunki unga nisbatan qiziqish dunyodagi chuqur geosiyosiy o‘zgarishlar bilan izohlanadi. Bu borada O‘zbekiston ham istisno emas, bundan tashqari, u boshqa sobiq sovet respublikalari kabi, geosiyosiy o‘zgarishlarga bevosita aloqadordir. Umume’tirof etilishicha, geosiyosat xalqaro aloqalar tizimida davlatning rolini tahlil qilishning muhim instrumenti hisoblanadi va uni pisand qilmaslik davlat xavfsizligiga qarshi tahdidlarni baholashda jiddiy xatolarga olib kelishi mumkin.
Sovet Ittifoqining parchalanishi va kuchlarning ikki qutbli muvozanati buzilishi, yangi mustaqil davlatlarning katta guruhi tashkil qilinishi, shuningdek, Afg‘onistonda tolibonlar rejimi tor-mor qilinishi natijasida mintaqada vujudga kelgan yangicha vaziyat sababli global hamda regional darajalarda sodir bo‘lgan geosiyosiy o‘zgarishlarning xolisona va o‘z vaqtida berilgan bahosi, mintaganing barcha davlatlari uchun, jumladan, O‘zbekiston uchun ham, dolzarbdir.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonning zamonaviy geosiyosiy mavqeini va, avvalo, uning xavfsizlik muammosiga, bizning fikrimizcha, birmuncha ko‘proq ta’sir ko‘rsatadigan jihatlarini ko‘rib chiqaylik. Bu jihatlar quyidagilardir: makoniy-geografik, iqlimiy, tabiiy-zaxiraviy va demografik. Birinchi, makoniy-geografik jihatga transport-kommunikatsiya jihati yaqinroq bo‘lib, u ichki transport-kommunikatsiya tizimining ahvoli va jipsligini, shuningdek, tashqi transport kommunikatsiya aloqalarini, jumladan, ochiq dengizlarga chiqish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |