Ammo kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa, bas faqat jannatgina (unga) joy bo‘lur[492].
Sufiylarning amri shundan kelib chiqadi:
"Nafsingizni mujohada pichog‘i bilan kesib olib tashlang"[493].
Modomiki, nafs nazoratda ekan, qalb toza bo‘ladi hamda u tufayli yengil va tabiiy qadrqimmat orttiriladi.
Uning maqsadi najotdan boshqa narsa bo‘lmagani uchun mana shu muhim ahamiyatga ega bo‘lgan islom ilmi klassik islomning buyuk olamlari tomonidan izchil tushuntirib kelindi. Vahhobiylik, yoki sharqshunoslik mafkuralari ta'siriga tushib qolgan ko‘plab musulmonlar tasavvufni hamisha islomdan chetga boshlab ketuvchi oqim, klassik ulamolarning deyarli barchasini tasavvufga faol aralashgani ayni haqiqat, deb biladi.
Xurosonning dastlabki ulamolari Al-Hakim al-Nisaburiy, Ibn Furoq, Al-Qushayriy va AlBayhaqiy sufiy bo‘lishgan. Ular abbosiylar davri islomining akademik an'anasini davom ettirishdi. Imom Hujjat ul-islom al-G'azzoliy erishgan yutuqlar o‘sha davrning eng yuksak cho‘qqisi bo‘lgan edi. 300 dan oshiq kitoblar, shu jumladan, arab falsafasi va ismoiliylarni keskin inkor qiluvchi kitoblar, shofiiylar fiqhiga oid uchta katta darslik, mashhur "Usul ul-fiqh" risolasi, mantiqqa oid ikkita asar va bir nechta ilohiyotshunoslikka oid risolalar muallifi bo‘lgan G'azzoliy ortodoksal tasavvufga bag‘ishlangan "Ihya ulum ud-din" asarini yozib qoldirdi. Ushbu kitob haqida Navaviy bunday deb yozgan edi:
"Islom haqida yozilgan kitoblardan "Ihya..."dan boshqasi yo‘qolib ketgan taqdirda ham u barchasining o‘rnini bosishi mumkin"[494].
Imom Navaviyning o‘zi ikkita kitob yozgan edi. U kitoblarida tasavvufga burchli ekanini qayd etadi. Ulardan biri "Bo‘ston ul-orifin" ("Oriflarning bo‘stoni"), ikkinchisi esa "alMaqosid" dab ataladi (Bu kitob yaqinda ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Sunna Books, Evanston Il. Nuh Na Mim tarjimasi).
Tasavvuf molikiylar o‘rtasida ham mashhur bo‘lgan. As-Soviy, Ad-Dardir, Al-Laqqaniy va Abdulvahhob al-Bag‘dodiy - bularning barchasi sufiylik vakillari edi. Qohiralik molikiy huquqshunos Abdulvahhob ash-Sha'roniy tasavvufga quyidagicha ta'rif bergan: "Sufiylarning yo‘li Qur'on va sunnatda belgilab berilgan, u payg‘ambarlarning va (yuragi) tozalangan kishilarning axloqiga mos yashashga asoslanadi. Uni Qur'on, sunnat va ijmo aqidalarini aniq buzmaguncha qoralab bo‘lmaydi. U mana shu manbalarning birortasiga ham zid kelmasa, qoralash mumkin emas, faqat odamlarning boshqalar haqidagi past fikrini yoki nomaqbul manmanlikka berilishinigina qoralash lozim. Sufiylar tutgan yo‘ldan bexabar bo‘lgan kishidan boshqa hech kim ularning gapirgan gaplarini inkor etmaydi[495].
Hanbaliya tasavvufi haqida gap ketganda, har bir kishi Abdulloh Ansoriy, Abdulqodir ajJilaniy, Ibn aj-Javziy va Ibn Rajabday mo‘‘tabar zotlardan boshqa kishilarni izlab o‘tirmasa ham bo‘ladi.
Aslida, as-Suyutiy, Ibn Hojar al-Asqalaniy, al-Ayniy, Ibn Xaldun, Ibn Subkiy, Ibn Hojar al-Haytamiy, Baydaviy, as-Saviy, Abul Shu'id, al-Bag‘aviy va Ibn Kosir[496] kabi tafsirchilar; Taftazoniy, an-Nasafiy, ar-Roziy singari aqidanavislarning barchasi o‘rta asrlar islomining buyuk shaxslari bo‘lgan va tasavvufni qo‘llab asarlar yozgan. Darhaqiqat, ularning ko‘pchiligi sufiylikdan ilhomlanib, mustaqil asarlar ham yozgan. Ulamolarning islom tarixidagi buyuk sulolasi - bunga usmonlilar va mo‘g‘ullar ham kiradi - tasavvuf dunyoqarashidan ilhomlangan va uni islomiy ilmlarning markaziy va muhim ilmlaridan biri sifatida hurmat qilgan.
Islomning keyinchalik tasavvufni qonuniy deb tan olishiga sabab ushbu ilm tarmoqlarining dinimizni musulmon dunyosidan tashqarilarga ham yoyish tashabbusi bo‘ldi. Hindiston, qora tanlilar Afrikasi va Janubi-sharqiy Osiyoni, asosan, kezgindi sufiy muallimlar islomlashtirishgan. Xuddi shunga o‘xshash, jihod deb atalgan islom majburiyatini sufiylik jamiyatlari katta g‘ayrat bilan o‘z zimmasiga olgan. 19-asrning buyuk mujohidlari: Usmon dan Fodio (Hauzalend (Nigeriya)), as-Sanousiy (Liviya), abdulqodir al-Jazoiriy (Jazoir), Imom Shomil (Dog‘iston) va Padre qo‘zg‘oloni (Sumatra) yo‘lboshchilari tasavvufning faol amaliyotchilari bo‘lgan va u haqda mujodala paytida asarlar yozgan. Bu dunyoda, tasavvuf islomning sokin va jangari bo‘lmagan shaklidir, degan da'vodan bema'niroq narsaning o‘zi bo‘lmasa kerak.
Biz bu gaplarning barchasi bilan bir paradoksga qarshi turamiz. Agar tasavvuf butun tariximiz davomida musulmon intellektual va siyosiy hayotining bir qismi sifatida e'zozlanib kelgan bo‘lsa, nega bugungi kunga kelib, unga qarshi bo‘lgan ovozlar yangrab turibdi? Buning ikkita fundamental sababi bor.
Birinchidan, sharqshunos olimlarning keng tarqalgan ta'siri mavjud. Lui Massignon 1922 yili o‘zining Essai sur les origines de la lexique technique ("Texnik leksikaning manbalari haqida esse") asarini yozgunga qadar sharqshunos olimlar islomning "taqir va huquqiy" zaminidan tasavvufdan boshqa biror unumdor va serma'no narsa o‘sib chiqmas edi, degan fikrda edilar. Sharqshunoslarning musulmonlar tillariga tarjima qilingan asarlari musulmon modernistlariga qattiq ta'sir ko‘rsatdi. O'zining so‘nggi asarlarida ana shunday modernistga aylangan Muhammad Abduh islomdagi tasavvuf diskursining markazda turishi yoki hatto qonuniyligini shubha ostiga ola boshladi.
Ikkinchidan, vahhobiylik da'vo bilan chiqa boshladi. Bundan ikki yuz yilcha muqaddam Muhammad Abdulvahhob saudiyalik bir qabilaga qo‘shilib, qo‘shni qabilalarga hujum qilganida bu ishlarini mohiyatan islomning boshqa ko‘rinishi bo‘lgan yangi xorijiylik bayrog‘i ostida amalga oshira boshladi. Garchi u Ibn Taymiyani yordamga chorlagan bo‘lsa-da, hatto uning qarashlariga ham to‘la qo‘shilmas edi. Ibn Taymiyaning o‘ziga kelsak, garchi u ba'zi sufiy guruhlarning keskin qarashlarini tanqid qilsa-da, hukmron tasavvufning bir tarmog‘iga bo‘ysunar edi. Bu, masalan, uning hijriy 6-asrda Bag‘dodda yashagan ruhoniy Abdulqodir al-Jiloniyning asosiy asari bo‘lmish "Futuh al-g‘ayb"
("G'ayb narsalarning oshkor bo‘lishi")dagi ba'zi bir texnik nuqtalarga sharh sifatida yozilgan "Sharhi futuh al-g‘ayb" asarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ibn Taymiya butun asar davomida o‘zini Al-Jiloniyning sodiq shogirdi sifatida ko‘rsatadi va ustozini har doim shayxuna ("bizning ustozimiz") deb ataydi. Qodiriya tariqatining so‘nggi davri adabiyotida ibn Taymiyaning o‘sha tariqatga mansubligi tasdiqlanadi, adabiyotlarda u silsila, ya'ni qodiriya ta'limoti o‘tish zanjirining muhim bog‘lovchi bo‘g‘ini ekani qayd etiladi[497].
Ammo Ibn Abdulvahhob undan ancha uzoqlab ketadi. Markaziy Arabistondagi Najd sahrosida tug‘ilib, voyaga yetgan bu kishi hukmron islom ta'limotidan deyarli bebahra edi. Uning da'vosi paydo bo‘lgan va mash'um nom qozongan bir paytda ulamo va muftiylar bu da'voga Najdning mashhur hadisini tatbiq etishadi:
Ibn Umar Rasululloh (unga Allohning rahmati va salomi bo‘lsin) bunday deganini aytadi:
"Ey Parvardigor, bizni Shomimizda o‘z rahmatingga olgin; Ey Parvardigor, bizni Yamanimizda o‘z rahmatingga olgin". Uning huzuridagi kishilar: "Ey Allohning rasuli, bizni Najdimizda ham", dedilar. Biroq Ul zot: "Ey Parvardigor, bizni Shomimizda o‘z rahmatingga olgin; Ey Parvardigor, bizni Yamanimizda o‘z rahmatingga olgin", dedilar. Uning huzuridagi kishilar: "Ey Allohning rasuli, bizni Najdimizda ham", dedilar. Ibn Umar, Ul zot uchinchi marta nimani o‘ylaganini aytdilar, deydi: "Zilzila va fitna bor, u yerdan shaytonning shoxi o‘sib chiqadi!"[498]
Qizig‘i shundaki, islomiy zaminlar orasida Najddan yaxshi nom qozongan birorta ham olim yetishib chiqmagan.
Ammo Najddan yetishib chiqqan vahhobiylarning da'vosi Saudiya Arabistonida neft tufayli erishilgan farovonlikdan so‘ng tobora qattiqroq eshitila boshladi. Qohira va Bayrutdagi ko‘plab, hatto deyarli barcha nashriyotlarni vahhobiylik tashkilotlari mablag‘ bilan ta'minlab turadi. Shu tariqa ular tasavvuf haqidagi an'anaviy asarlarning chop etilishiga to‘sqinlik qiladi, boshqa asarlardan esa vahhobiylik aqidasiga to‘g‘ri kelmaydigan oyatlarni chiqarib tashlaydi.
Vahhobiylikning yangicha xorijiylik tabiati uni islomiy tafakkurning boshqa shakllariga nisbatan toqatsiz qilib qo‘ymoqda. Lekin uning o‘z izchil fiqhi bo‘lmagani (vahhobiylik ortodoksal mazhablarni inkor etadi) hamda faqat asosiy va jo‘n antropomorfik[499] aqidaga ega bo‘lgani uchun vahhobiylik tarafdorlari orasida suyuq, amyobasimon tez-tez bo‘linishlar tamoyili ko‘zga tashlanadi. Islomiy guruhlarni bundan buyon izchil mazhab, yoki ash'ariy (yoki moturidiy) aqida o‘z mohiyatiga ko‘ra birlashtira olmaydi. Ular buning o‘rniga Qur'on va sunnatdan o‘zlaricha shariat va aqida olishga intiladi. Oqibatda esa zamonaviy salafiylik sharoitini oyoqosti qiluvchi dahshatli bo‘linish va ziddiyatdan boshqa narsa qolmaydi.
Tariximizning tanglik yuzaga kelgan ushbu lahzalarida ummat uchun omon qolishning yagona real umidi bor. U ham bo‘lsa, murakkab klassik ijmo vositasida bir to‘xtamga kelingan "o‘rta yo‘l"ni qayta tiklashdir. U asrlar osha mashaqqatli munozara va ilmiy izlanishlar natijasida ishlab chiqilgan edi. Aynan shu ijmo birlashish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ammo u biz qalblarimizni poklasak va ularni qon-qardoshlik, hurmat, bag‘rikenglik va murosa singari islomiy qadriyatlar bilan to‘ldirsakkina qayta tiklanishi mumkin. Tasavvufning ichki islohotni amalga oshira bilish qobiliyati mahsuli bo‘lgan ushbu yangilanish islom harakati birligini qayta tiklash uchun mavjud bo‘lgan imkoniyatdir. Uning teskarisi esa qayta-qayta jazava bilan yo‘g‘rilgan mag‘lubiyatlarga olib borishi tayin.
Do'stlaringiz bilan baham: |