102
Hikoya ayol katmonchasi tasviridan boshlanadi. Unda upadon va lab bo‘yog‘ining yoniga
divan qo‘yib qo‘yilgan, divan ustida hikoya qahramoni bo‘lmish ayol yastanib yotibdi.
Bularning
barchasi yangi er Xannaga muhayyo qilgan farog‘atni o‘zida mujassamlantiradi. O‘zining
birinchi erini eslaganida Xanna «bosh suyagining ichi bo‘sh odamni ko‘radi. Tramvay
g‘ildiraklari uning yuzini bosib o‘tib basharasini qiyshaytirib yuborgan, ko‘r tramvaychi
karnaychasini qattiq
chalganida esa, devor qulab bolani bosib qoladi.
Ba’zan uning obrazlari asosida qoliplangan ramzlar yotadi. Bola qoni - joni bilan ota -
onasining mevasi. Shuning uchun ham Xanna o‘g‘li halok bo‘lishini oldindan sezib, tevarak
atrofga, yerga o‘z qoni sachraganini ko‘radi, uning eri Mahrus esa, oyog‘iga bir parcha o‘z
go‘shti yopishib qolganini his etadi. Shunday qilib, ko‘chada yuz bergan real voqea qandaydir
mistik qobiqqa o‘raladi, jahoniy adolatsizlik, «jahoniy yomonlik» zuhuri sifatida talqin etiladi.
Bu yomonlikning ildizi esa, harbi – yugurdak bolani pivoga yuborgan xo‘jayinlar bo‘lib chiqadi.
O‘zining bu birinchi eksperimental hikoyasida Rag‘ab dunyoni yomonlik timsoli sifatida
tasvirlar ekan, o‘zining fikrlarini didaktik usulda ochiqdan - ochiq izohlab ham boradi.
Uningcha, inson dunyoga singib ketgan bir gard xolos. U issiqlikka, shu’laga, iliq so‘zga qarab
intiladi, ammo hech qaerda ularni topa olmaydi, chunki u ham boshqa odamlar - gardlar kabi o‘z
hayotiy orbitasida aylanib yura beradi.
«To‘p va odamning kallasi» hikoyasida yozuvchi mavzuni to‘la - to‘kis shartli vositalar
bilan ifodalash usulini sinovdan o‘tkazadi. Unda futbol to‘pi manzarasini chizish orqali yozuvchi
«non va tomosha» ilinjida hayot kechiradigan olomon insoniy qadriyatlarni inkor qilishini
tasvirlaydi.
Hikoya qahramoni o‘quvchisi yo‘qligi tufayli kasodga uchragan gazetaning mayda
xizmatchisi tomoshabinlar e’tiborini o‘ziga qaratmoqchi bo‘ladi, ammo bundan foyda
chiqmaydi. U tomoshabinlar nigohida sevib ko‘rayotgan hangomalaridan chalg‘itgani tufayli
qahr va g‘azabni ko‘radi, xolos. Umidsizlikka tushgan qahramon ularga o‘z boshini futbol to‘pi
qilib tepishni taklif etadi, odamlarni uning kallasi futbol to‘pidan kam emasligi, diqqatga molik
ekanligiga ishontirmoqchi bo‘ladi. O‘zining haqligini isbotlash uchun u boshiga tushayotgan
butsa tepkilariga bardosh beradi, darz ketgan bosh chanog‘idan o‘qigan kitoblarining varaqlari
sochilib chiqayotganini ko‘rib dahshatga tushadi. Ammo berilgan bu qurbonlik ham foydasiz
bo‘lib chiqadi. Shunday bo‘lsa ham, qahramonning o‘taketgan befarqlikka qarshi o‘zini qurbon
qilishi bu hikoyani Rag‘ab ijodidagi eng yaxshi asarlar qatoriga qo‘yadi.
Aslida, faol qarshilik, o‘zini qurbon qilishga hozirlik Rag‘ab personajlariga xos xislat
emas. Adib qahramonlari isyonining chalakam-chattiligi, intilishlarining ziddiyatliligi, ayniqsa,
«M»ning zerikarli sarguzashtlari» hikoyasida yaqqol ko‘rinadi. Bu asar ma’lum ma’noda
biografik bo‘lsa ham, unda voqealar real faktlardan uzoqlashtirilgan, majoziy ma’no
bag‘ishlangan tarzda tasvirlanadi.
Hikoya qahramoni do‘kondor otasiga qarshi isyon qiladi. U ozod bo‘lishni, «boshi berk
ko‘chadan» tashqariga chiqishni istaydi. Otasini o‘ldirib «ular» oldiga, «S» nomli yozuvchi
huzuriga boradi, unga o‘zining «odamlarga yaxshi xizmat qilishi mumkin bo‘lgan so‘zamol
tilini» taklif qiladi. Ammo yozuvchi «S» faqatgina «M» o‘z bobosining boshini olib kelsa, uni
ishga olishga rozi bo‘ladi. «M» bunga jur’at etmaydi va boshqa «taniqli» yozuvchilar huzuriga
ish qidirib boradi. «G» ismli yozuvchi uning tilini qirqib qo‘yadi va «M» soqov bo‘lib qoladi.
U «atoqli»lar orasida o‘ziga nisbatan qiziqish va tushunishni ko‘rmaydi. «M»ga Gorkiy
shuhratini va’da qiladilar, «M»ning o‘zi ham Gorkiyga o‘xshashni istaydi, u bilan o‘zini qon-
qardosh sezadi. Ayni vaqtda u «e’tiborli»larni tan olmaydi. Shunday qilib, savdo do‘koni,
ko‘kragiga sanchilgan pichoq bilan ko‘milmay yotgan otasi jasadi qolgan o‘tmish va hamma
narsa mavhum bo‘lgan, u o‘zini yolg‘iz, boshi berk ko‘chaga kirgandek sezadigan hozir orasida
arosatda qoladi, talvasaga tushadi.
Rag‘ab asarlaridagi adabiy qahramonning hayotdagi muqobilini topish, 60 - yillardagi
Misr mayda burjua ziyolisining psixologik qiyofasini uning freydizm va ekzistensializmning
mashhur qoidalariga mos ravishda amalga oshirilgan nazariy va falsafiy talqinida ko‘rish
g‘oyatda mushkul. Shunday bo‘lsa ham, Rag‘ab, shubhasiz, yosh ziyolilar tafakkuridagi asosiy
103
ziddiyatni, ularning an’anaviy qadriyatlarga qarshi yo‘naltirilgan e’tirozining anarxistlarcha
noizchilligini va bu hol ularning «yetim» bo‘lib qolishdan, patriarxal o‘tmishdan keskin yuz
o‘girishdan qo‘rqqanlari oqibatida yuz berganini to‘g‘ri ilg‘ab olgan edi.
Anchagina vaqt o‘tgandan so‘ng chiqqan «Qaynab turgan choynakda yashovchilar»
(1979) nomli uchinchi hikoyalar to‘plamida ham Muhammad Hofiz Rag‘ab ilgari tanlagan
yo‘liga sodiq qoladi, g‘alati mavjudotlar yashaydigan fantastik, mantiqsiz dunyo manzaralarini
chizadi.
As-Said al-Varaqiyning fikricha, Rag‘ab taxayyullarining o‘tkirligi, o‘quvchi qalbida
o‘zining g‘alati qahramonlariga nisbatan xayrixohlik tuyg‘usini uyg‘ota olish iste’dodi, qanday
bo‘lmasin, o‘quvchiga muallif munosabatini ilg‘ab olish imkoniyatini qoldirishi nuqtai nazaridan
uning ijodi Ibrohim Aslan, Muhammad Ibrohim Mabruk, Muhammad as-Savi kabi sun’iylik va
uslubpardozlikka berilgan ko‘pchilik payravlaridan afzal ekanini ko‘rsatib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: